Qashqadaryo viloyat hokimi Murotjon Azimov xorijda ta’lim olayotgan va mehnat qilayotgan qashqadaryolik yoshlar bilan onlayn hamda oflayn muloqot qildi. Jarayonda 150 nafarga yaqin yosh ishtirok etdi. Ularning taklif va mulohazalari tinglandi.
– Bugungi uchrashuvimizda 20 dan ortiq davlatlarda ta’lim olayotgan va mehnat qilayotgan yoshlarimiz o‘zlarining takliflari bilan qatnashdi, – deydi viloyat Yoshlar ishlari boshqarmasi rahbari Ulug‘bek Sultonov. – Uchrashuvda 50 ga yaqin taklif eshitildi. Albatta ushbu takliflar asosida ishlab chiqilgan chora-tadbirlar kelgusida viloyatimiz rivojiga hissa qo‘shishi bilan ahamiyatlidir. Bu uchrashuv ikkinchi marotaba tashkil etilmoqda. Birinchi uchrashuvda 200 nafardan ortiq yoshlar ishtirok etgandi. Ular tomonidan bildirilgan takliflar amaliyotga tatbiq etila boshladi. Birgina Janubiy Koreyada faoliyatini olib borayotgan Lobar Zoirova tomonidan bildirilgan aqlli issiqxonalarni tashkil etish taklifi o‘zi faoliyat olib borayotgan kompaniya vakillarining viloyatga tashrifi va ikki tomonlama muzokaralar olib borilib, kelishuvga erishilishi bilan yakunlandi.
Muloqot jarayonida yoshlar tomonidan turizm, iqtisodiy-ijtimoiy sohalar, transport sohasini raqamlashtirish, tibbiyot, chet elda yangi ish o‘rinlariga viloyatlik yoshlarni taklif etish va bunda ularga har tomonlama yordam ko‘rsatish kabi ko‘plab takliflar bildirildi.
– Shu tadbirda ishtirok etish uchun Belarusdan uchib keldim, – deydi Davlatbek Muhiddinov. – Aeroportdan tushar ekanman, taksi xizmatiga ehtiyoj tug‘ildi. Ko‘p vaqt ushlanib qoldim. Xayolimga kelgan birinchi fikr tarmoqli taksi xizmatini onlayn yo‘lga qo‘yish haqida o‘ylab qoldim va bugungi uchrashuvda shu taklifimni bildirdim. To‘g‘ri, hozir shahar markazida onlayn taksi xizmatlari bor ekan, lekin juda kam. Shahar tashqarisiga esa yo‘q. Shunday bitta platforma ishlab chiqish kerakki, butun viloyatga, kerak bo‘lsa, boshqa viloyatlarga ham xizmat qilsin. Afzallik tomoni shundaki, bunda yo‘lovchilarning vaqti va mablag‘i tejaladi, haydovchilarga esa yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Ta’kidlash lozimki, bugungi kunda xorijdagi qashqadaryolik yoshlar soni 17 ming 339 nafarni tashkil etadi.
Shundan, 1 ming 58 nafari o‘qish uchun, 16 ming 85 nafari ishlash uchun, 13 nafari yashash uchun, 183 nafari davolanish va boshqa sabablarga ko‘ra xorijga ketgan yoshlar hisoblanadi.
Migratsiyadagi yoshlarning 4 ming 631 nafarini xorijdan qaytarilib bandligi ta’minlanishi rejalashtirilgan.
[gallery-18272]
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 29 may kuniga qadar bandligi ta’minlanishi rejalashtirilgan xorijdagi yoshlardan 1 ming 405 nafarining bandligini ta’minlashga erishildi.
Xorijda ta’lim olayotgan va mehnat qilayotgan yoshlar bilan o‘zaro hamkorlikning mustahkamlanishi, ularning taklif va g‘oyalari tinglanishi, amaliyotga tatbiq etilishi birinchi navbatda yoshlar bandligini ta’minlashga, qolaversa, viloyat iqtisodining yanada rivojlanishiga xizmat qiladi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari