Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xorijdagi o‘zbeklar: davlat ramzlari o‘zga yurtda bizning yuzimiz, milliy g‘ururimiz bo‘ladi
14:50 / 2021-07-02

Davlat ramzlari har bir mamlakatning mustaqilligi, hurligi, ozodligini o‘zida ifodalovchi, millatlarning tarixiy xotirasi, o‘tmishi va ertasini o‘zida mujassam etuvchi muqaddas belgidir. Shu bois ham davlat ramzlari doimo azizu mukarram va ulug‘ sanalgan, ularni ko‘zga surtib, to‘tiyo qilish yuksak an’anaga aylangan.

Tarixga nazar solsak, ulug‘ ajdodlarimiz, sarkardalarimiz milliy ramzlarni or-nomus, shon-sharaf, elu yurtning yuzi sifatida qadrlagan. Tug‘ini jonidan-da ortiq asrab-avaylagan To‘maris, Temur Malik, Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Mirzo Bobur kabi vatanparvar ajdodlarimizning ona Vatani ramziga, yurt tuprog‘iga nisbatan mehri, sadoqati, fidoyiligi barcha avlodlarga hayotiy ibrat, namuna bo‘lishga arziydi.  

Bugun mustaqil O‘zbekistonimizning Konstitutsiyasi, bayrog‘i, gerbi, madhiyasi istiqlolimizning muqaddas belgilari sifatida har birimizga milliy g‘urur, iftixor bag‘ishlaydi. Hech e’tibor berganmizmi, Vatanimizning yorqin timsollari oldida hamisha qaddimizni tik, boshimizni baland, g‘ururimizni yuksak tutamiz beixtiyor. Bu bejiz emas. Chunki yurt ramzlarining muqaddasligi ongimiz, qalbimiz, tafakkurimizga ona suti bilan, onamizning issiq taftiyu mehri bilan singib bo‘lgan, kindik qonimiz to‘kilgan tuproqqa bog‘langan mehr-muhabbatimiz bilan his qilamiz ularni.  

Turli sport musobaqalari, tadbirlarda Vatan ramzlarini ko‘zga surtish odati bizga juda tanish manzara. Bu ham bejis emas. Davlat ramzlarini o‘pib, ko‘zga to‘tiyo qilish Vatanni sevish, ardoqlash, unga sadoqatini namoyon qilish, uning uchun jonini-da fido etmoqqa tayyor bo‘lish deganidir.  

Muqaddas ramzlarimizdan biri Davlat gerbi tasdiqlanganiga bu yil 29 yil to‘ldi. Davlatimiz gerbi 1992 yil 2 iyulda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi tomonidan qabul qilingan qonun bilan tasdiqlangan. Shu bois 2 iyul – O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi qabul qilingan kun sifatida yurtimiz fuqarolari uchun katta bayram, qadrli sanalardan biriga aylangan.  

Gerb – bir davlatni boshqalardan ajratib turadigan nishoni, ramzi va timsoli hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi ham milliy timsolimiz sifatida yurtimizning tarixiy an’analari, qadriyatlari, urf-odatlari, milliy o‘ziga xosligini, siyosiy, jug‘rofiy, etnik xususiyatlarini ifodalovchi ramziy ahamiyatga ega tasvirlar yig‘indisini o‘zida mujassam etgan. Gerbimizda o‘z ifodasini topgan har bir tasvir alohida ma’no-mazmun va ahamiyatga ega. Undagi jannatmonand diyorimiz husn-tarovatiga ishora etuvchi manzaralardan tortib, daryo, bug‘doy boshog‘i, g‘o‘za va paxta chanoqlari xalqimizning tinchlik, yaxshilik, baxt-saodat, farovonlik yo‘lidagi orzu-umidlari ifodasidir. Quyosh, yarim oy, yulduz – jamiyatimiz jipsligi belgisi, afsonaviy Humo qushi – omad, himmat, olijanoblik, erksevarlik va fidoyilik ramzi, gullagan vodiy uzra quyosh zarrin nurlarini sochib turishi – farovonlik, yorqinlik timsoli. Bir so‘z bilan aytganda, gerbimizdagi tasvirlarning barchasi millatimiz, xalqimiz hayoti, tarixi, ruhiyati va an’analari hamda buguni va ertasi bilan chambarchas bog‘liq timsollardir. Ular esa bizning tinch, osoyishta, ozod va erkin hayotimiz, yorug‘ kelajagimiz, porloq ertamizga bo‘lgan ishonchimizni ifodalaydi.  

Davlat ramzlarimiz har birimizga o‘zgacha g‘urur, iftixor, vatanparvarlik hissini bag‘ishlaydi. Ayniqsa, xorijdagi vatandoshlarimiz uchun milliy timsollarimiz yanada qadrli, qalbiga yaqin, o‘zga yurtda doimiy hamroh sifatida o‘zgacha faxr hissini uyg‘otadi.  

– Mana, 12 yildirki, Germaniyada oilam, bolalarim bilan istiqomat qilaman, – deydi asli buxorolik Gulmira Jumayeva. – Barcha sharoit, sevimli ish faoliyatim bo‘lsa-da, baribir ona Vatanim sog‘inchi, yaqinlarim diydori doimo qalbimda. O‘zga yurtda bo‘lganingdan keyin bu yerdagi vatandoshlaring, ona yurtingga tegishli hamma-hamma narsa ko‘zingga boshqacha bir yaqin ko‘rinadi, iliqlikni tuyasan o‘zingda. Frankfurt shahriga konsullikka borganimda, kirish qismiga katta qilib ilib qo‘yilgan bayrog‘imiz, gerbimizni ko‘rganimda, vujudim his-hayajondan titrab ketadi, o‘zimni xuddi O‘zbekistondagiday his qilaman. Uyimizga o‘zbek talabalar mehmonga kelishsa, “sizni uyingizda o‘zimizni xuddi O‘zbekistondagiday sezamiz, sababi oilangiz, er-xotin va farzandlaringiz orasidagi munosabatlar o‘zbekona. Yana hamma idishlaringiz paxta gullik, doim milliy taomlarni tayyorlaysiz, uyingizda o‘zbekona fayz bor”, deyishadi. Nemislar o‘zining “Punklichkeit” – hamma ishini o‘z vaqtida qilishi bilan faxrlanishsa, biz mehmondo‘stligimiz bilan ajralib turamiz. Milliy o‘ziga xosligimiz, milliy timsollarimiz, davlat ramzlarimiz, ayniqsa, o‘zga yurtda bizga yanada boshqacha g‘urur-iftixor bag‘ishlaydi, bizning yuzimiz bo‘ladi. Bilasizmi, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarim, profillarimda ham doim davlatimiz ramzlari aks etgan suratlarni qo‘yaman. Qayerda bo‘lmay, O‘zbekiston vakili, o‘zbek farzandi ekanligimni o‘zgacha faxr bilan namoyon qilishga intilaman. Davlat gerbimiz qabul qilingan kun munosabati bilan barcha yurtdoshlarimizni tabriklab, mustaqilligimiz abadiy, yurtimiz tinch-osoyishta bo‘lishini Yaratgandan so‘rab qolaman.  

Darhaqiqat, o‘zga yurtdagi yurtdoshlarimiz ham biz bilan birga milliy ramzimiz qabul qilingan kunni qadrlab, bayram qilishmoqda, u bilan faxr-iftixor hissini tuymoqda. Xalqimizning shon-sharafi, tarixiy xotirasi, o‘tmishi, buguni va ertangi intilishlarining mujassami bo‘lgan gerbimiz yurtimizning ko‘zgusi, timsoli sifatida muqim yashasin. Mamlakatimiz va xorijdagi yuksak o‘rinlarda savlat to‘kib, mustaqil O‘zbekiston yo‘lining barqaror va bardavomligidan darak beraversin.  

 

Muhtarama Komilova, O‘zA