English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xorijda ta’lim olishni tashkil etish tizimi tubdan qayta ko‘rib chiqiladi
09:53 / 2021-02-14

Prezidentimizning 2021 yil 11 fevraldagi “Davlat xizmatchilari va mutaxassislarni xorijda tayyorlash hamda ularning salohiyatini yanada oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, “El-yurt umidi” jamg‘armasining qo‘shimcha vazifa va faoliyat yo‘nalishlari belgilandi.

Unga ko‘ra, mutaxassislarni izlab topish, tanlash va ularning xorijda ta’lim olishini tashkil etish tizimi tubdan qayta ko‘rib chiqiladi.

Bunda:

– ochiq stipendiya tanlovlari asosida xorijda bakalavriat, magistratura va doktoranturada ta’lim olish dasturlari Jamg‘armaning asosiy ta’lim dasturlari hisoblanadi;

– Jamg‘arma ta’lim dasturlari bo‘yicha nomzodlarni saralash tanlovi muntazam ravishda va O‘zbekistonning barcha fuqarolari uchun ularning respublikadagi ish va o‘qish joyidan qat’i nazar ochiq tarzda amalga oshiriladi;

– Jamg‘arma tomonidan vazirlik, idora va tashkilotlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri buyurtmalari asosida istiqbolli va talab yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar bo‘yicha stajirovkadan o‘tish dasturlari tashkil etiladi.

Jamg‘arma ta’lim dasturlari bo‘yicha nomzodlarning ochiq saralash tanlovi davlat va jamiyat boshqaruvi, qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq sohasi, ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqa ijtimoiy soha tarmoqlari, iqtisodiyot sohalari va tarmoqlari bo‘yicha amalga oshiriladi.

Jamg‘arma 2021 yilda ochiq stipendiya tanlovlari asosida yoshlarning nufuzli xorijiy mamlakatlarda bakalavriat dasturi bo‘yicha ta’lim olishi uchun 100 ta o‘rin, magistratura va doktoranturada o‘qish uchun avvalgi yillarga nisbatan o‘rtacha 5 barobar ko‘p o‘rin ajratadi.

O‘zA