Xorijiy investitsiyalar hajmi ortmoqda
Andijon viloyatida xorijiy investitsiyalarni jalb etish hisobiga mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, texnik-texnologik jihatdan qayta jihozlash, yangi loyihalarni amalga oshirish borasida keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda.
Andijon viloyatida xorijiy investitsiyalarni jalb etish hisobiga mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, texnik-texnologik jihatdan qayta jihozlash, yangi loyihalarni amalga oshirish borasida keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda.
Viloyatda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni oʻzlashtirish boʻyicha investitsiya dasturi asosida 2018-yilda umumiy qiymati 56,9 million AQSH dollari miqdorida xorijiy investitsiya kiritilib, 45 ta istiqbolli loyiha amalga oshirilgan. Joriy 2019-yilda esa 118 ta loyihani amalga oshirish uchun 289,5 million AQSH dollari miqdorida investitsiya jalb etilishi koʻzda tutilgan.
Bugungi kunda mamlakatimizda qulay investitsiya muhiti shakllantirilgan boʻlib, xorijiy investorlar kapitali ishtirokida tashkil etilgan korxonalar uchun qator soliq imtiyozlari va preferensiyalar tizimi yaratilgan.
Yurtimiz soliq qonunchiligida toʻgʻridan-toʻgʻri jalb qilingan xorijiy investitsiyalar hajmi 300 mingdan 3 million AQSH dollargacha boʻlganda – 3 yil, 3 milliondan 10 million AQSH dollargacha boʻlganda – 5 yil, 10 million AQSH dollardan ortiq boʻlganda 7 yil muddatga soliq imtiyozlaridan foydalanish tartibi belgilangan.
– Toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya kiritgan korxonalar kiritilgan investitsiya hajmidan kelib chiqib, foyda, mulk, yagona soliq toʻlovi toʻlashdan ozod etilgan, – deydi Andijon viloyati davlat soliq boshqarmasi bosh mutaxassisi Husniddin Hojiakbarov. – Mazkur imtiyozlar tufayli olingan daromadning kamida 50 foizi korxonani qayta investitsiyalashga yoʻnaltirilishi ham mumkin.
Xorijiy investorlar uchun yaratilgan kafolatlar va afzalliklar tizimi ularning yurtimiz iqtisodiyoti rivojiga salmoqli hissa qoʻshishi, qolaversa, aholi bandligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Xorijiy investitsiya ishtirokidagi qator loyihalarning amalga oshirilishi natijasida birgina 2018-yilda 20 million AQSH dollariga yaqin miqdordagi mahsulot eksporti amalga oshirildi, shu bilan birga, 20,7 million AQSH dollari miqdorida import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniga ega quvvatlar ishga tushirildi. Jumladan, oʻtgan yili Andijon tumani Xortum qishlogʻida yiliga 10 million flakon insulin dori vositasi ishlab chiqarish quvvatiga ega zavod, Oltinkoʻl tumani Jalabek qishlogʻida yiliga 33 million juft tibbiy qoʻlqop ishlab chiqarish quvvatiga ega korxonaning ishga tushirilishi hisobiga mamlakatimizda asosan chetdan keltiriladigan ana shu vositalarga boʻlgan ehtiyoj toʻla qondirildi.
Andijon tumanida “Andijon Silk Ko” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan xitoylik investorlarning 2 million AQSH dollari miqdoridagi investitsiyasi oʻzlashtirilib, pillani qayta ishlash korxonasi tashkil etildi. Bundan tashqari, Izboskan tumanida loyiha qiymati 14,6 million AQSH dollari boʻlgan “Digital praym tekstil” kompleksi, Buloqboshi tumanidagi loyiha qiymati 817 ming AQSH dollari boʻlgan metan gaz baloni vositalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “UNG WOOLIM VALVE” masʼuliyati cheklangan jamiyati singari qator korxonalar ishga tushirildi.
– Joriy yilning oʻtgan 9 oyi davomida viloyatga 118 ta loyihani amalga oshirish uchun 233 million AQSH dollari miqdoridagi xorijiy investitsiya jalb etilgan boʻlsa, 1-oktyabrga qadar 10 ta loyiha doirasida qator korxonalar ishga tushirildi, – deydi viloyat investitsiya boshqarmasi boʻlim boshligʻi Shoyadbek Ergashev. – Qoʻrgʻontepa tumanidagi paxtani toʻla qayta ishlashga ixtisoslashgan “Xan teks group”, Oltinkoʻl tumanidagi ipakdan mato toʻqish bilan shugʻullanuvchi “RK Silk korporayshn”, Asaka tumanidagi metall buyumlarga lak-boʻyoq berish ishlarini yoʻlga qoʻygan “Asaka real lyuks”, Xoʻjaobod tumanidagi tayyor trikotaj buyumlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Oliy standart tekstil” masʼuliyati cheklangan jamiyatlari ana shunday korxonalar jumlasidandir.
Xorijiy investitsiyalar hisobiga amalga oshirilayotgan qator loyihalar asosida ishga tushirilishi belgilangan boshqa yangi quvvatlarni foydalanishga topshirish boʻyicha ishlar davom etmoqda.
Ayni paytda 2020-2022-yillarda viloyatga xorijiy investitsiyalar jalb etish boʻyicha dastur ishlab chiqilgan boʻlib, unga koʻra kelgusi 3 yil davomida 858,3 million AQSH dollari miqdorida xorijiy investitsiyalar jalb etish koʻzda tutilgan.
Xorijiy investitsiyani jalb etish borasida olib borilayotgan keng koʻlamli ishlar nafaqat viloyat, balki mamlakatimiz iqtisodiyoti, xalqimiz turmush farovonligining yuksalishiga xizmat qiladi.