Muqaddam firibgarlik jinoyati uchun sudlangan S.M. fuqaro J.S.ning o‘qishini go‘yoki yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari yordamida Chimkent davlat universitetidan Buxoro muhandislik texnologiyalari institutiga ko‘chirib berish evaziga 3 ming AQSH dollari olgan.
Shu vaqtda u Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Buxoro viloyati boshqarmasi tomonidan DXXning G‘ijduvon tumani bo‘limi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Departamentning Farg‘ona viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda esa fuqaro K.M. fuqarolar F.T. va N.B.ning Qirg‘iziston, Tojikistondagi o‘qishlarini Farg‘ona davlat universitetiga ko‘chirib berish evaziga jami 3 ming 650 AQSH dollarini qo‘lga kiritgani aniqlangan. Shundan 200 AQSH dollari va 1 million so‘mni qaytarganligi protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
Departament axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
O‘zA