Inson zoti qayerda bo‘lmasin, tabiatan o‘z oshyoniga – uyiga, ona Vataniga, ota-onasiyu bola-chaqasi, oilasi bag‘riga intiladi, yurti haqida qayg‘uradi.
Vatandan olisda bo‘lsa, bir ko‘ngli yurtida, oilasida bo‘ladi. Bugun taqdir taqozosi bilan yoxud vaqtinchalik ish-yumush bilan xorijiy davlatlarda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz ko‘pchilikni tashkil etadi. Ular qayerda bo‘lishidan qat’iy nazar, O‘zbekiston fuqarolari, biz singari haq-huquqlarga ega, o‘z navbatida, yurt uchun burchi va mas’uliyati ham bor.
Ma’lumki, yurtimizda O‘zbekiston Prezidenti sayloviga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda, nomzodlarning targ‘ibot-tashviqot ishlari jadal olib borilmoqda. Shu bilan birga, saylovchilarning saylov jarayonidagi ishtirokini ta’minlash borasidagi tayyorgarliklar ham o‘z o‘rnida tashkil etilayapti. Bunda nafaqat yurtimizdagi fuqarolar, balki xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarining saylov huquqlarini ta’minlash masalalari ham doimiy e’tiborda bo‘lib turibdi.
Xo‘sh, xorijdagi vatandoshlarimiz ushbu muhim siyosiy tadbirda ishtirok etishi, o‘z saylov huquqidan foydalanishi uchun nima qilishi kerak? Ularning ovoz berish jarayoni qanday tashkil etiladi va bu borada qanaqa chora-tadbirlar ko‘rilmoqda?
O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 561-moddasida saylovchining chet davlatda turgan joyida ovoz berish tartib-qoidalari mustahkamlab qo‘yilgan. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga va chet davlatlarning vakolatli davlat hokimiyati organlari bilan kelishuvlarga muvofiq chet davlatlarning aholi zich joylashgan hududlarda muddatidan oldin ovoz berish saylovchining turgan joyida o‘tkazilishi mumkin. O‘zbekiston Respublikasining chet davlatdagi diplomatik va boshqa vakolatxonasi huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyasi saylovchilarning turgan joyida ovoz berish vaqti hamda joyi to‘g‘risida qaror qabul qiladi va bu haqda saylovchilarni, kuzatuvchilarni ommaviy axborot vositalari orqali xabardor etadi.
Saylovchilarning turgan joyida ovoz berishi O‘zbekiston Respublikasining chet davlatdagi diplomatik va boshqa vakolatxonasi huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyasining kamida ikki nafar a’zosi hozirligida o‘tkaziladi. Ovoz berish uchastka saylov komissiyasi joylashgan davlatning mahalliy vaqti bilan 8:00 dan 20:00 gacha davom etadi. Ovoz berish tugaganidan keyin uchastka saylov komissiyasi a’zolari ko‘chma ovoz berish qutisini ochadi, uning ichidagi saylov byulletenlarini sanamasdan maxsus qopga joylaydi, qopni surg‘uchlaydi va bu haqda dalolatnoma tuzadi.
Qonunchiligimizga ko‘ra, chet davlatlarda turgan fuqarolar saylovdan kamida 15 kun oldin O‘zbekistonning diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyalariga yozma tarzda ariza berishi kerak. Shuningdek, Tashqi ishlar vazirligining saylov.mfa.uz sayti orqali elektron murojaat qilishi ham mumkin.
Ayni kunlarda O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi vakolatxona va konsulxonalari tomonidan mamlakatimiz fuqarolarining saylovga oid huquqlarini to‘la ta’minlash uchun zarur choralar ko‘rilmoqda. Vatandoshlar bilan uchrashuv va davra suhbatlari tashkil etilib, ularga O‘zbekiston Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish borasidagi sa’y-harakatlar, ovoz berish jarayoni haqida axborot va ma’lumotlar berilmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining Dubay shahridagi Bosh konsulxonasida Prezident saylovini yuqori darajada tashkil etish va uni o‘tkazishga yo‘naltirilgan faoliyat doirasida tashkil etilgan davra suhbatida O‘zbekiston Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish, ushbu mamlakatda bo‘lib turgan mamlakatimiz fuqarolarining saylovda faol ishtirok etishini hamda ovoz berish jarayoni hozirgi pandemiya sharoitida saylovchilarning salomatligi va xavfsizligi ta’minlangan holda o‘tishini ta’minlash bilan bog‘liq masalalar yuzasidan o‘zaro fikr almashildi. Shuningdek, fuqarolar milliy saylov qonunchiligimizga kiritilgan o‘zgartishlar, saylovni o‘tkazish va ovoz berish tartib-qoidalari bilan batafsil tanishtirildi. Davra suhbati ishtirokchilariga Markaziy saylov komissiyasining qaroriga binoan, O‘zbekistonning Dubay shahridagi Bosh konsulxonasi huzurida saylov uchastkasi tashkil etilgani ma’lum qilindi.
O‘zbekiston Prezidenti sayloviga boshqa mamlakatlarda ham tayyorgarlik jarayonlari qizg‘in ketmoqda. Markaziy saylov komissiyasining qaroriga muvofiq, 14-Toshkent shahar saylov okrugiga biriktirilgan O‘zbekistonning Bryussel shahridagi elchixonasi huzurida saylov uchastkasi tashkil etilgan. Mazkur saylov uchastkasi hududiga Belgiya, Daniya, Lyuksemburg va Niderlandiya mamlakatlari kiritilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ba’zi bir sabablar bilan 24 oktyabr kuni Bryussel shahrida tuzilgan saylov uchastkasiga kelish imkoniyati bo‘lmagan fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqini ta’minlash maqsadida ular zich yashaydigan va qulay bo‘lgan hududlarda ham muddatidan oldin ovoz berishni tashkil etish rejalashtirilgan. Xususan, 17 oktyabr kuni Niderlandiyaning Utrext shahrida ko‘chma saylov uchastkasi tashkil etiladi.
Ayni paytda Xitoyda bo‘lgan o‘zbekistonlik saylovchilar mamlakatimizning Pekindagi elchixonasi, shuningdek, Shanxay va Guanchjou shaharlaridagi Bosh konsulxonalarda o‘z konstitutsiyaviy huquqidan foydalanadi. O‘zbekistonning Xitoydagi diplomatiya va konsullik vakolatxonalari tomonidan vatandoshlarning bo‘lajak saylovda faol ishtirokini ta’minlash uchun barcha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Vakolatxona huzurida tuzilgan 14 - Toshkent saylov okrugiga qarashli 48 - saylov uchastkasida saylovga tayyorgarlik ko‘rish, ovoz berish jarayonlarini tashkil etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
O‘zbekistonning Olmaota shahridagi Bosh konsulxonasi huzurida tashkil etilgan 21-saylov uchastkasida ham ishlar qizg‘in. Qozog‘istondagi vatandoshlarimizning saylov huquqlarini ta’minlash bo‘yicha konsullik vakillari tomonidan davra suhbatlari tashkil etilib, targ‘ibot-tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Xususan, bunday uchrashuvlarda vatandoshlarimiz mamlakatimizda Prezident sayloviga qizg‘in hozirlik ko‘rilayotgani, siyosiy partiyalardan ko‘rsatilgan besh nafar nomzod ayni kunlarda hududlarda targ‘ibot ishlarini olib borayotgani, ularning saylovoldi dasturlarida ilgari surilayotgan asosiy yo‘nalishlar bilan tanishtirilyapti.
Bir so‘z bilan aytganda, xorijdagi vatandoshlarimizning ham saylov huquqlarini to‘la ta’minlash, ushbu muhim tadbirda o‘z siyosiy irodasini ifoda etishlari uchun shart-sharoit yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Albatta, bu yo‘nalishdagi chora-tadbirlar saylov qonunchiligimizda belgilangan tartib-qoidalar asosida tashkil etilayapti.
Muhtarama Komilova, O‘zA