Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitada Birodar shaharlar alyansi tashabbusi bilan «Xorijdagi vatandoshlar bilan O‘zbekiston bo‘ylab onlayn ekskursiya» mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbir oflayn va onlayn formatda o‘tkazilib, unda viloyat hokimliklari, do‘stlik jamiyatlari va hamkor tashkilotlar, Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi vakillari hamda xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar ishtirok etdi.

Davra suhbatining asosiy maqsadi xorijda yashayotgan vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlash, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar va yangi imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berishdan iborat bo‘ldi.

Onlayn ekskursiya formati orqali ishtirokchilar mamlakatimizning boy tarixiy-madaniy merosi, qadimiy shaharlari, zamonaviy bunyodkorlik ishlari, turizm infratuzilmasi va investitsiyaviy imkoniyatlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.

Onlayn muloqot davomida O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish, turizm salohiyatini keng targ‘ib qilish, xorijiy hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan videoroliklar namoyish etildi. Ishtirokchilar tomonidan O‘zbekistonning ijobiy imijini shakllantirish, xorijdagi vatandoshlar bilan tizimli ishlash mexanizmlarini takomillashtirish va madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish yuzasidan taklif va mulohazalar bildirildi.

Ta’kidlanganidek, bunday muloqotlar xorijdagi vatandoshlarimizning o‘z tarixiy ildizlari, milliy qadriyatlari va ona yurti bilan uzviy bog‘liqligini mustahkamlashga xizmat qiladi. Shu bilan birga, ular uchun O‘zbekistondagi yangilanish jarayonlarida bevosita ishtirok etish, hamkorlik loyihalarini yo‘lga qo‘yish hamda investitsiyaviy va ijtimoiy tashabbuslarni amalga oshirish uchun muhim platforma vazifasini bajaradi.
Tadbir yakunida kelgusida ham shu kabi uchrashuvlarni muntazam tashkil etish, xorijdagi vatandoshlar bilan samarali axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.
Nigora Rahmonova, O‘zA