Xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish mamlakat iqtisodiyoti rivojida muhim o‘rin tutadi. Bu borada 2025-yilda iqtisodiyotimizga jalb etilgan xorijiy investitsiyalar hajmi 43 mlrd. dollardan oshgan. Jami investitsiyalarning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi esa 31,9 foizni tashkil etmoqda.
Bu haqda parlament quyi palatasining Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishda aytib o‘tildi. Unda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining byudjetdan ajratilgan mablag‘lardan foydalanish hamda rivojlantirish dasturlari maqsadli indikatorlarining 2025-yildagi ijrosi to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi.
Vazirlik axborotiga ko‘ra, tadbirkorlik va savdoni qo‘llab-quvvatlash doirasida ularning xalqaro ko‘rgazmalar va yarmarkalarda ishtirok etishida moliyaviy yordam ko‘rsatish uchun 84,11 mlrd. so‘m ajratilgan. Milliy brendlar va mahsulotlarni xorijda targ‘ib qilish bo‘yicha esa “Made in Uzbekistan” dasturini amalga oshirishga 219,79 mlrd. so‘m yo‘naltirilgan.

Bu orqali mahalliy tadbirkorlar tomonidan xorijiy davlatlarda yuqori qiymatli shartnomalar tuzilishiga erishish, xorijiy davlatlarga eksport ko‘rsatkichining o‘sishi kabi ijobiy natijalarga erishilgan.
O‘tgan davrda ajratilgan mablag‘lar doirasida mahalliy tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni jahon bozoriga eksport qilishda ko‘maklashish, mahalliy eksport qiluvchi tashkilotlarning savdo uylarini ochish va saqlash, ofis, savdo va ombor binolarini ijaraga olish, sanoat korxonalariga xorijdan malakali mutaxassislarni jalb etish bo‘yicha zarur moliyaviy yordam ko‘rsatilgan.
Muhokamalar davomida maqsadli indikatorlarni ijro etishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ham aytib o‘tildi va joriy yilda yanada samarali faoliyat olib borish borasida taklif va tavsiyalar berildi.
M.Komilova, O‘zA