Oliy ta’lim sohasida xalqaro integratsiya jarayonlari jadal kechayotgan bo‘lsa-da, malakalarni tan olishda ayrim muammolar mavjud. Masalan, bir davlatda olingan diplom yoki malaka boshqa mamlakatda to‘liq tan olinmasligi mumkin edi.
2025 yil 12 noyabrda kuchga kirgan “Oliy ta’limga oid malakalarni tan olish to‘g‘risidagi global konvensiyani ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun shu kabi muammolarga barham berishga qaratilgan.

Qonun bilan aynan qanday imkoniyatlar yaratildi? Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Odiljon Mamatkarimov shu haqda batafsil ma’lumot berdi:
– Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi vaqtda dunyoda tahsil olayotgan 264 million talabaning 6,9 million nafari chet elda, 50 foizdan ortig‘i esa boshqa mintaqada tahsil olmoqda.
Lekin talaba mutaxassislik diplomini qo‘lga kiritganidan keyin o‘z yurtiga qaytib bemalol ishlay oladimi, degan savol ham bor. Afsuski, bu qiyin edi. Bizga kelayotgan murojaatlarda ham xorijda olingan diplomlarning yurtimizda tan olinishiga oidlari ko‘pchilikni tashkil etib kelgan.
Albatta, mamlakatimizda kadrlar salohiyatini jahon standartlari darajasiga olib chiqish, ularni xalqaro bilim makoniga integratsiya qilish yo‘nalishida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Oliy ta’lim tizimida xorijiy universitetlar bilan qo‘shma fakultetlar va filiallar soni keskin oshdi.
Ta’lim sohasida xorijiy davlatlar va nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan izchil hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan.
Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasida davlatimiz rahbari O‘zbekistonning oliy ta’lim sohasidagi malakalarni tan olishga oid Global konvensiyaga qo‘shilishini ma’lum qildi.
Mazkur qonun bilan ratifikatsiya qilingan konvensiya 2019 yil 25 noyabrda Parij shahrida bo‘lib o‘tgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 40-sessiyasida qabul qilingan.
Global konvensiya – oliy ta’lim sohasida bilim va ilg‘or tajriba almashish, ularni ommalashtirish va xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirishda muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.
Mazkur xalqaro hujjatga 38 davlat, jumladan, Avstraliya, Buyuk Britaniya, Norvegiya, Fransiya, Finlyandiya, Shvetsiya, Koreya, Yaponiya, Armaniston va Moldova kabi davlatlar qo‘shilgan.
Global konvensiya oliy ta’limga oid malakalarni xalqaro miqyosda tan olish va global akademik mobillikni rag‘batlantirish, barcha manfaatdor tomonlar uchun o‘zaro manfaatli va ishonchli sharoitlar yaratishda muhim huquqiy hujjatdir.
Malakalarni tan olishning adolatli, shaffof va ishonchli mexanizmlarini shakllantirish, ta’lim muassasalarining mustaqilligi va xilma-xilligini hurmat qilish, barcha uchun sifatli ta’limga teng imkoniyat yaratish va barqaror rivojlanishga hissa qo‘shish, jumladan, qochqinlar va majburan ko‘chirilgan shaxslar uchun ta’lim olish imkoniyatlari ham konvensiyada aks etgan.
Konvensiyaga a’zo davlatlar o‘rtasida oliy ta’lim malakalariga oid hujjatlarni tan olishda ma’lumotlar almashish uchun milliy axborot tizimi va markazi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Global konvensiya ta’lim kurslari, oldingi ta’lim hujjatlari va malakasiga doir universal tan olish tamoyillarini belgilaydi. Bu esa, o‘z navbatida, ishtirokchi davlatlar fuqarolari uchun o‘z mamlakatlaridan tashqarida ta’lim olish va ishga joylashish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Konvensiya qoidalari ijrosini monitoring qilish, ta’minlash hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash ishtirokchi davlatlar hukumatlararo konferensiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
Ishtirokchi davlatlarga Konvensiyaga a’zo davlatlar oliygohlarida olingan malakani, kelgusida oliy ta’lim olish, oliy ta’limni davom ettirish, oliy ma’lumotni tasdiqlovchi diplom bilan mehnat bozorida ishtirok etish uchun tan olish bo‘yicha majburiyat yuklaydi.
Konvensiya O‘zbekiston uchun amaliy ahamiyatga ega. Endilikda milliy oliy ta’lim va malakani tan olish tizimi global tizim bilan integratsiya qilinadi.
Bu sohada raqobatni kuchaytiradi va o‘z-o‘zidan ta’lim sifatini oshirishni taqozo qiladi. Talabalarning akademik mobilligi va intellektual salohiyat eksporti yangi bosqichga chiqadi. Xorijda ta’lim olgan talaba yoshlar uchun diplom va malakalarni tan olish masalalari yengillashadi.
Milliy universitetlar xalqaro reytinglarda faol ishtirok etadi va chet ellik talabalarning O‘zbekistonda ta’lim olish imkoniyatlari kengayadi.
Bir so‘z bilan aytganda, yangi qonun Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida ko‘zda tutilgan ta’lim tizimini modernizatsiya qilish va uni jahon standartlariga moslashtirish maqsadini amalga oshirishga zamin yaratdi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA