Mamlakatimizda turli intellektual o‘yinlarni tashkil qilish, intellektual aholi qatlamini qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim darajasini yanada rivojlantirish va ommalashtirish maqsadida “Zakovat” intellektual o‘yini o‘tkazib kelinmoqda.
Ahamiyatlisi shundaki, mazkur musobaqa xorijiy mamlakatlardagi vatandoshlarimiz o‘rtasida ham tashkil etilmoqda.
Xususan, O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasida “Vatandosh” jamoat fondi hamda “Zakovat” klubi hamkorligida vatandoshlarimiz o‘rtasida “Zakovat” o‘yini o‘tkazildi.
Qiziqarli savollar asosida o‘tgan musobaqa AQSHdagi vatandoshlarimizni “Zakovat” orqali birlashtirish, ular ham Vatanimizning ajralmas qismi ekanini bildirish, intellektual o‘yinlarga qiziqish uyg‘otish hamda "Zakovat"ning xalqaro ahamiyatini yanada mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.
O‘yin “Zakovat” klubi prezidenti, “Zakovat” teleo‘yini boshlovchisi Abdurasul Abdullayev tomonidan olib borildi.
Yuqori o‘rinlarni egallagan jamoalar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA