Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xorijiy davlatlar jinoyat qonunchiligida jinoyatlarni tasniflash me’zonlari qanday?
10:42 / 2021-06-23

Ijtimoiy xavflilik darajasi va xususiyati jinoyatlarni tasniflash asosi bo‘libgina qolmasdan, balki qilmishni jinoyat sifatida baholovchi belgi ham hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2014 yil 23 maydagi 7-sonli “Sud hukmi to‘g‘risida”gi qarorining 28-band 2-xatboshida sudlar jazo tayinlashda, sodir etilgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini va xususiyatini, sodir etilgan qilmishning sabablarini, keltirilgan zararning miqdori va xususiyati, aybdorning shaxsi, uning javobgarligini yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi holatlarni hisobga olishlari kerakligi belgilagan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti” to‘g‘risidagi 2006 yil 3 fevraldagi qarorining 3-bandida Jinoyat kodeksining 8, 54-moddalari mazmuniga ko‘ra, jazo adolatli bo‘lishi – har bir holatda individual tayinlanishi, jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasiga, aybdorning shaxsiga, shuningdek jazoni yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi holatlarga muvofiq bo‘lishi kerakligi qayd etilgan.

Shuningdek, jinoyatlarni ijtimoiy xavflilik xususiyati va darajasini amaliyotda farqlashda bir qator savollar tug‘ilishi tabiiy. Mazkur qarorda jinoyatning ijtimoiy xavflilik xususiyati va darajasi o‘zaro farqlangan. Unga ko‘ra:

Jinoyatning ijtimoiy xavflilik xususiyati tajovuz ob’ekti (inson hayoti va sog‘lig‘i, mulk, jamoat xavfsizligi va boshqalar), ayb shakli, jinoiy qilmishning qonunda qaysi toifaga (JK 15-moddasi) kiritilganligi bilan belgilanadi.

Jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasi qilmish sodir etilishi holatlari (jinoiy niyatning amalga oshirilganligi darajasi va bosqichlari jinoyatni sodir etish usuli, zarar miqdori yoki kelib chiqqan oqibatlar og‘irligi, ishtirokchilikda sodir etilgan jinoyatda sudlanuvchining roli bilan belgilanadi.

Ushbu qarorda belgilangan norma orqali Oliy sud Plenumi sudlarga ijtimoiy xavflilikning individual darajasini va xususiyatini belgilashda ko‘rsatma berib o‘tgan.

Shuningdek, jinoyatlarni tasniflash mezonlari sifatida ayb shakli, jazo miqdori, yetkazilgan zararni ham keltirish mumkin.

Misol uchun, Qirg‘iziston Respublikasi Jinoyat kodeksida jinoyatlar ozodlikdan mahrum qilishning eng ko‘p miqdoriga qarab tasniflangan. Moldava Jinoyat kodeksi jinoyatlarni yetkazilgan zararning xususiyati va darajasidan kelib chiqib tasniflaydi. Turkmaniston Respublikasi Jinoyat kodeksida jinoyatlar ijtimoiy xavflilik darajasi va ayb shaklidan kelib chiqib toifalarga ajratilgan.

Xususan, ayb shakli deganda qilmishni qasddan yoki ehtiyotsizlikdan

sodir etilishi tushuniladi. Jinoyatlarni kvalifikatsiya qilishda va ularga jazo tayinlashda ayb shakli katta amaliy ahamiyatga ega.

Birinchidan, bu jinoyatning xavflilik darajasini chuqurroq aniqlashga yordam beradi.

Ikkinchidan, sodir etilgan jinoyatni baholash va shu kabi jinoyatlar doirasida farqlash imkonini beradi.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi misolida oladigan bo‘lsak, jinoyatni qasddan yoki ehtiyotsizlikdan sodir etilishi yuqoridagilarga qo‘shimcha ravishda ularning tasnifiga (ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan, uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlardagina ham qasd, ham ehtiyotsizlik ayb shakli mavjud) ham ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, qasddan odam o‘ldirish (97-modda 1-qism) tasnifiga ko‘ra o‘ta og‘ir jinoyat hisoblanadi va o‘n yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi, shuningdek, ehtiyotsizlik orqasidan odam o‘ldirish(102-modda 1-qism) ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyat bo‘lib, ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Jinoyatlarni yetkazilgan zararning xususiyati va darajasi jinoyatlarni tasniflash mezonlaridan sanaladi. Uning o‘ziga xos xususiyati shundaki, jinoyatlar uchun jazo nafaqat ularning ijtimoiy xavfliligiga emas, balki kelib chiqqan oqibatga ham belgilanadi. Shu o‘rinda Moldava Jinoyat kodeksidan ayrim moddalarni misol tariqasida olsak, muayyan qoidalarni buzish natijasida sodir etilgan jinoyatlarning oqibati sifatida odam o‘limi yoki boshqa og‘ir oqibat kelib chiqishi mumkin. Jumladan, radioaktiv materiallar yoki qurilmalar yoki yadroviy ob’ektlarga egalik qilish, ishlab chiqarish yoki ulardan foydalanish (2951-modda), suv transporti xavfsizligiga qarshi jinoyatlar (2892-modda), aviatsiya xavfsizligi va ayeroport xavfsizligiga qarshi jinoyatlar (2891-modda)ni sodir etganlik natijasida ana shunday oqibat kelib chiqsa, 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan va bu og‘ir jinoyat sanaladi.

Xuddi shunday qoidalar buzilishi oqibatida odam o‘limi va boshqa og‘ir oqibatlar kelib chiqishi bilan bog‘liq normalar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida ham nazarda tutilgan.

Bizning fikrimizcha, qonun chiqaruvchi jinoyatlarni ijtimoiy xavfliligini inobatga olgan, lekin kelib chiqqan oqibatga e’tibor qaratmagan. Qonunda belgilangan jazo miqdoridan ko‘rinib turibdiki, ushbu jinoyatlar uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar hisoblanadi (odam o‘limi asosan ehtiyotsizlikdan kelib chiqadi). Bizningcha, odam o‘limi yoki odamlar o‘limi kelib chiqishiga sabab bo‘lgan qilmishni uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat desak, to‘g‘ri bo‘lmaydi. Chunki shaxsning hayoti jinoyat qonuni bilan qo‘riqlanadigan eng bebaho ob’ekt sanaladi. Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 24-moddasida, yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqidir, uning hayotiga suiqasd qilish eng og‘ir jinoyatdir, deyilgan.

Shundan kelib chiqib, jinoyatlarni tasniflashda ularning ijtimoiy xavflilik xususiyati va darajasi bilan bir qatorda yetkazilgan zararni ham e’tiborga olib, Jinoyat kodeksi 15-moddasining 1-qismini quyidagicha tahrir qilishni taklif etamiz:

“Jinoyatlar ijtimoiy xavflilik xususiyati va darajasi hamda yetkazilgan zararning xususiyati va darajasiga ko‘ra: ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan; uncha og‘ir bo‘lmagan; og‘ir; o‘ta og‘ir jinoyatlarga bo‘linadi”.

Ma’lumki, sodir etilgan ijtimoiy xavfli qilmish natijasida jinoyat qonuni bilan qo‘riqlanadigan ob’ektga zarar yetadi yoki zarar yetish xavfi ostida qoladi. Shunday ekan jinoyatlarni tasniflashda qonun chiqaruvchi tomonidan yetkazilgan zararni inobatga olish muhim ahamiyat kasb etadi va bu bilan jinoyatga munosib jazo belgilash ta’minlanadi.

Nargizaxon Raximjonova,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Jinoyat huquqi, kriminologiya va korrupsiyaga qarshi kurashish kafedrasi o‘qituvchisi