Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xorijdagi fuqarolarning huquqlarini himoya qilish kuchaytirildi
14:26 / 2024-12-30

2024 yil 5 dekabrda “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirdi.

Qonun bilan Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartirishlar kiritildi. Unga ko‘ra, ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarni jazoni o‘tashni davom ettirish uchun, shuningdek, ruhiy kasallikka chalingan shaxslarni majburiy davolash uchun berish va qabul qilish asoslarini tartibga soluvchi qoidalar belgilandi.  

Kodeks yangi 66-bob bilan to‘ldirildi. Mazkur bob 13 moddani o‘z ichiga oladi. Unda xorijiy davlat sudining qarorini tan olish va ijroga qaratish, ozodlikdan mahrum etilgan shaxsni jazoni o‘tashni davom ettirish uchun, shuningdek, o‘ziga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasi qo‘llanilgan shaxsni majburiy davolashni davom ettirish uchun qabul qilib olish va xorijiy davlatga berishning asoslari, shartlari, ko‘rib chiqish va alternativ jazo tayinlash tartibi hamda rad etish sabablari qayd etilgan.  

Mahkumni topshirish va qabul qilish uning qonuniy vakilining yoki yaqin qarindoshining arizasiga, shuningdek, qabul qilinayotgan shaxsning yoki uning qonuniy vakilining roziligi bilan Bosh prokuraturaning yoki xorijiy davlat vakolatli organining so‘roviga ko‘ra yo‘l qo‘yilishi belgilandi.  

Qonunga asosan mahkumni qabul qilib olish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqish belgilangan tartibda amalga oshiriladi.  

Ya’ni, ozodlikdan mahrum etilgan shaxs yoki tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasi qo‘llanilgan shaxs tomonidan murojaat yo‘llangandan so‘ng Bosh prokuratura mazkur shaxsning fuqaroligi tasdiqlangandan keyin xorijiy davlatning vakolatli organiga masalani hal etish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni taqdim etish to‘g‘risida so‘rov yuboradi.

So‘rov qanoatlantirilgan taqdirda, Bosh prokuror yoki uning o‘rinbosari mazkur shaxslarni qabul qilish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Shundan keyin Bosh prokuror yoki uning o‘rinbosari xorijiy davlat sudining qarorini tan olish va ijroga qaratish to‘g‘risida sudga iltimosnoma kiritadi. Kiritilgan iltimosnoma mahkum yashash joyiga tegishli bo‘lgan sudya tomonidan ko‘rib chiqiladi.  

Sudya jazoni o‘tash uchun xalqaro shartnomalarga muvofiq xorijiy davlat tomonidan topshirilgan mahkumga nisbatan jazo muddati xorijiy davlat sudining hukmi bilan tayinlangan muddatga mutanosib ravishda jazo tayinlaydi.

Qonunda ozodlikdan mahrum etilgan shaxsni jazoni o‘tashni davom ettirish uchun, shuningdek, o‘ziga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasi qo‘llanilgan shaxsni majburiy davolashni davom ettirish uchun xorijiy davlatga berishni rad etishning asoslari aniq belgilab qo‘yildi.

Mazkur qonun milliy qonunchilikda mahkumlarni topshirish tartibining normativ-huquqiy asosini shakllantirib, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalar bo‘yicha o‘zining majburiyatlarini lozim darajada ijro etishiga imkon yaratdi. O‘z navbatida, mahkumni unga belgilangan jazoni o‘z davlatida o‘tashi orqali uni ijtimoiy reabilitatsiya qilish jadallashadi.  

Xorijdagi fuqarolarning huquqiy himoya qilinishi va ularga homiylik ko‘rsatilishi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi imijiga ijobiy ta’sir qiladi.

Norgul Abduraimova, O‘zA