FOTOREPORTAJ
Samarqand shahrida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi, Samarqand viloyati hokimligi va Xususiy bandlik agentliklari uyushmasi hamkorligida “Xorijda ish” mehnat yarmarkasi tashkil etildi.
Tadbirda yigirmaga yaqin xususiy bandlik agentliklari va xorijiy ish beruvchi kompaniyalar ishtirok etib, yurtimiz fuqarolariga xorijda rasmiy va qonuniy ish o‘rinlarini topishda ko‘maklashish, huquqiy asosda ishga joylashish imkoniyatlari hamda yuqori maoshli takliflar haqida ma’lumotlar taqdim etdi.
Yarmarka doirasida Bolgariya, Germaniya, Janubiy Koreya, Mo‘g‘uliston, Slovakiya, Turkiya, Xorvatiya va Birlashgan Arab Amirliklari kabi davlatlarga qonuniy mehnat migratsiyasini amalga oshirish tartib-taomillari, talab etiladigan hujjatlar, rasmiy mehnat shartnomalari va davlatlararo kelishuvlar haqida to‘liq ma’lumotlar berildi.
[gallery-25496]
Migratsiya hamda xususiy bandlik agentliklari mutasaddilari xorijda ishlash istagi bo‘lgan fuqarolar bilan suhbat olib borib, har bir mamlakatdagi ish haqi miqdori, ish sharoitlari, turmush shartlari va ijtimoiy kafolatlar yuzasidan tushunchalar berdi. Shuningdek, xorijda ishlayotgan fuqarolarning huquqiy manfaatlarini himoya qilish mexanizmlari, xalqaro normalarga mos kafolatlar taqdim qilindi.
- Bugungi yarmarkada xorijda ishlash istagida bo‘lgan yoshlar uchun mo‘ljallangan ausbilding dasturi haqida to‘liqroq ma’lumot berishga harakat qildik, - deydi Samarqand 2-son politexnikumi direktor o‘rinbosari Fazliddin Shodiyev. – Bu dastur O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi ko‘magida amalga oshirilmoqda. Bunda yuqori talabga ega bo‘lgan kasbni egallash, Germaniyada o‘qish va amaliyot o‘tash hamda Yevropa diplomi va barqaror daromad olish imkonini mavjud. Ausbilding — bu nemis tizimi bo‘yicha o‘qish va amaliyot birlashtiruvchi dual kasbiy ta’lim dasturi hisoblanadi. Shuningdek, u Germaniyada rasmiy ishga joylashish uchun yaxshi imkoniyatdir. Dasturda 17 yoshdan 26 yoshgacha bo‘lgan yoshlar grant va shartnoma asosida o‘qishlari mumkin. O‘qishning bir yili yurtimizda, mutaxassisligiga qarab 2-3 yili Germaniyada amalga oshiriladi.
Taqdimotlarda fuqarolarga faqat litsenziyaga ega, davlat ro‘yxatidan o‘tgan va xalqaro sheriklikka ega bo‘lgan agentliklar orqali ishga joylashish tavsiya qilindi. Xususiy agentliklar fuqarolarni aldovdan asrash, sharoitlarni oldindan tushuntirish, ish joyiga yetib borgunga qadar to‘liq hamrohlik qilish va o‘rnatilgan kelishuv asosida xizmat ko‘rsatishlari alohida qayd etildi.
Alisher ISROILOV (surat), O‘zA