Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xorijda o‘qish va malaka oshirish bo‘yicha tanlov g‘oliblari taqdirlandi
11:50 / 2021-05-22

“El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan matematika, kimyo, biologiya va geologiya fanlari yo‘nalishida magistratura va doktoranturada tahsil olish, stajirovka o‘tash va malaka oshirish dasturlari bo‘yicha o‘tkazilgan tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

“Yangi O‘zbekistonni bilimli, fidoyi, vatanparvar yoshlar bilan birga bunyod etamiz!» shiori ostida o‘tgan tadbirda taniqli olimlar, akademiklar, adabiyot va san’at namoyandalari hamda jamg‘arma tomonidan o‘tkazilgan stipendiya tanlovlarida g‘olib bo‘lgan talabalar va tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Tadbirda “Yel-yurt umidi” jamg‘armasi tanlovining 2021 yilgi g‘oliblariga tegishli sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi.

Joriy yilning yanvar oyida e’lon qilingan 250 o‘rin uchun tanlovlarga 2 ming 957 nafar nomzod ariza topshirib, ularning 115 nafari saralash tanlovining barcha bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tdi. Tanlov natijalariga ko‘ra, kimyo fanidan 38 nafar, geologiya fanidan 33 nafar, matematika fanidan 24, biologiya fanidan 20 nafar nomzod g‘olib, deb topildi.

Qayd etish lozim, jarayonlarning har tomonlama shaffof va oshkora o‘tishini ta’minlash maqsadida vazirlik, idora va tashkilotlar, jumladan, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’lim vazirligi, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi, Fanlar akademiyasi, shuningdek, mamlakatimizda joylashgan xalqaro universitetlar, qolaversa, “Yuksalish” umummilliy harakatining Xalqaro ekspertlar kengashi a’zolari jalb etildi.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan tashkil etiladigan stipendiya tanlovlarida ishtirok etuvchi nomzodlarning Vatanimiz tarixi, buyuk ajdodlarimiz merosi, ma’naviy bilimlari darajasini aniqlash bo‘yicha suhbat dasturini ishlab chiqdi.

Mazkur suhbat dasturida “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” g‘oyasi asosida O‘zbekiston taraqqiyotning yangi davriga qadam qo‘ygani, amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy-ma’rifiy islohotlar, mamlakatimizning xalqaro miqyosda olib borayotgan tinchliksevar siyosati, demokratik islohotlar, barcha sohalardagi yangilanishlar, muhim ustuvor vazifalarning mazmun-mohiyati aks etgan.

Eslatib o‘tamiz, davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasida har yili ilm-fanning bir nechta yo‘nalishiga ustuvor ahamiyat qaratilib, ularni jadal rivojlantirish, jumladan, “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan ilk marotaba bakalavriatga 100 o‘rin, magistratura va doktoranturaga esa oldingi yillarga nisbatan 5 barobar ko‘p o‘rin ajratilishi ta’kidlangan edi.

Fayzullo Yahyoyev, O‘zA