French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xorijiy davlatlarda 231 ming 776 nafar vatandoshimiz saylovda qatnashishi kutilmoqda
14:47 / 2023-07-09

Avval xabar berilganidek, Markaziy saylov komissiyasi Matbuot markazida vazirlik va tashkilotlar vakillari ishtirokida brifinglar o‘tkazilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari B.A’loyev ishtirokida brifing o‘tkazilib, unda xorijiy davlatlardagi vatandoshlarimizning ushbu jarayondagi ishtirokini ta’minlash borasidagi ishlar xususida ma’lumotlar berildi.

Qayd etilganidek, O‘zbekistonning 39 ta xorijiy davlatlardagi elchixona va bosh konsulxonalari huzurida 56 ta saylov uchastkalari tashkil etildi. Chet eldagi fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida ularni saylovchilar ro‘yxatiga kiritish uchun maxsus elektron xizmat joriy qilindi.  

[gallery-12706]

Shuningdek, Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi “Dunyo” axborot agentligi tomonidan xorijiy davlatlarda tashkillashtirilgan saylov uchastkalari manzillari ko‘rsatilgan interaktiv xarita ishlab chiqilib, Agentlik veb-saytida e’lon qilindi. Shu kunga qadar mazkur interaktiv xaritadan xorijda bo‘lib turgan 165 mingdan ortiq vatandoshimiz foydalandi.  

Xorijdagi saylov uchastkalarida joriy yilning 28 iyun – 5 iyul kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida muddatidan oldin ovoz berish o‘tkazildi. Ushbu jarayonda O‘zbekiston fuqarolari zich joylashgan 45 ta xorijiy davlatlarda, jumladan, diplomatik vakolatxonalarimiz mavjud bo‘lmagan shaharlarda qo‘shimcha ravishda jami 906 ta ko‘chma ovoz berish nuqtalari tashkil etildi. Muddatidan oldin ovoz berish jarayonida 180 ming 729 nafar fuqarolarimiz o‘z konstitutsion huquqlaridan foydalandi.  

Brifingda qayd etilganidek, xorijdagi diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalar tomonidan ushbu muhim siyosiy tadbir to‘g‘risida chet eldagi fuqarolarimizning hamda mahalliy aholining xabardorligini oshirish maqsadida vatandoshlar, xorijiy ommaviy axborot vositalari, chet el rasmiylari va ekspertlari ishtirokida 650 dan ortiq targ‘ibot-tashviqot ishlari, brifing, davra suhbatlari va uchrashuvlar tashkil qilindi. Ularda 82 mingdan ziyod ishtirokchilar qatnashdi.  

Bundan tashqari, xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarini saylovga keng jalb qilish maqsadida vatandoshlar va diasporal tashkilotlarning ijtimoiy tarmoqlari orqali saylovga oid 1 ming 300 dan ortiq ma’lumotlar tarqatildi.  

Ta’kidlash joizki, xorijda o‘tkazilayotgan saylovda umumiy hisobda 231 ming 776 nafar saylovchi qatnashishi kutilmoqda.  

Muhtarama Komilova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA