AOKAda tashkil etilgan brifingda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi axborot xizmati boshlig‘i Saodat Boymirzayeva sohaga tegishli ma’lumotlarni taqdim etdi.
Qayd etilishicha, 2025 yilda 139 ming 396 nafar xotin-qizni kasb-hunarga o‘qitish, 220 ming 980 nafar xotin-qizga ishga joylashishga ko‘maklashish, 134 ming 400 nafarini tadbirkorlikka o‘qitish choralarini ko‘rish belgilangan.
Kredit, subsidiya, ssudalarni ajratish hamda tadbirkorlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash orqali 100 ming 323 nafar xotin-qizlar o‘zini-o‘zi band qildi. Shundan 32 ming 326 nafariga kredit ajratildi, 33 ming 662 nafar xotin-qizga rag‘batlantiruvchi subsidiya va ssudalar ajratildi hamda 34 ming 335 nafarining tadbirkorlik loyihalari qo‘llab-quvvatlandi. Ishlash istagidagi xotin-qizlar uchun barcha tuman(shahar)larda jami 873 ta mehnat yarmarkalari tashkil etildi. Ushbu yarmarkalarda 16 mingdan ziyod korxona va tashkilot 105 mingdan ziyod bo‘sh ish o‘rni bilan qatnashgan hamda 15 ming 234 nafar xotin-qizning ishtiroki ta’minlandi.
Ta’lim muassasalari, mahallalarda, mehnat jamoalarida “Mas’uliyatli ota-onalik” loyihasi yo‘lga qo‘yilmoqda. Loyihaning asosiy maqsadi yosh oilalarga mas’uliyatli ota-onalik mezonlarini o‘rgatish orqali sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash tizimini takomillashtirishdan iborat.
Loyiha doirasida 10 ta indikatordan iborat “Mas’uliyatli ota-onalik” mezonlari ishlab chiqildi. Mazkur loyiha joriy yilda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi va boshqa mas’ul vazirlik-idoralar bilan birga amalga oshirilmoqda.
Xorijda og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan o‘zbekistonlik xotin-qizlar muammolarini o‘rganish maqsadida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi boshchiligidagi delegatsiya 2025- yilning 5-12 fevral kunlari Janubiy Koreyada xizmat safarida bo‘ldi.
Sayyor qabul davomida 10 nafar fuqaroning shaxsini tasdiqlovchi rasmiy hujjatlari (pasport) yo‘qolgani munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Koreyadagi elchixonasi tomonidan vatanga qaytish guvohnomalari (SVR) tayyorlandi. Ularning vatanga qaytishi uchun aviachiptalar xarid qilindi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA