Prezidentimizning topshiriqlari ijrosi doirasida 2025 yilning 5-10 yanvar kunlari yurtimiz bo‘ylab “Xorijdagi vatandoshlarimiz oilalari – doimiy e’tiborda” shiori ostida keng ko‘lamli xayriya va bayram tadbirlari tashkil etilmoqda.
Ushbu tadbirlar Migratsiya agentligi tashabbusi bilan amalga oshirilib, xorijda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizning farzandlariga yangi yil quvonchini ulashishni maqsad qilgan.
Aksiya doirasida Jizzax, Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahrilik xorijda ishlayotgan fuqarolarimizning 800 nafar farzandi poytaxtda o‘tkazilayotgan yangi yil teatr tomoshalariga taklif etildi. Ular uchun maxsus bayram dasturlari, sahna chiqishlari va esda qolarli sovg‘alar tayyorlanib, bolalar qalbida unutilmas onlar shirin xotira bo‘lib muhrlandi.
[gallery-27041]
Shuningdek, boshqa hududlarda ham 1000 nafar bola uchun mahalliy san’atkorlar ishtirokida konsert dasturlari namoyish qilindi, bayram dasturxonlari tuzatildi va sovg‘alar ulashildi. Quvnoq musiqalar, bolalar kulgisi va bayramona muhit har bir xonadonga iliqlik bag‘ishladi. Ushbu tadbirlar orqali 2000 nafarga yaqin bolani bayram shodiyonasi qamrab oldi. Mazkur ezgu tashabbus xorijda mehnat qilayotgan vatandoshlarimizning oilalari uchun ma’naviy qo‘llab-quvvatlashdir.
Yangi yil bayramlari orqali bolalarga nafaqat sovg‘a, balki ishonch, umid va Vatanga bo‘lgan mehr ulashilmoqda. Bu esa kelajak avlod qalbida yurtga sadoqat, birdamlik va minnatdorlik tuyg‘ularini mustahkamlaydi.
Zero, insonga e’tibor eng katta boylik. Vatandan yiroqda bo‘lsa-da, har bir yurtdoshimiz va uning oilasi davlat g‘amxo‘rligidan chetda emas. Ana shu ezgu tamoyil yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi.
Dildora Do‘smatova,
Nosirjon Haydarov (surat),O‘zA