English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xorijdagi vatandoshlar oilalari doimiy e’tiborda
12:14 / 2026-02-14

Migratsiya agentligi Navoiy hududiy filiali va “Ravon tour” sayyohlik firmasi hamkorligida xorijdagi vatandoshlar oilalari vakillari uchun Samarqand shahriga sayohat tashkil etildi.

Sayohat davomida ishtirokchilarga Samarqandning tarixi, uning jahon sivilizatsiyasida tutgan o‘rni, YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan obidalari haqida qiziqarli ma’lumotlar berildi.

Dastlab sayohatchilar Imom al-Buxoriy majmuasida bo‘lishdi. Shundan so‘ng ular Samarqand shahridagi Islom Karimov haykali va yodgorlik majmuasiga tashrif buyurdi. Bu yerda mehmonlarga mamlakatimiz mustaqillik tarixi, davlatchilik asoslarining mustahkamlanishi hamda milliy tiklanish jarayonlari haqida ma’lumot berildi.

Shuningdek, ishtirokchilar Registon ansambli va Go‘ri Amir maqbarasida ham bo‘lishdi. Ularga Amir Temurning davlat boshqaruvidagi siyosiy zakovati, harbiy mahorati, ilm-fan va madaniyat rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi haqida atroflicha ma’lumot berildi. Samarqandning Temuriylar davrida jahon ilm-fan markaziga aylangani alohida ta’kidlandi.

– Turmush o‘rtog‘im va o‘g‘lim xorijda mehnat qiladi, – deydi Marhabo To‘xtayeva. – Vatanimizdan uzoqda yashagan inson yurtimizning qadrini yanada chuqur his qiladi. Bolalarimizning o‘z tarixi va milliy qadriyatlarini bilishlarini istayman. Bugungi sayohat esa biz uchun alohida ahamiyatga ega bo‘ldi. Holimizdan xabar olinib, biz uchun sayohat tashkil etilganini davlatimiz e’tibori deb bilaman. Bu bizni xursand qildi. Samarqandni ziyorat qilar ekanman, ajdodlarimiz bilan faxrlandim.

Ushbu sayohat nafaqat mazmunli dam olish, balki milliy o‘zlikni anglash, Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qildi.

A.Bo‘riyev, O‘zA