French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xorijdagi vatandoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilmoqda
14:07 / 2025-11-27

Ayni vaqtda Rossiya Federatsiyasida bo‘lib turgan O‘zbekiston delegatsiyasi Novosibirsk, Kemerovo va Leninsk-Kuznetskiy shaharlarida tahsil olayotgan, mehnat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan uchrashuvlar, madaniy-marifiy tadbirlar o‘tkazdi.

Xususan, Kemerovoda Sibirning eng yirik qurilish ob’ektlari – Sibir madaniy majmuasi va zamonaviy ko‘p qavatli turar-joy majmuasi qurilishida mehnat qilayotgan vatandoshlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bugungi kunda mazkur qurilish ob’ektlarida 2 ming 500 nafardan ortiq O‘zbekiston fuqarosi mehnat qilmoqda.

Delegatsiya a’zolari tomonidan O‘zbekistonda turli sohalarda keng ko‘lamli islohotlar va imkoniyatlar yaratilayotgani, jumladan, xorijdagi vatandoshlarni himoya qilish va qo‘llab-quvvatlashda mutlaqo yangicha yondashuvlar amalga oshirilayotgani e’tirof etildi.  

Uchrashuv ishtirokchilariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni rivojlantirish, ularning huquq va erkinliklarini himoyalash borasidagi maqsad va vazifalar to‘g‘risida axborot berildi.

Delegatsiya a’zolari hamyurtlarimizning mehnat va yashash sharoitlari bilan yaqindan tanishib, mahalliy qonunchilikka rioya etish zarurati yuzasidan tegishi tushuntirishlar berdi.

Hamyurtlarimiz Bosh konsulxona bilan doimiy aloqada bo‘lib, muntazam ravishda sayyor konsullik qabullari o‘tkazilayotgani tufayli ularning huquq va manfaatlari buzilishi holatlari kuzatilmayotganini ta’kidladi.

Delegatsiyaning Novosibirsk viloyatiga tashrifi davomida viloyatdagi «TexnoPan», «Start», G‘arbiy Sibir sanoat kompaniyasi kabi yirik sanoat korxonalarida uchrashuvlar o‘tkazildi.  

Mazkur korxonalarda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan yurtdoshlarimiz bilan suhbatlar o‘tkazilib, ularning mehnat, turmush va yashash sharoitlari bilan bog‘liq fikrlari tinglandi.

Bosh konsulxona tomonidan O‘zbekiston jamoat birlashmasi faollari va Kemerovo viloyatida yashovchi vatandoshlar bilan hamkorlikda Leninsk-Kuznetskiy shahrida o‘zbekistonlik san’atkorlar ishtirokida madaniy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Shuningdek, Novosibirskdagi Sibir va Uzoq Sharqdagi eng yirik “Osiyo–Sibir” ulgurji-taqsimlash markazida mehnat qilayotgan fuqarolarimiz uchun ham konsert dasturi va bayram dasturxoni tashkil etildi.

N.Usmonova,

O‘zA