Sirdaryo viloyatida xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, yangi sanoat quvvatlarini ishga tushirish hamda eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan izchil islohotlar o‘z samarasini bermoqda. Jumladan, Sirdaryo tumanida joriy yilda 71,7 million AQSH dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar o‘zlashtirilishi rejalashtirilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu investitsiyalarning 50,2 million dollari Xitoy Xalq Respublikasi, 8,5 million dollari Ukraina va 13 million dollari Polsha hissasiga to‘g‘ri keladi. Loyihalar sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalarida amalga oshiriladi va mahalliy xomashyodan yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni nazarda tutadi.

So‘nggi yillarda tumanda Xitoy, Turkiya, Koreya Respublikasi, Rossiya va Yevropa mamlakatlari sarmoyadorlari ishtirokida qator qo‘shma korxonalar tashkil etildi. Ular tomonidan keramik plitalar, santexnika mahsulotlari, charm va charm mahsulotlari, qurilish materiallari, plastik quvur tizimlari, kafel yelimlari hamda boshqa sanoat tovarlari ishlab chiqarilmoqda. Aholining ko‘pchilik qismi doimiy ish bilan ta’minlandi.

– Sirdaryo tumani geografik joylashuvi, transport logistikasiga yaqinligi va mehnat resurslarining yetarliligi bilan investorlar uchun jozibador hudud hisoblanadi, – deydi Sirdaryo tumani hokimligi investitsiya, sanoat va savdo bo‘limi bosh mutaxassisi Abduxoliq Abdurahmonov. – Chunki xorijiy investitsiya ishtirokida tashkil etilgan korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar nafaqat ichki bozor ehtiyojini qondiryapti, balki eksport hajmini oshirishga ham xizmat qilmoqda. Eng muhimi, bunday loyihalar orqali yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda va aholi bandligi ta’minlanmoqda.

Qayd etilishicha, tumanda eksport yo‘nalishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xorijiy investitsiya korxonalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni tashqi bozorlarga olib chiqish, eksport geografiyasini kengaytirish hamda import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ulushini oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, mahalliylashtirish darajasini oshirish, mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va yangi istiqbolli loyihalarni ishga tushirish orqali kelgusi yillarda Sirdaryo tumanining eksport salohiyatini yanada oshirish rejalashtirilgan.

Mutaxassislar fikricha, xorijiy investitsiyalar ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalar hudud sanoat salohiyatini mustahkamlash, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi daromadlarini oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
So‘nggi yillarda tumanda Xitoy, Turkiya, Koreya Respublikasi, Rossiya hamda Yevropa mamlakatlari sarmoyadorlari ishtirokida tashkil etilgan qator qo‘shma korxonalar hudud sanoat salohiyatini oshirish, mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash va aholi bandligini ta’minlashda alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Shular orasida “Peng-Sheng” O‘zbekiston–Xitoy qo‘shma korxonasi faoliyati alohida e’tiborga molik. Korxonada keramik plitalar, santexnika jihozlari, charm mahsulotlari va boshqa sanoat tovarlari ishlab chiqarilmoqda. Mazkur ishlab chiqarish majmuasida 2 000 nafarga yaqin fuqaro doimiy ish bilan ta’minlangan bo‘lib, bu tuman aholisi, ayniqsa yoshlar bandligini ta’minlashda muhim omil hisoblanadi.
– Loyihalarni samarali amalga oshirishda davlat tomonidan yaratilayotgan qulay investitsion muhit hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Korxonamizda zamonaviy texnologiyalar joriy etilgan bo‘lib, ishlab chiqarish hajmini bosqichma-bosqich oshirish imkoniyati mavjud. Asosiy maqsadimiz — raqobatbardosh, eksportbop mahsulot ishlab chiqarish orqali ichki bozor ehtiyojini qondirish va tashqi bozorlarga chiqish. Shu bilan birga, mahalliy aholi, ayniqsa yoshlar uchun barqaror ish o‘rinlari yaratishga alohida e’tibor qaratyapmiz, – dedi Qo‘shma korxona bosh menejeri G‘ofurjon Ahmedov.
Shuningdek, “Peng-Sheng” qo‘shma korxonasi asosida charm xomashyosini qayta ishlash va undan jelatin ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yangi ishlab chiqarish quvvati ham ishga tushirildi. Zamonaviy texnologiyalar asosida barpo etilgan mazkur korxona yiliga 90 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lib, ichki bozor ehtiyojini qondirish va eksport yo‘nalishini kengaytirishni ko‘zda tutadi.
Bundan tashqari, viloyatda plastik quvur tizimlari, qurilish materiallari, kafel yelimlari va eksportbop santexnika mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha ham yangi quvvatlar faoliyat boshladi. Ushbu mahsulotlar ichki bozorda import o‘rnini bosish bilan birga, kelgusida tashqi bozorlarga chiqarish hajmini oshirishga xizmat qiladi.
Xorijiy investitsiya loyihalarining izchil amalga oshirilishi natijasida hududda yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda, mahalliylashtirish darajasi ortib bormoqda va Sirdaryo viloyatining sanoat salohiyati mustahkamlanmoqda. Bu esa aholi bandligini ta’minlash, daromad manbalarini kengaytirish va iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri