Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xorijda malaka oshiradi
17:28 / 2025-10-27

Boyovut tumanidagi 13-umumta’lim maktabida faoliyat yuritayotgan ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Dilorom Berdimuratova o‘z mehnati, bilim va ijodiy salohiyati bilan respublika miqyosida yuksak natijaga erishdi.

U yaqinda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Xalqaro Nordik universiteti hamkorligida tashkil etilgan Erkin Vohidov nomidagi “E VOH” o‘zbek tili va adabiyoti fanidan o‘tkazilgan Respublika olimpiadasida faxrli ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Bu nufuzli bellashuvda mamlakat bo‘ylab 10 mingdan ziyod o‘qituvchi ishtirok etdi. Ular orasidan saralangan 79 nafar pedagog final bosqichiga yo‘llanma oldi. Ulardan biri — Boyovutlik o‘qituvchi  Dilorom Berdimuratova o‘z bilim va tajribasini namoyon etib, yuksak natija qayd etdi.

Dilorom Berdimuratovaning bu yutug‘i nafaqat shaxsiy muvaffaqiyat, balki Sirdaryo viloyati o‘qituvchilari uchun ham esda qolarli, quvonchli voqea bo‘ldi. Olimpiadadagi yuqori o‘rin unga Finlandiya va Shvetsiya davlatlarida malaka oshirish imkoniyatini ham berdi. Bu esa pedagogning xalqaro tajriba asosida o‘z faoliyatini yanada takomillashtirishiga, zamonaviy ta’lim usullarini o‘quv jarayoniga joriy etishini ta’minlaydi.

–   Eng muhimi, bu natija bizning maktab jamoasi uchun katta ilhom manbai bo‘ldi. Zamonaviy ta’limga intilish, doimiy izlanish va fidoyilik har bir ustoz uchun muhim ekanini yana bir bor his etdim,  –   deydi Dilorom Berdimuratova.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri