Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xorijiy davlatlar adliya organlarining norma ijodkoriligi faoliyati qanday yoʻlga qoʻyilgan?
15:30 / 2020-07-30

Xorijiy davlatlarda adliya organlarining norma ijodkorligi sohasidagi faoliyati turlicha yoʻnalishlarda tashkil qilingan.


Xorijiy davlatlarda adliya organlarining norma ijodkorligi sohasidagi faoliyati turlicha yoʻnalishlarda tashkil qilingan. Ayrim chet el adliya organlarining bu boradagi faoliyatlarini tadqiqotimiz maqsadi va yoʻnalishlaridan kelib chiqib quyidagicha tizimli tahlil qilish maqsadga muvofiq.

I. Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish faoliyatidagi adliya organlarining ishtiroki.

Rossiya Federatsiyasi Adliya vazirligi Rossiya Federatsiyasi Prezidentining 2004-yilgi 13-oktyabrdagi 1313-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan “Rossiya Federatsiyasi Adliya vazirligi toʻgʻrisida”gi Nizomning 7-bandi 8) kichik bandiga muvofiq, Adliya vazirligi va uning federal xizmatlarining vakolatlariga bogʻliq ravishda, shuningdek vazirlik va uning federal xizmatlari tarkibiy boʻlinmalari ish rejalari loyihasi va prognoz koʻrsatkichlari faoliyatiga koʻra, federal konstitutsion qonunlar loyihalarini, federal qonunlar loyihalarini, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti va Hukumati hujjatlari va boshqa hujjatlarning loyihalarini Rossiya Federatsiyasi Prezidenti va Hukumatiga kiritadi. Nizomga koʻra, vazirlik federal konstitutsion qonunlari va federal qonunlari loyihalarining rasmiy taqrizi va xulosalarini tayyorlashda, shuningdek ularga oʻzgartirish kiritish loyihalarida ishtirok etadi.

Rossiya Federatsiyasi Adliya vazirining 03.03.2014-yilgi 26-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan “Rossiya Federatsiyasi subyektlari boʻyicha Rossiya Adliya vazirligi boshqarmalari toʻgʻrisida”gi Nizomning 6-band 3) kichik bandiga koʻra, Federatsiya subyektlari boʻyicha vazirlik boshqarmalari federal konstitutsion qonunlari, federal qonunlari, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti va Hukumati hujjatlari hamda boshqa hujjatlarga oʻzgartirishlar kiritish haqidagi, shuningdek shu kabi qonunlar, aktlar va hujjatlar loyihalarini tayyorlash toʻgʻrisidagi takliflarni belgilangan tartibda ishlab chiqadi va Rossiya Federatsiyasi Adliya vazirligiga taqdim qiladi.

Mazkur Nizomga koʻra, adliya boshqarmalari Rossiya Adliya vazirligining normativ-huquqiy hujjatlariga oʻzgartirish kiritish va shunday turdagi normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish boʻyicha takliflarni oʻrnatilgan tartibda Adliya vazirligiga taqdim qiladi.

Belarus Respublikasi Vazirlar Kengashining 31.10.2001-yilgi 1605-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Belarus Respublikasi Adliya vazirligi toʻgʻrisida”gi Nizomning 6.1 kichik bandiga koʻra, Adliya vazirligi Belarus Respublikasi Prezidenti, Milliy majlis, Vazirlar Kengashining topshirigʻi va oʻzining tashabbusi boʻyicha qonunchilik va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqadi.

Qozogʻiston Respublikasining 2002-yil 18-martdagi “Adliya organlari haqida”gi Qonunining 15-moddasiga koʻra, adliya organlari tomonidan qonun loyihasi ishlari va normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalarini ishlab chiqish amalga oshiriladi.

Germaniya Federal Adliya va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish vazirligi tuzilmasidagi IV Departament (Konstitutsiyaviy va maʼmuriy huquq, xalqaro va Yevropa huquqi) xalqaro-huquqiy shartnomalarni ishlab chiqish va kelishishda ishtirok etadi. Shuningdek, mazkur IV Departament BMT va Yevropa Kengashi yoʻnalishi boʻyicha belgilangan shartnomalarni tayyorlash va amalga oshirishga javob beradi.

Fransiya Adliya vazirligi tizimida norma ijodkorligi faoliyati bilan shugʻullanuvchi bir nechta tuzilmalar boʻlib, shular jumlasidan Fuqarolik ishlari boʻyicha boshqarmasi konstitutsiyaviy huquq, maʼmuriy masalalar, fuqarolik huquqi va fuqarolik protsessi, korporativ huquq va savdo huquqiga aloqador boʻlgan qonunlar va normativ hujjatlar loyihalarini tayyorlaydi.

Finlyandiya Adliya vazirligi xodimining asosiy majburiyatlaridan biri, Hukumat qonun loyihalarini ishlab chiqish hisoblanadi.

II. Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini huquqiy ekspertizadan oʻtkazish faoliyati.

Rossiya Federatsiyasi Adliya vazirligi “Rossiya Federatsiyasi Adliya vazirligi toʻgʻrisida”gi Nizomga muvofiq, Rossiya Adliya vazirligi ijro etuvchi hokimiyat federal organlari tomonidan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti va Hukumati koʻrib chiqishi uchun kiritiladigan boshqa normativ-huquqiy hujjatlar va qonunchilik loyihalarini, shuningdek federal qonunlar loyihalarini ishlab chiqishdagi konsepsiya va texnik topshiriqlarning loyihalarini huquqiy ekspertizadan oʻtkazadi.

Mazkur Nizomga koʻra, Rossiya Adliya vazirligi tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarining mustaqil antikorrupsion ekspertizasini oʻtkazish boʻyicha ekspertlarni akkreditatsiya qilish amalga oshiriladi.

Rossiya Adliya vazirligi boshqarmalari toʻgʻrisidagi Nizomning nizomning 6-bandi 12) kichik bandida adliya boshqarmalari tomonidan Rossiya Federatsiyasi subyektlarining normativ-huquqiy hujjatlarini Federatsiya Konstitutsiyasi va qonunlariga muvofiq kelishi predmeti boʻyicha huquqiy ekspertizadan oʻtkazilishi belgilangan. Rossiya Federatsiyasi subyektlarining normativ-huquqiy hujjatlarini Federatsiya Konstitutsiyasi va (yoki) qonunlariga zid kelganligi haqida ekspert xulosasi nusxasi prokuror taʼsir chorasi qoʻllanishi uchun prokuratura organlariga taqdim etiladi.

Belarus Respublikasi Vazirlar Kengashining 31.10.2001-yilgi 1605-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Belarus Respublikasi Adliya vazirligi toʻgʻrisida”gi Nizomning 5.3 kichik bandiga koʻra, Adliya vazirligi tomonidan Milliy bank, Davlat nazorati qoʻmitasi, Belarus Respublikasi Prezidentining ishlar Boshqarmasi, Tergov qoʻmitasi, Sud ekspertizasi davlat qoʻmitasi, Belarus Milliy fanlar akademiyasi, vazirliklar, boshqa respublika davlat boshqaruv organlari, viloyatlar va Minsk shahar Xalq deputatlari Kengashlari, viloyat ijroiya qoʻmitalar va Minsk shahar ijroiya qoʻmitalari normativ-huquqiy hujjatlarining majburiy yuridik ekspertizasi amalga oshiriladi.

Shuningdek, mazkur Nizomning 6.4-kichik bandida, Belarus Adliya vazirligi Respublika Vazirlar Kengashi qarorlari loyihalarini majburiy yuridik ekspertizadan oʻtkazishi va xulosa berishi, shuningdek Respublikaning xalqaro shartnomalari va investitsiyaviy shartnomalari loyihalari boʻyicha xulosa berishi, qonunchilikda belgilangan hollarda Hukumat kafilligidagi kredit shartnomalari boʻyicha yuridik xulosalar berishi, Belarus Respublikasi Prezidentining qonun loyihalari, dekret, farmon va farmoyishlari loyihalarini kelishishni amalga oshirishi belgilangan.

Qozogʻiston Respublikasida adliya organlari normativ-huquqiy hujjatlar va Qozogʻiston kafilligidagi qarz shartnomalarining huquqiy ekspertizasini amalga oshiradi. Shu bilan birga, ushbu mamlakat adliya organlarida markaziy davlat organlari, idoralar, akimat (hokimlik) va akim (hokim)larning normativ-huquqiy hujjatlari davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi.

Germaniya Federal Adliya va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish vazirligining IV Departamenti qonun va qarorlar loyihalarini norma ijodkorligi qoidalariga rioya etilishi nuqtayi nazaridan yuridik ekspertizasini amalga oshiradi. Yuridik ekspertiza doirasida mazkur Departament boshqa federal vazirliklarning qonun va qarorlar loyihalarini amaldagi qonunchilik normalariga muvofiqligi boʻyicha oʻrganadi. Bunda, qonunchilikning tasnifi va huquqiy mantiq tamoyillariga rioya etilganlik ham hisobga olinadi.

Shuningdek, IV Departament inson huquqlarini oʻz ichiga olgan Germaniya Federativ Respublikasi ishtirokidagi xalqaro huquq sohasidagi loyihalar boʻyicha yuridik xulosalarni tuzishga javob beradi.

Bundan tashqari, Germaniya Federativ Respublikasi Adliya vazirligining yana bir tuzilmasi III Departamenti (Savdo va xoʻjalik huquqi) tomonidan ham soliq va moliya, xoʻjalik huquqi sohasidagi vazirliklar tomonidan ishlab chiqilgan qonun va qarorlar loyihalari boʻyicha huquqiy xulosa beradi.

Kanada davlatining “Adliya vazirligi toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq, vazirlik taqdim etilgan qonun loyihasining qoidalarini Kanada erkinlik va huquqlar Xartiyasi qoidalariga muvofiqligi nuqtayi nazaridan huquqiy ekspertizadan oʻtkazadi.

Singapur Adliya vazirligi Hukumatga oid boʻlgan barcha turdagi qonun loyihalarini Singapur Konstitutsiyasi va toʻgʻri huquqiy siyosat prinsiplariga muvofiqligi predmeti boʻyicha oʻrganadi.

III. Norma ijodkorligi faoliyatiga uslubiy rahbarlik qilish va mazkur faoliyatni muvofiqlashtirish hamda monitoring qilish.

Polsha Respublikasi Adliya vazirligi Fuqarolik huquqlari boʻyicha departamenti tomonidan Hukumat qonun loyihalari, Yevro Ittifoqning huquqiy hujjatlari loyihalari, Xalqaro kelishuvlar loyihalari boʻyicha ish yoʻnalishlari monitoringi va tahlili amalga oshiriladi.

Rossiya Federatsiyasi Adliya vazirligi ijro etuvchi hokimiyatning federal organlarining Hukumatning qonun loyihasi rejalari faoliyati loyihasiga takliflarni tayyorlash boʻyicha ishlarini muvofiqlashtiradi va zaruriyatga qarab qonun loyihalarini ishlab chiqilishi maqsadga muvofiqligi haqida huquqiy xulosa beradi.

Shuningdek, Rossiya Federatsiyasi Adliya vazirligi toʻgʻrisidagi nizomning 7-bandi 12) kichik bandiga koʻra vazirlik federal vazirliklar tomonidan federal konstitutsion qonunlar va federal qonunlar loyihalarini tayyorlash amaliyotini umumlashtiradi va ularning tayyorlanishiga uslubiy taʼminlashni amalga oshiradi.

Belarus Respublikasi Vazirlar Kengashining 31.10.2001-yilgi 1605-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Belarus Respublikasi Adliya vazirligi toʻgʻrisida”gi Nizomning 5.2-kichik bandiga koʻra, vazirlik Hukumatda (Hukumat boʻysunuvidagi respublika davlat boshqaruv organlari tizimida) norma ijodkorligi faoliyatini muvofiqlashtirishni taʼminlaydi.

Ushbu Nizomning 6.8-kichik bandida, Adliya vazirligi tomonidan Milliy bank, Davlat nazorati qoʻmitasi, Belarus Respublikasi Prezidentining ishlar Boshqarmasi, Tergov qoʻmitasi, Sud ekspertizasi davlat qoʻmitasi, Belarus Milliy fanlar akademiyasi, viloyatlar va Minsk shahar Xalq deputatlari Kengashlari, viloyat ijroiya qoʻmitalar va Minsk shahar ijroiya qoʻmitalari, vazirliklar va boshqa respublika davlat boshqaruv organlarida norma ijodkorligi faoliyati holatini oʻrganishi va tekshirish natijalarida aniqlangan norma ijodkorligi holatini buzilishiga yoʻl qoʻyishlarni bartaraf etish toʻgʻrisida ushbu davlat organlariga bajarilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar kiritilishi, mazkur taqdimnoma bajarilmagan hollarda Hukumat boʻysunuvidagi vazirliklar va boshqa respublika davlat boshqaruvi organlari mansabdor shaxslarini intizomiy javobgarlikka tortish toʻgʻrisida Vazirlar Kengashiga taklif kiritilishi belgilangan.

Moldova Respublikasi Adliya vazirligi davlat organlariga normativ hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish texnikasiga bogʻliq boʻlgan tushuntirish va tavsiyalar beradi.

A.Xoʻjanazarov,
TDYUU mustaqil izlanuvchisi