Sirdaryo viloyatining Guliston tumani iqtisodiyotida so‘nggi yillarda xorijiy investitsiyalarni jalb etish, eksport salohiyatini oshirish va hududiy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu orqali tumanning iqtisodiy quvvati mustahkamlanib, aholi bandligi va turmush darajasi yuksalmoqda.
Joriy yilning yanvar–sentyabr oylarida tumandagi korxonalar tomonidan umumiy qiymati 21,6 million dollarlik mahsulotlar eksport qilindi. Bu belgilangan prognozga nisbatan 237 foizni tashkil etib, eksport hajmi ikki barobar oshdi. Shu jumladan, sanoat mahsulotlari eksporti 16,9 million dollar, meva-sabzavot mahsulotlari eksporti esa 4,7 million dollarni tashkil etdi.

Tashqi bozorga mahsulot yetkazib beruvchi yetakchi korxonalar orasida “Yangiyo‘l Omuxta Yem Eksport” MCHJ 12,3 million dollarlik bug‘doy uni, “Mili Teks Sirdaryo” MCHJ 4,6 million dollarlik ip-kalava, “Roma Trade” MCHJ 2,3 million dollarlik va “Guliston Sayqal Textile” MCHJ 0,5 million dollarlik loviya mahsulotlari eksport qilib, tuman iqtisodiyotiga salmoqli hissa qo‘shdi.
Investitsiya sohasida ham ijobiy natijalar qayd etilmoqda. 2025 yil uchun belgilangan 21,8 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kafolatlanmagan kreditlar rejasining asosiy qismi yilning dastlabki to‘qqiz oyidayoq o‘zlashtirildi. Amalda 21,9 million dollar sarmoya o‘zlashtirilib, reja 134,3 foizga bajarildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 19 foizga yuqori.

Xorijiy sarmoyalar asosan sanoat va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlariga yo‘naltirilgan bo‘lib, bu sohalarda qator yirik va innovatsion loyihalar amalga oshirilmoqda.
Masalan, “Mili Teks Sirdaryo” MCHJ tomonidan sun’iy tolali ip-kalava ishlab chiqarish bo‘yicha 3,1 million dollarlik loyiha amalga oshirildi. Loyiha doirasida zamonaviy texnologik liniyalar o‘rnatilib, mahalliy xomashyo asosida eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Bu nafaqat ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish, balki tumanning eksport salohiyatini oshirishga ham xizmat qilmoqda.
Shuningdek, “Guliston Sayqal Textile” MCHJ tomonidan 7,3 million dollarlik to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilib, bu yo‘nalishda bir qator yangi ish o‘rinlari yaratildi. Korxona faoliyati natijasida ichki bozorni import o‘rnini bosuvchi mahsulot bilan ta’minlash imkoniyati ham yaratildi.

Qishloq xo‘jaligi sohasida ham xorijiy sarmoyalar hisobiga qator yirik ishlab chiqarish maydonlari barpo etilmoqda. Xususan, “Chinorlar Siri” MCHJ 3 million dollarlik chorvachilikni rivojlantirish loyihasi doirasida zamonaviy molxona va ozuqa tayyorlash kompleksini ishga tushirdi. Bu korxona nafaqat mahalliy bozorni sifatli go‘sht va sut mahsulotlari bilan ta’minlamoqda, balki qishloq joylarda aholi bandligini ta’minlashga ham hissa qo‘shmoqda.
Shu bilan birga, “Gulistan Chicken Stews” MCHJ tomonidan 5 million dollarlik parrandachilik majmuasi barpo etildi. Korxona faoliyati to‘liq siklli ishlab chiqarish tizimiga asoslangan bo‘lib, unda parranda boqish, go‘shtni qayta ishlash va qadoqlash jarayonlari zamonaviy xalqaro standartlar asosida tashkil etilgan.

Ushbu loyihalarning amalga oshirilishi tuman iqtisodiyotida yangi ishlab chiqarish madaniyatini shakllantirmoqda. Eng muhimi, xorijiy sarmoyadorlar bilan bunday hamkorlik mahalliy ishbilarmonlar uchun tajriba almashish, yangi bozorlarga chiqish va ilg‘or boshqaruv usullarini o‘rganish imkoniyatini yaratmoqda.
– So‘nggi yillarda tumanimizda xorijiy sarmoyadorlar uchun qulay muhit yaratishga katta e’tibor qaratilmoqda, – deydi Guliston tumani hokimining o‘rinbosari – investitsiya, sanoat va savdo shu’basi boshlig‘i Odiljon Jumabekov. – Infratuzilmani yaxshilash, yer maydonlari va muhandislik kommunikatsiyalari bilan ta’minlash, shuningdek, ma’muriy jarayonlarni soddalashtirish orqali sarmoyadorlar ishonchini qozondik. Bu esa xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalar soni ortishiga zamin yaratdi. Masalan, joriy yilning o‘zida tumanga bir nechta yirik qo‘shma loyihalar kirib keldi. Ular nafaqat iqtisodiy samara, balki aholi bandligini ta’minlash, yangi texnologiyalarni joriy etish va eksport salohiyatini oshirish nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Hududiy investitsiya loyihalari bo‘yicha ham aniq natijalar qayd etilgan. 2025 yilda umumiy qiymati 31,8 million dollar bo‘lgan 44 ta loyihani amalga oshirish hamda 1 043 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Joriy yilning yanvar–sentyabr oylarida qiymati 3,5 million dollarlik 20 ta loyiha amalga oshirilib, 229 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Bu loyihalar asosan kichik sanoat zonalari, oziq-ovqatni qayta ishlash va xizmat ko‘rsatish sohalarida amalga oshirilmoqda. Yangi ishlab chiqarish quvvatlarining faoliyatga kirishishi mahalliy bozorda raqobatni kuchaytirib, eksport geografiyasini kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Odiljon Jumabekov ta’kidlaganidek, tumanda investitsiya muhitini yanada yaxshilash bo‘yicha izchil islohotlar davom etmoqda:
– Biz har bir sarmoyadorni ishonchli hamkor sifatida ko‘ramiz. Ularga nafaqat ma’muriy yordam, balki huquqiy va amaliy ko‘mak ham ko‘rsatilyapti. Har bir yangi loyiha — bu iqtisodiyotimizning yangi bosqichi, yangi ish o‘rinlari va aholi turmush darajasining oshishi demakdir.
Bugungi kunda Guliston tumanida xorijiy sarmoya ishtirokidagi korxonalar soni ortib borayotgani, ishlab chiqarishning turli yo‘nalishlarida zamonaviy texnologiyalar tatbiq etilayotgani hududning iqtisodiy rivojiga yangi sur’at bermoqda.
Tumanning investitsiya siyosatidagi izchillik, tadbirkorlik muhitining ochiqligi va amaliy yordam tizimining samaradorligi — Gulistonning iqtisodiy jozibadorligini yanada oshirmoqda.
Har bir kirib kelayotgan sarmoya, ishga tushayotgan korxona va amalga oshirilayotgan loyiha — bu nafaqat iqtisodiy ko‘rsatkich, balki tumanning kelajagiga bo‘lgan ishonch va aholi farovonligiga qo‘shilayotgan hissadir.
G‘ulom Primov, O‘zA