Markaziy saylov komissiyasida Xalqaro migratsiya tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbariyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda ikki tashkilot o‘rtasidagi hamkorlik masalalari, xususan, mehnat, o‘qish, davolanish va boshqa sabablarga ko‘ra xorijiy davlatlarda bo‘lgan, istiqomat qilayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining ovoz berish huquqlarini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda saylovlar va referendum davrida O‘zbekiston Respublikasining diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida ham uchastka komissiyalari tuzilayotgani, xorijda bo‘lgan vatandoshlarimizning saylovlar va referendumga oid xabardorligini oshirish, ularni ovoz beruvchilar ro‘yxatiga kiritish va ro‘yxat bilan tanishtirish, ovoz berish joyi va vaqti haqida xabardor qilish borasidagi keng ko‘lamli ishlar tashkil etilayotgani qayd etildi.

Markaziy saylov komissiyasi raisi Z.Nizomxodjayev saylovlar va referendum jarayonlarida Xalqaro migratsiya tashkiloti bilan hamkorlikni kuchaytirish xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarining saylovlar va referendumdagi ishtirokini kengaytirishda, ularning ovoz berish huquqlarini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Uchrashuvda Xalqaro migratsiya tashkilotining Markaziy Osiyo bo‘yicha submintaqaviy koordinatori, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, O‘zbekistondagi missiyasi rahbari Zeynal Gadjiyev Markaziy saylov komissiya bilan hamkorlik aloqalarni rivojlantirishga va amaliy yordam ko‘rsatishga tayyor ekanligini bildirdi.

O‘zA