“Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 13 va 15-moddalariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bilan “Vatandosh” kartasi egalari hamda ularning oila a’zolari uchun migratsiya va fuqarolikka doir hujjatlarni rasmiylashtirish hamda ularni o‘z turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish (uning muddatini uzaytirish) borasida imtiyozlar berish ko‘zda tutilmoqda.
Mazkur qonun loyihasi parlament quyi palatasi majlisida ikkinchi o‘qishda moddama-modda muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan doimiy muloqot va hamkorlikni rivojlantirish, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlashga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ham davlat xorijda yashayotgan vatandoshlar bilan aloqalarni saqlab qolish hamda rivojlantirish to‘g‘risida xalqaro huquq normalariga muvofiq g‘amxo‘rlik qilishiga oid norma belgilandi.

Prezidentimizning 2024 yil 20 noyabrdagi tegishli qarori bilan yurtimizning iqtisodiy va ijtimoiy hayotida faol ishtirok etishga intilayotgan vatandoshlarni munosib rag‘batlantirish maqsadida “Vatandosh” guvohnomasi va “Vatandosh” kartalari joriy etildi.
Ushbu qonun loyihasi bilan “Vatandosh” kartasi egalarining oila a’zolari amaldagi viza muddatini ko‘p martalik qilib uzaytirganda, shuningdek, ular va oila a’zolari turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazilganda va ro‘yxatga olingan muddatini uzaytirganda, davlat bojidan ozod etilishi nazarda tutilmoqda.

Deputatlar tomonidan e’tirof etilganidek, qonun loyihasining qabul qilinishi xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarga O‘zbekiston hududida professional, shu jumladan, tadbirkorlik, investitsiyaviy, ilmiy, ma’rifiy va madaniy faoliyat bilan shug‘ullanishlari uchun qulay huquqiy, ijtimoiy sharoitlarni yaratishga xizmat qiladi.
Savol va javoblardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA