Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xorijiy davlatlarda oziq-ovqat zaxiralarini boshqarish qanday tartibda amalga oshiriladi?
19:15 / 2023-05-29

Davlat oziq-ovqat zaxiralarini boshqarish bo‘yicha xorij tajribasini o‘rganish maqsadga muvofiqdir. Yaqinda Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari aynan shu mavzuda tahlilni ma’lum qildi.

Unda qayd etilishicha, ko‘pgina rivojlangan davlatlar, shu jumladan, AQSH, Xitoy, Yevropa Ittifoqiga a’zo mamlakatlar va boshqalar don va oziq-ovqat zaxiralarini g‘amlaydi. Biroq zaxiraga olish standartlari turlicha. Shveysariya va AQSH kabi ba’zi mamlakatlarda g‘amlangan oziq-ovqat zaxiralari 5 yil davomida zarur miqdordagi oziq-ovqat taqsimotini ta’minlash uchun yetarli.

MHTI loyiha rahbari Darya Ilinaning so‘zlariga ko‘ra, har bir mamlakatda oziq-ovqat zaxiralarini boshqarish uchun ixtisoslashgan tashkilotlar tashkil etilgan.  

–Masalan, Hindistonda bu masala bilan Hindiston oziq-ovqat korporatsiyasi, Xitoyda XXR Taraqqiyot va islohotlar milliy komissiyasi huzuridagi Oziq-ovqat va moddiy resurslar davlat boshqarmasi, Rossiyada Davlat zaxiralari bo‘yicha federal agentlik, Qozog‘istonda “Oziq-ovqat korporatsiyasi MK” AJ, Moldovada Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Moddiy zaxiralar agentligi shug‘ullanadi. Mamlakatlarda markazlashtirilgan fondlardan tashqari hududiy barqarorlashtirish fondlari ham faoliyat yuritadi. Ular oziq-ovqat xavfsizligini hududlar, respublika ahamiyatiga molik shaharlar, poytaxtlar darajasida ta’minlash, shuningdek, narxlarni barqarorlashtirish mexanizmlarini samarali va o‘z vaqtida qo‘llash uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish bilan bog‘liq vazifalarni bajaradi, –dedi D.Ilina.  

Narxlarning jiddiy tebranishini bartaraf etishning samarali vositalaridan biri intervension xaridlardir. Bu usul 2013 yildan beri Yevropa Ittifoqida faol qo‘llanilmoqda.  

–Yevropa Ittifoqida oziq-ovqat xavfsizligi ham integratsiya fondi hisobidan ta’minlanadi, –dedi MHTI katta ilmiy xodimi Aleksey Kim. – Uning kattagina qismi sut mahsulotlari, don, shakar bozorini barqarorlashtirish, shuningdek, belgilangan yagona narxlarni saqlash uchun ajratiladi. Shunday qilib, har bir mamlakatda oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq davlat zaxiralarini boshqarish uchun mas’ul tegishli organlar tashkil etilgan. Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida davlat zaxirasi uchun davlat xaridlari amalga oshiriladi. U oziq-ovqat xavfsizligini, oziq-ovqat bozorida talab va taklif muvozanatini ta’minlash,  qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarini qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulotlar narxini bilvosita tartibga solish vazifalarini bajarish mas’uliyatini oladi.

N. Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA.