Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xorijdagi yurtdoshlarimizning farzandlari qanday urf-odatlar bilan tarbiyalanmoqda?
18:23 / 2021-05-31

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi nafaqat yurtimiz mehmonlari bilan, balki xorijdagi yurtdoshlarimiz bilan suhbatlar tashkil etadi. Xususan, bugun to‘qqiz yil AQSHda yashab, O‘zbekistonga kelgan samarqandlik oilaning xorijdagi o‘zbeklar va ularning farzand tarbiyasidagi e’tibori kabi mavzular yuzasidan fikr-mulohazalarini e’tiboringizga havola etamiz.

Ushbu oilaning kichik a’zolaridan biri Amerikada tug‘ilib o‘sgan 7 yoshli Hadicha xorijda ulg‘ayganiga qaramay, o‘zbek tilida bemalol so‘zlasha oladi. Shuningdek, qizaloqning bo‘sh vaqti deyarli yo‘q: sport to‘garaklariga boradi, kitob mutolaa qiladi, hatto xorijlik do‘stlari uchun “Uzbekistan in ABC” nomli kitobcha ham yozishga ulgurgan.

– Amerikaga borishingizga nima sabab bo‘lgan?

Rustam Yo‘ldoshev: – Talabalik yillarimizda xorijga chiqib tahsil olish orzuim bo‘lgan. O‘sha kezlari ingliz tilini o‘rganib, yoshi katta insonlardan maslahatlar olganmiz. Taqdir taqozosi bilan talaba vizasi orqali AQSHga 2011 yil magistraturaga o‘qishga ketdik. 2016 yil o‘qishni tamomlab, o‘sha yerda faoliyat boshlaganman. Hozirda axborot texnologiyalari, ya’ni IT sohasi bo‘yicha ishlayman.

Zilola Ashurova (rafiqasi): – Men asli Buxorolikman. Samarqand viloyati, Urgut tumaniga 2012 yil kelin bo‘lganman. Rostini aytsam, hozirda faoliyat olib boradigan sohalarim ko‘p. Mutaxassisligim bo‘yicha o‘qituvchiman. Shuningdek, sinxron tarjimon va gid sifatida ham turizm sohasida ishlaganman. Gidning vazifasi nima? Albatta bir yurtning tarixiy qadamjolari bilan birga, xalqning milliy madaniyatini, qadriyatlarini, urf-odatlarini ham xorijlik mehmonlarga tanishtiradi. Amerikaga borganimdan keyin kasbimni sog‘inganimdim. Dastlab xorijga chiqqan kezlarim “Qaysi mamlakatdansan”, deb savol berishganida “Men O‘zbekistondanman”, desam, negadir, talaffuzni o‘xshatishganigami, Pokiston deb tushunishar edi. Keyin esa yo‘q bu Pokiston emas, O‘zbekiston deya, uning tarixiy obidalari, mashhur shaxslari haqida ma’lumot berardim. 

Qizimni kichik bog‘cha guruhiga olib borardim. Bir kuni tarbiyachi “Bolam yuqori sinf (“high school”)da o‘qiydi. U darsida biror yurtni yurt haqida batafsil gapirishi kerak ekan. Sen farzandimning “ochiq dars”i uchun o‘z yurting haqida o‘rgata olasanmi?” dedi. Shunda uyimda qanday milliy narsalar bo‘lsa to‘plab, O‘zbekiston haqida taqdimot qilib bergandim. O‘quvchilar juda katta qiziqish bildirgan edi. Biz hatto darsda qovoqli somsa ham tayyorlaganmiz.

  • Ummon ortidagi odamlarning O‘zbekiston haqidagi tasavvurlari qanday?

Rustam Yo‘ldoshev: – O‘zbekistonga kelib-ketgan xorijlik tanishlarimning fikrlariga ko‘ra, oldin viza olish masalasida bir qancha qiyinchiliklar bo‘lgan. Yaqin yillardan buyon elektron vizalarning joriy etilishi va tezkor pochtalarning yo‘lga qo‘yilganligi sabab hozir turizm safarlari ancha yengillashtirilgan.

Zilola Ashurova: – 9 yil oldin Amerikaga ilk borgan kezlarimizda, o‘zbekistonlik bir nechta oilalar bilan tanishgan edik. Umuman, xorijdagi o‘zbek oilalarini kuzatar ekanman, ular farzandlari bilan faqat inglizcha muloqot qilishar edi. Bu hol menga yoqmagan. Bolalar ko‘chaga chiqqanda, maktabga borganda shusiz ham inglizcha muloqot qilishadi. Oilada o‘z ona tilida, o‘zbek tilida so‘zlashishi kerak emasmi, deb o‘ylar edim. Shu sabab men farzandlarimga tug‘ilganidanoq o‘zbekcha gapirib, oilada o‘zbek urf-odatlarini o‘rgatib, milliy qadriyatlarimizni singdirib boraman. Mana, hozir ikki qizim o‘zbek tilida ham, ingliz tilida ham bemalol so‘zlasha oladi.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/ysYYstp9kRo" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>

Xorijliklarning yurtimiz haqidagi tasavvuriga kelsak, u yerdagi o‘zbek oilalarning urf-odatlariga qarab qiziqish bildirganlar, hatto O‘zbekistonga turist sifatida kelib-ketganlar haqida ham eshitganmiz. Biz ham Navro‘z, Hayit bayramlarini u yoqda oilaviy nishonlaymiz, milliy taomlar pishiramiz, xina qo‘yamiz va boshqa urf-odatlarimizni bajaramiz. O‘zbek oilalari asosan Nyu Yorkda ko‘p. Biz yashaydigan shtatda, ya’ni Massachusetsda o‘zbek oilalari kam.

– Elektron va bosma kitob dunyosiga qanday qaraysiz?

Zilola Ashurova: – Amerikada menga yoqqan jihatlardan biri, bu – bolaga bo‘lgan yuqori e’tibor. Bolalar maktabga chiqmasdanoq, hatto ayrim bolalar bir yoshidan o‘qishni bilishadi. Qizchamni oddiy bog‘cha guruhiga olib borar edim, u yerga onalar va bolalar boradi. Guruhda bolalar o‘zlari rasm chizib, bo‘yab, turli narsalar yasab, vaqtini ijodiy muhit bilan band qilib o‘tiradilar. Hatto kutubxonalarda “story time”, ya’ni hikoya o‘qib berish vaqtlarida ham bola mutolaaga diqqat bilan quloq soladi. Chunki Amerikada ota-onalar bolalarini bir yoshidan kutubxonalarga olib borishadi. Bu ulardagi ijodiy qobiliyatni o‘stirishga xizmat qiladi. Baribir elektron kitoblar haqiqiy bosma kitob mutolaasi beradigan ma’naviy ozuqani bera olmaydi.

Rustam Yo‘ldoshev: – Amerikada bog‘larga borsam, kitob o‘qib o‘tirgan odamlarni kuzataman. Bog‘larda 30-40 ta kitoblar turadi, o‘zingiz bepul olib o‘qib o‘tirishngiz mumkin. Barcha zamonaviy texnologiyalarga ega bo‘lishiga qaramay, tabiiy mutolaani afzal biluvchi insonlar hali bor ekanini ko‘rib xursand bo‘laman. Boisi, texnika, bu – baribir texnika. U bir kunmas-bir kun salomatlikka o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Bir so‘z bilan aytganda, kitob o‘qish madaniyati ham shu qadar havas qilgulik.

– Amerikada ota-onalar bolalariga qanday motivatsiya beradi?

Zilola Ashurova: – Amerikada kattalar bolalarga “mana shuni tanla, yaxshi pul olib keladi”, deb biror sohani tanlashga majbur qilmaydi. Tanlovni bolalarning o‘zlariga qo‘yib beradi. Biz ham farzandlarimizga o‘z tanlagan sohasi bo‘yicha ketishiga imkon yaratib berishimiz kerek.
Rustam Yo‘ldoshev: – Xorijliklarni kuzatganimda, amerikaliklar va boshqa millat vakillarining bolalari ko‘p tillarda bemalol erkin so‘zlasha oladilar. “Yoshlikda olingan bilim – toshga o‘yilgan naqsh kabidir”, degan naql bejizga emas. Shu sabab bolalarimga kichik yoshlaridanoq bir nechta tillarni mustaqil va puxta o‘rganishga imkon yaratishimiz lozim.

 Nozimjon Mardonov, O‘zA