Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xorijdan qaytgan talabalar bandligini ta’minlash, o‘qishini davom ettirishga amaliy yordam beriladi
16:29 / 2022-03-14

Toshkent viloyati hokimligida hududda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlari, dehqon xo‘jaliklari vakillari va xorijda o‘qiyotgan talabalar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.

Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzayev raisligida o‘tkazilgan muloqotda tegishli boshqarma, tashkilotlar mutasaddilari tomonidan tuman va shaharlarda faoliyat yuritayotgan yuzga yaqin tadbirkor va ishbilarmonlarning muammolari o‘rganildi.

Dastlab O‘zbekiston Respublikasining Novosibirsk shahridagi bosh konsulxonasi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi mutaxassislari bilan tashkil etilgan onlayn suhbatda Rossiya Federatsiyasi oliygohlarini bitirib, mamlakatimizga qaytayotgan viloyat yoshlarni o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashtirish, tadbirkorlar uchun qulay investitsion muhit yaratish borasida fikr almashildi.

Ma’lumki, Prezidentimiz raisligida 4 mart kuni oliy o‘quv yurtlari talabalari bandligini ta’minlash bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Ukrainadan qaytgan talabalarni o‘zimizdagi oliygohlarda o‘qishini davom ettirishi uchun barcha sharoitlarni yaratib berish bo‘yicha topshiriqlar berilgan edi. Belgilangan vazifalar ijrosi bo‘yicha viloyat hokimi Belarus, Ukraina va Rossiyadan tartibli ravishda qaytgan migrantlar, talabalar bilan ham suhbatlashdi. Birinchi galda talabalarning o‘qishini poytaxt va hududdagi oliygohlarda davom etishini ta’minlash bo‘yicha mutaxassislarga zarur ko‘rsatmalar berildi.

Asli olmaliqlik Asilbek Abduvaliyev Ukrainaning Xarkov shahridagi arxitektura institutida o‘qiyotgan edi. U mavjud vaziyat sababli o‘qishini O‘zbekistonda davom ettirmoqchi.

– Suhbat davomida ko‘plab yoshlar qatori mening murojaatim ham ijobiy hal etiladigan bo‘ldi, – deydi A. Abduvaliyev. – O‘zim o‘rganayotgan mutaxassislik bo‘yicha mamlakatimizdagi oliygohlarda o‘qimoqchiman. Maqsadim malakali mutaxassis bo‘lib, mamlakatimiz rivojiga hissa qo‘shish.

Shundan so‘ng tadbirkorlar ham o‘z taklif va muammolarini bildirdi. Xususan, korxonalar faoliyatini tashkil etish uchun kichik sanoat zonalaridan joy ajratish, baliqchilik xo‘jaliklari faoliyatini samarali tashkil etish, imtiyozli kreditlar ajratish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, kadastr hujjatlari bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish kabi ko‘plab masalalar ko‘rib chiqildi.

Qonuniy yechimga ega bo‘lmagan ba’zi murojaatlar yuzasidan huquqiy maslahat va tushuntirishlar berildi.

A.Musayev, O‘zA