Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xorijda vafot etganlarni olib kelish xarajatlari Migratsiya jamg‘armasidan moliyalashtiriladi
13:29 / 2025-06-17

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda huquqni qo‘llashda yagona amaliyotni ta’minlashga to‘sqinlik qiluvchi, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni keltirib chiqaruvchi hamda tadbirkorlarning ortiqcha sarson bo‘lishiga sabab bo‘luvchi ayrim normalarni huquqiy jihatdan tartibga solish zarurati yuzaga kelyapti.  

Shundan kelib chiqib, amaldagi 12 ta qonunlarga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Jumladan, qonun loyihasi bilan o‘rmon fondi yerlarini onlayn-auksion orqali foydalanishga berish, shuningdek, yig‘imlar faqat qonunlar bilan belgilanishini nazarda tutish belgilab qo‘yilmoqda.

[gallery-23936]

Shuningdek, “Dafn etish va dafn ishi to‘g‘risida”gi qonunga mehnat migratsiyasida bo‘lgan davrda vafot etgan fuqarolarning jasadlarini olib kelishni tashkil etish xarajatlari Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligining Migratsiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qonunchilikda belgilangan tartibda moliyalashtirilishi taklif etilmoqda.

Shaharsozlik kodeksida esa shaharsozlik normalari va qoidalarini texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar qatoridan chiqarish belgilanyapti.  

Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasining maktabgacha ta’lim va tarbiyaning davlat standartini tasdiqlash vakolati Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga o‘tkazilmoqda.

Mazkur hujjat loyihasining qabul qilinishi huquqni qo‘llashda yagona amaliyotni ta’minlash, qonunchilikdagi tafovut va ziddiyatlarni, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlarini ishonchli himoya qilish bilan bog‘liq munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishga xizmat qiladi.  

Deputatlar qizg‘in muhokamalarda bir qator savollarni o‘rtaga tashladilar va tegishli javoblar oldilar. Shundan so‘ng qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.

M.Komilova, O‘zA