English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xorijga chiqib ketayotgan mablag‘ mamlakatimizda qolishi uchun nima qilish kerak?
16:43 / 2021-03-27

Mamlakatimizda ta’lim tizimini sifat jihatidan yuqori bosqichga ko‘tarish, kadrlar salohiyatini yuksaltirish, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash, ularga nazariy bilim berish barobarida, korxona hamda tashkilotlarda amaliy ko‘nikmalarini oshirishlari uchun zarur sharoit yaratish doimiy e’tibordagi masalalardan biri hisoblanadi.

Tizimning qonunchilik bazasi mustahkamlangani bu borada olib borilayotgan ishlar ko‘lamini kengaytirish, real iqtisodiyotning turli jabhalari uchun zarur mutaxassislar tayyorlashda muhim omil bo‘lyapti. Masalan, Prezidentimiz 2020 yil “Yoshlar forumi”da ishtirok etib, yoshlar balan uchrashuvda “Men har gal yoshlarimiz bilan uchrashganimda sizlarning g‘ayrat-shijoatingizdan kuch-quvvat olaman, ko‘nglim tog‘day ko‘tariladi. Har biringiz jonajon Vatanimiz va xalqimizga sidqidildan xizmat qilish orzusi bilan yonib yashayotganingizni yaxshi bilaman. Sizlarni O‘zbekistonning eng katta boyligi, bebaho xazinasi sifatida qadrlayman”, deb ta’kidladilar. Bu esa, bugungi kunda men va men kabi yoshlarga bo‘layotgan e’tibor va e’tirofning na’munasi, deb bilaman.

Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida yoshlarimizning universitetda tahsil olishi uchun barcha qulaylik yaratilishi, maktab bitiruvchilarining oliy ta’lim bilan qamrab olish ko‘lamini kelgusida oshirish zarurligini alohida ta’kidlagan.

bugungi kunda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida bir qator islohotlar olib borilmoqda. Jumladan, 2020 yilda o‘quv yili uchun bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari uchun 5 tagacha imkoniyat berildi. Bu albatta, yoshlarni talaba bo‘lishlari uchun katta imkoniyat yaratib berdi.

Ma’lumki, ilm yo‘lini tanlagan magistratura yo‘nalishiga topshiruvchi talabalar soni ham talaygina. Magistratura yo‘nalishi bo‘yicha bosqichma-bosqich kvotalar qo‘shib borilmoqda. Lekin magistratura yo‘nalishiga topshirib o‘qish baxtiga muyassar bo‘lmagan yoshlarning juda kam qismi qayta topshirayotganini kuzatish mumkin. Aksariyat yoshlarimiz esa o‘qishga kira olmagach xorijiy davlatlarning oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga topshirishi yoki ishlash uchun chiqib ketishini ko‘rish mumkin.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2018-2019 o‘quv yilida 11 999 talabgor ariza topshirgan bo‘lib, 5797 nafari qabul qilingan. 2019-2020 o‘quv yilida esa 25 913 ariza topshirilgan, 10 185 nafari o‘qishga qabul qilingan. 2020-2021 o‘quv yilida 74 049 nafar abituriyent ariza topshirgan, shundan 14 711 nafari qabul qilingan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, bir qator takliflarimni bildirmoqchiman. Birinchidan, magistratura yo‘nalishiga ham 2-3 tagacha yo‘nalishlarga topshirish imkoniyati berilishi kerak.

Ikkinchidan, magistratura yo‘nalishida ikki kurs o‘qishni to‘liq amaliyotda o‘tashi lozim. Amaliyotni dissertatsiya mavzusi doirasida korxona yoki tashkilotlarda o‘tashi kerak. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat boshqaruvi akademiyasida ushbu amaliyot mavjud. Tinglovchi bir yil to‘liq nazariy bilimlar oladi. Ikki yil magistrlik ishi bo‘yicha korxona yoki tashkilotda amaliyot o‘taydi. Amaliyot bilan bir qatorda, dissertatsiya ishini ham yozib boradi.

Uchinchidan, xohlovchilar uchun onlayn o‘qish tizimini joriy qilish kerak. Bunda chorak va yakuniy nazoratlar oflayn ko‘rinishida amalga oshiriladi. Misol uchun, rivojlangan davlatlar hamda mamlakatimizdagi Prezident huzuridagi davlat boshqaruvi akademiyasida ushbu amaliyot mavjud. Bunda, eng avvalo, qamrovni kengaytirish hamda magistraturada o‘qib, boshqa joyda ishlash imkonini beradi.

Xulosa qilib aytganda, yuqoridagi takliflar amalga oshirilsa, kadrlar zaxirasi kengayib, malakali kadrlarning xorijiy davlatlarga chiqib ketishining oldi olinadi, chet davlatlarga chiqib ketayotgan mablag‘ mamlakatimizda qolishiga erishiladi.

Bahromjon RAHMONALIEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

O‘zA