Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xorijga turmushga chiqayotgan qizlar...
22:44 / 2020-10-21

So‘nggi vaqtlarda qizlarimizning xorijliklarga turmushga chiqayotganini eshitib, hayratlanmay qo‘ydik. Sababi, bu kabi holatlar ijtimoiy tarmoqlarda, mahalla - ko‘yda ko‘p uchrayotganligidan quloqlarimiz ham o‘rganib qoldi,shekili.

Mulohaza

So‘nggi vaqtlarda qizlarimizning xorijliklarga turmushga chiqayotganini eshitib, hayratlanmay qo‘ydik. Sababi, bu kabi holatlar ijtimoiy tarmoqlarda, mahalla - ko‘yda ko‘p uchrayotganligidan quloqlarimiz ham o‘rganib qoldi,shekili.

Ilgari, viloyatlararo bog‘langan quda-andachilik rishtalarini eshitsam, yuragim bir og‘rib qo‘yardi. Bugun “zamonaviylashib”, “dunyoqarashimiz oshib” quchog‘imizda ulg‘aygan, ko‘z oldimizda voyaga yetgan, ibosiyu hayosiga butun dunyo havas qiladigan o‘zbegim malaklarini qo‘shqo‘llab o‘zga davlatning fuqarolariga kelinlikka topshirayapmiz.

– Qizlarimizning ayrimlari Koreya, Xitoy va boshqa xorijiy davlatlarga hoyu-havas ortidan ergashib, turmushga chiqib ketyapti, – deydi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi Oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash boshqarmasi boshlig‘i Mukarram Nurmatova. – Biz bunda qizlarimizni Vatanga muhabbat, vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda bo‘shliq bor ekanligini ko‘ryapmiz. 

Mamlakatimizda xotin-qizlarga juda katta sharoitlar yaratilgan, yaratilmoqda. Qiyoslash uchun bir misolga e’tiboringizni qaratmoqchiman. 2019 yil 2 sentyabrda Markaziy Osiyo mintaqasida birinchi bo‘lib “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Buni boshqa davlatlarga solishtirib talqin qiladigan bo‘lsak, hali ba’zi qo‘shni davlatlarda ham gender tengligi masalasi bo‘yicha qonun qabul qilish u yoqda tursin, ular mana shu masalani endi ko‘rib chiqishyapti. Yoki tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha ham eng rivojlangan mamlakatlarning ko‘pida bu qonun qabul qilinmagan.

Ilgari turmush o‘rtog‘i bilan yoki qaynonasi bilan kelisha olmay ko‘chada qolgan ayollarni qanday himoya qilishni bilmasdik. Hozir tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan ayollarimizni davlat o‘z himoyasiga olganligi, ularning huquqlari qonun bilan kafolatlanganligining guvohi bo‘layapmiz. Bundan tashqari, ayollarni munosib ish o‘rinlari bilan ta’minlash maqsadida bu yil qizlarimiz uchun oliy o‘quv yurtlariga alohida qabul kvotalari joriy etildi. 

Chunki o‘qimishli, oliy ma’lumotli ayol oilada ham, ishda ham, jamiyat hayotida ham hamma narsaga ilm-ma’rifat bilan, ongli va faol yondashadi, munosib ishtirok etadi. Respublika bo‘yicha joriy yilning o‘tgan davrida ishga muhtoj bo‘lgan 109 ming 717 nafar xotin-qizning mahallada ro‘yxatlari shakllantirildi, ushbu ro‘yxat asosida “Ayollar daftari” ishlab chiqildi. 99, 1 ming nafar xotin-qiz doimiy ishga joylashtirildi. 11,5 ming nafar xotin-qiz mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitildi.

“Respublika hududlarida 2020 yilda og‘ir turmush sharoitida yashayotgan ayollar, ayniqsa, yosh xotin-qizlar bandligini ta’minlash dasturi”ga asosan, joriy yilning o‘tgan davrida 5,5 ming nafar xotin-qizning bandligi ta’minlandi.

Xo‘sh, horijiy davlatlarga turmushga chiqishga “havasmand”larning ortida qanday sabablar, qanday omillar turibdi?

Bu masalaga har xil nuqtai nazar bilan yondashish mumkin. Avvalo, aytish kerakki, kimga turmushga chiqish yoki qaysi davlatga borib yashash insonning o‘z huquqi hisoblanadi. Masalan, koreysga tegma, o‘zbekka teg deyishga ham haqqimiz yo‘q. Lekin aslini olganda, muammoning ildizi boshqa joyda. Hammasi oilaviy tarbiya, ota-onaning farzandga bo‘lgan munosabatiga bog‘liq. Yoki bolalarning qarovsizligi, ta’lim muassasada, mahallada tarbiyasi og‘ir, yengil hayotga o‘ch bo‘lgan qizlarning e’tibordan chetta qolishi oqibatida mana shunday holatlar yuzaga kelayapti, deb o‘ylayman. 

Tahlil qiladigan bo‘lsak, ba’zi oilalarda ota-ona xorijga ishlashga ketgan. Qizi xolasining yoki keksa buvisining qo‘lida qolgan. Yoki ona xorijga ishlashga ketgan, otasi qiz bola tarbiyasi bilan shug‘ullana olmagan. Er-xotin ajrashgan, bolalar buvisining qo‘lida, onasi boshqa turmush qurgan. Mana shunday holatlarda qizlarimiz bizning nazarimizdan chetda qolmoqda.

Xorijga turmushga chiqib, turmushi “o‘xshamagan” ayollar bilan suhbatlashganimizda, ko‘pchiligi moddiy tomondan yetishmovchilik bo‘lgani uchun xorijga turmushga chiqayotganini, u yerdan pul yuborib, oilamga yordam qilaman, degan maqsadni ko‘zlaganini bildirmoqda.

Mamlakatimizda 203 ta tuman bor. Bularning hammasida xotin-qizlar jamoat kengashlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondidan har yili tadbirkorlik markazlariga 100 milliard so‘m ajratiladi. Ular orqali tadbirkorlikni boshlamoqchi bo‘lgan ayollarga kredit ajratiladi. Joriy yilda shu maqsadda 92 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Har yili eng kam ta’minlangan, nogironligi bo‘lgan, nogiron farzand tarbiyalayotgan yoki boquvchisini yo‘qotgan, yolg‘iz ayollarga uy-joyning birinchi badali to‘lab beriladi. Joriy yilda 852 nafar ayolga hozirgacha 14 milliard 563 ming so‘m mablag‘ ajratilgan.

–Xotin-qizlarimizning mana shunday xatti-harakatlari yuragimga og‘ir botadigan nuqtalardan biri, – deydi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning xotin-qizlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i, pedagogika fanlari nomzodi, dotsent, Farida Abdurahimova. – O‘ylab ko‘rilsa, yurtimizda ayollarga, qizlarga e’tibor bor. G‘amxo‘rlikning chek-chegarasi yo‘q. Bu yil ayollarni oliy o‘quv yurtlariga qabul qilish bo‘yicha qishloqlardagi, uzoq chekka hududdagi xotin-qizlarimizga grant asosida mingga yaqin joylar ajratilib berildi.

Lekin shuncha g‘amxo‘rliklarga qaramasdan xorijiy fuqarolarga turmushga chiqish holatlari nimagadir ko‘paymoqda. Oilashunos olima sifatida bu haqda juda ko‘p o‘ylayman, tahlil qilaman, sabablarini izlashga harakat qilaman. Ayrim ayollar bilan suhbatlashaman. Yaqinda bir qiz bilan suhbatlashdim. Ishlash maqsadida Arab davlatiga ketib, u yerda fohishaxonalarda bo‘lgan. Bir farzand ko‘rgan. Tashqi ishlar vazirligimizning aralashuvi bilan O‘zbekistonga farzandi bilan birga qaytarilgan. Farzandining na guvohnomasi bor, na ismi sharifi. Ayol bolasining otasi kimligini bilmaydi. Endi uyimga qaytib bora olmayman, aka-ukalarim meni tirik qo‘ymaydi, deydi.

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda bir o‘zbek ayoli koreyalik fuqaroga turmushga chiqqani va Koriya davlatida vafot etgani, Mayit 10 kun sarson bo‘lgani, musulmon diniga mansub insonlar mayitni so‘nggi manzilga kuzatgani haqida lavha e’lon qilindi.

Bu surishtirmay-netmay xorijga turmushga chiqib ketayotgan qizlarga achchiq saboq bo‘lishi kerak.

Bundan 2 yil ilgari xitoylik erkakka turmushga chiqqan namanganlik 22 yoshli Muborak (ismi o‘zgartirilgan) Xitoyda ne azoblarni ko‘rmadi deysiz. Bu ayolning suhbatini eshitgach, balkim xorijga erga tegish istagini bildirgan qizlar, ularning ota-onalari o‘zlariga xulosa chiqarib olar deb o‘ylaymiz:

– Nochor oilada yashardik. Dadam katta miqdorda pul qarz bo‘lib qoldi. Bor-budimizni sotdik. Dadam qamalib chiqdi. Uning ustiga onamning sog‘lig‘i yomonlashdi. Do‘xtirlar onamni operatsiya qilmasak bo‘lmaydi, deyishdi. Shunda dadamga qo‘shnimiz sovchilik agentligi borligi, xorijga qizlarni turmushga berish evaziga yaxshi qalin puli berilayotganini aytadi. Dadam menga qizim xitoylik bir kuyov bor ekan. Yaxshi inson deyapti. Unga turmushga chiqsang, baxting ochilib ketar. Bizga har oy pul yuborib turishini aytyapti. Shunda uy-joy degandek, oilamizni moddiy tomondan tiklab olarmidik, dedilar. Men bu taklifga rozi bo‘ldim.

Ne umidlar bilan turmushga chiqib, Xitoyga ko‘chib kelgandim. Menga sovchilik agentligi bu insonning juda boy-badavlat ekanligini aytgandi. Ammo kelsam Xitoyning bir qishlog‘ida yashovchi dehqon ekan. Kelishim bilan telefonim, hujjatlarimni olib qo‘ydi. Dalada ishlashga majburladi. U bilan 4 oy yashagan bo‘lsam, bor xo‘rliklarni ko‘rdim. Tilini bilmaganim uchun uning so‘zlariga tushunmasdim. Ketaman, desam meni uyga qamab qo‘yardi. Bir amallab O‘zbekistoning Xitoydagi elchixonasini topib bordim. Ularga rahmat, meni Vatanimga qaytardi. Hozir Namanganda ishlayapman. Opa-singillarimizga shuni aytgan bo‘lar edim: xorijga turmushga chiqmang. Dini, tili, mentaliteti boshqa odam sizni baxtli qila olmaydi. Turli sovchilik agentliklarining qop-qop va’dalariga ishonmang!

Namanganlik Sadoqat (ismi o‘zgartirilgan) so‘nggi yillarda xorijga turmushga chiqqan o‘nlab o‘zbekistonlikning biri. U Namangan viloyatida bir sayyoh xitoylik fuqaro bilan tanishib qoladi. Ikkalasi O‘zbekistonda ma’lum muddat gaplashishadi. Xitoy tilini bilmagan Sadoqat telefondagi Google tarjimasi orqali suhbatlashganini aytdi.

–O‘tgan yilning sentyabr oyida xitoylik bir yigit bilan tanishib qoldim, – deydi namanganlik Sadoqat Malikova. (ismi familiyasi o‘zgartirilgan.) – Ikkalamiz bir-birimizni ko‘ngil qo‘ydik. – U menga uylanib, Xitoyga olib ketishini, oilamga pul yuborib turishini aytdi. Ota-onam 7 yoshimda ajrashib ketishgan. Onam ikkinchi guruh nogironi. Onamning ota hovlisida yashaymiz. Tog‘alarim hovlining ikki sotix joyini bizga ajratib bergan. Bir xonali uyda onam, ukam, bobom bilan yashardik. To‘g‘risini aytsam, oilamizga moddiy tomondan yordam bo‘lar, degan maqsadda xitoylik fuqaroga turmushga chiqishga qaror qildim. 

Onam, qarindoshlarim bunga qarshilik qilishdi. Ammo men so‘zimda turib oldim. Biz turmush qurdik. Xitoyga borganimdan keyin biroz vaqt o‘tib, homilador bo‘lib qoldim. Kelsam, o‘rtahol oila ekan. Erim va singlisi bir korxonada ishlaydi. Qaynonam, qaynotam yoshi katta. Erimning aytishicha, uning onasi “o‘zbek qiziga uylan, ular mehnatkash, vafodor bo‘ladi. Buni e’lonlarda ko‘p o‘qiganman” deb aytgan ekan. Shuning uchun menga uylangan ekan. Oradan vaqt o‘tgach, erimning boshqa bir xotini borligini bilib qoldim. Shundan munosabatlarimiz buzildi. 

Men uyga qaytishimni aytganimda hujjatlarimni olib qo‘ydi. Begona yurtlarda musofir bo‘lib yashash qiyin ekan. Juda o‘zim yolg‘izlanib qoldim. Yaqinlarimni sog‘indim. Yurt sog‘inchi qiynadi. Shu boisdan bir amallab O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasiga kelib, yordam so‘radim. Shu yilning fevral oyida O‘zbekistonga keldim. O‘g‘il farzandli bo‘ldim. Hozir o‘g‘lim 8 oylik bo‘ldi. Xitoyga turmushga chiqqanimga juda afsuslanaman!

Rasmiy idoralarning ma’lumotiga qaraganda, 2006-2008 va 2020 yillarda o‘zbek qizlarining Janubiy Koreya, Xitoyga turmushga chiqishlari avj olgan. Turmushga chiqqanlarning 90-95 foizi hali hayotni yaxshi anglamagan yosh qizlardir. Qizlarimizga xaridor kuyovlarning yoshi esa 35 – 50 yoshlarda…

To‘g‘ri, qonunlarimizda har kim xohlagan kishiga, xohlagan yerga turmushga chiqishi fuqaroning ixtiyoriy ravishdagi tanlovi hisoblanadi. Bu borada hech qanday qonuniy cheklov ham yo‘q. Biroq yozilmagan qonunlar bor… Milliy g‘urur, iftixor, Vatanga muhabbat degan muqaddas tuyg‘ularni faqat qalbdan his etish kerak!

Bu to‘g‘rida siz nima deysiz? 

 

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA