Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqildi.
Jumladan, “Oliy ta’limga oid malakalarni tan olish to‘g‘risidagi global konvensiyasini ratifikatsiya qilish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi muhokama qilindi.
Aytib o‘tilganidek, Global konvensiyaning asosiy maqsadlari milliy ta’lim tizimlarini xalqaro hamjamiyatga integratsiyalashuvi uchun shart-sharoitlarni takomillashtirish, ularning jahon miqyosida raqobatbardoshligini oshirish, oliy ta’lim sohasida xalqaro hamkorlikni rag‘batlantirish va mustahkamlash, mutaxassislar va talabalarning mobilligini kengaytirish, ta’lim standartlarini muvofiqlashtirishdan iborat.

Ushbu hujjat ta’lim kurslarini, oldingi ta’lim hujjatlari va malakasiga doir universal tan olish tamoyillarini belgilaydi. Bu esa, o‘z navbatida, ishtirokchi davlatlar fuqarolari uchun o‘z mamlakatlaridan tashqarida keyingi ta’lim va ishga joylashish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Yig‘ilishda qayd etilganidek, Global konvensiyaning O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilinishi bir qator maqsadlarga erishishga hissa qo‘shadi.
Xususan, Global konvensiya oliy ta’lim va tashqi mehnat migratsiyasi tizimi sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qator vazifa va ko‘rsatmalarni amalga oshirish uchun qo‘shimcha muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi. O‘z malakalarini xalqaro miqyosda tan olinishi orqali xalqaro mehnat bozoriga kirish, oliy ta’lim tizimini global oliy ta’lim tizimi bilan integratsiya qilish imkoniyatlarining kengayishiga hamda xorijda olingan malakalarni tan olishni soddalashtirish mexanizmlarini yaratadi.

Shuningdek, mazkur hujjat YUNESKOning so‘nggi yillardagi eng muhim tashabbuslaridan biri ekanini inobatga olgan holda, mazkur Tashkilot, shuningdek, Global konvensiyaga a’zo boshqa yetakchi davlatlar bilan ta’lim sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish imkonini beradi.
Ta’kidlanganidek, Markaziy Osiyo mintaqasidagi birorta davlat hali ham Global konvensiyaga qo‘shilmagan. MDH davlatlaridan faqat Armaniston qo‘shilgan. Global konvensiyani birinchi bo‘lib qo‘llab-quvvatlagan davlatlar qatorida ratifikatsiya qilish mamlakatimizning mintaqa va xalqaro maydondagi nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA