Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xorijiy ekspert: O‘zbekistonda faol ishbilarmonlik muhiti yaratilgan
17:32 / 2022-04-26

Poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz”da “Innoprom. Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat ko‘rgazmasi qizg‘in davom etmoqda. Majmua xorijlik va mahalliy ishlab chiqaruvchi korxona vakillari bilan gavjum. O‘zA muxbiri tadbir ishtirokchilari bilan suhbatlashdi.

Malika Yorboboyeva, Tojikiston Respublikasi sanoat va yangi texnologiyalar vazirligi bo‘lim boshlig‘i:

- Ko‘rgazmada Tojikistonning to‘qimachilik mahsulotlari bilan ishtirok etyapmiz. Milliy liboslar, maxsus kiyim kechak va innovatsion ishlanmalarimizga ko‘pchilik qiziqish bildiryapti. Bu yerda nafaqat, o‘zbekistonlik hamkasblar, balki MDH davlatlari ishbilarmon doira vakillari bilan ham tanishish, tajriba va fikr almashish imkoniga ega bo‘ldik. Anjuman yuqori saviyada tashkil etilganini, hamma uchun juda qulay sharoitlar yaratilganini alohida qayd etish zarur.

Ko‘rgazma MDH mamlakatlari o‘rtasida savdo aloqalarini mustahkamlashda, biznes hamkorlarni ko‘paytirish orqali tovar ayriboshlash salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.

Sardor Rasulov, Rossiyaning “Trekmark” kompaniyasining O‘zbekistondagi filiali bosh direktori:

- Kompaniyamiz mahsulotlarni markirovkalash tizimi ustida ish olib boradi. “CRPT Turon” MCHJ “Asl Belgisi” mahsulotlarni markirovkalash va kuzatib borish monitoringi milliy axborot tizimi operatori hisoblanadi. Bu loyiha iste’molchilarga sifatli mahsulot sotib olishda jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, noqonuniy mahsulotni aniqlash va iste’molchi huquqini himoya qilishda yordam beradi. Tizim bozorlarda qalbaki mahsulotlarni kamaytirish, mehnat unumdorligini oshirish, soliq va bojxona to‘lovini samarali tashkil etish, tovar bozorlari ustidan nazoratni ta’minlash uchun byudjet mablag‘ini tejashda qo‘l keladi.

Ko‘rgazma doirasida mahalliy va xorijiy kichik biznes vakillari bilan muloqot qildik. Tadbirkor o‘zi ishlab chiqarayotgan mahsulotni markirovkalash tizimi orqali sotuvga chiqarsa, sifat ham yuqori bo‘ladi. Natijada eksport imkoniyati kengayadi. O‘zbekiston bozoriga kirib kelganimizga bir yildan oshdi. Hozir rivojlangan mamlakatlarda hamma mahsulot markirovka qilinadi. O‘zbekistonda ham shu tizim keng joriy etilmoqda.

Farrux Yoqubjonov, “O‘zcharmsanoat” uyushmasi bo‘lim boshlig‘i:

- Ushbu xalqaro sanoat ko‘rgazmasida ikkinchi marta ishtirok etyapmiz. Avvalgisi bilan solishtirilsa, ko‘rgazma geografiyasi kengaygani yaqqol seziladi. Qolaversa, bu yil ko‘proq investitsiya jozibadorligini namoyish etishga alohida e’tibor qaratilgan. Biz ham ishtirokchi va hamkorlarga uyushmamiz faoliyatiga oid investitsion takliflar, loyihalar haqida batafsil ma’lumot beryapmiz. Pavilonimizda erkaklar, ayollar va bolalar uchun, shuningdek maxsus poyabzallar keng assortimentda namoyish etilgan. Tojikiston, Belarus, Rossiya, Qozog‘iston davlatlaridan kelgan ishbilarmonlar mahsulotlarimizga jiddiy qiziqish bildirishdi. Hamkorlar bilan kelajakda mahsulotni eksport qilish va birgalikda qo‘shma korxonalar ochish bo‘yicha fikr almashdik.

Bu kabi tadbirlar o‘z samarasini beradi, albatta. Masalan, o‘tgan yilgi ko‘rgazmadan so‘ng Rossiyaning mashhur “Bars” poyabzal ishlab chiqaruvchi kompaniyasi bilan hamkorlikda qo‘shma korxona tashkil etildi. Ayni payt Rossiya va MDH davlatlariga maxsus poyabzal va poyabzal ustki qismlari eksport qilinmoqda.

Dmitriy Korniyenko, Rossiyaning “Terminal Technologies Group” kompaniyasi marketing direktori:

- Kompaniyamiz O‘zbekiston bilan yaxshi hamkorlik qilib keladi. Ishlab chiqarayotgan validatorlarimiz bugungi kunda o‘zbek xalqiga ham xizmat qilayotganidan mamnunmiz. Ushbu validatorlar Toshkentdagi jamoat transporti - avtobus va metroda o‘rnatilgan. Moslamadan nafaqat Toshkentda, balki dunyoning ko‘plab yirik shaharlarida foydalaniladi. Qurilmamiz Bolgariya, Hindiston, Chexiya kabi qator davlatlarga yetib borgan. Mahsulot sifatli va hamyonbopligi bilan ajralib turadi.

Kompaniyamiz yetti yildan buyon faoliyat yuritadi. Hozir O‘zbekistonda hamkorlarimiz ko‘p. Faol ishbilarmonlik muhiti yaratilgan mamlakatingiz bilan bundan keyin ham samarali ish olib boramiz, degan umiddaman. Yurtingizda to‘lovni inson omilisiz, plastik karta orqali amalga oshirish, barcha sohalarni raqamlashtirish borasida yaxshi natijalarga erishilmoqda. Ko‘rgazmaga tashrif buyurgan kichik va o‘rta biznes vakillari, tadbirkorlik sub’ektlari va bank xodimlari o‘z tarmog‘ida validator moslamasini o‘rnatish istagini bildiryapti.
Qolaversa, bu moslamani avtomobillarga yoqilg‘i quyish va texnika vositalarini yuvish shoxobchalarida o‘rnatish orqali aholiga to‘lov tizimini qulaylashtirish mumkin.

Validatorlarni nafaqat poytaxtda, balki viloyat, tuman markazlaridagi jamoat transportida ham joriy etish aholi uchun yaxshigina qulaylik yaratadi.

O‘zA muxbiri Go‘zal Sattorova yozib oldi.