Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xorijda ishlash uchun xohish-istakning o‘zi yetarli emas...
18:27 / 2023-04-12

Janubiy Koreya davlatiga mehnat muhojirligiga borish faoliyati 2007 yillardan boshlangan edi. Bu yo‘nalishda asosan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi shug‘ullanadi.

Agentlik matbuot kotibi Ortiqxo‘ja Norov tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan 2018 yilda 2 ming 251 nafar, 2019 yilda 1 ming 717 nafar, 2020 yilda 242 nafar, 2021 yilda 1 ming 532 nafar, 2022 yilda 4 ming 901 nafar va joriy yilning o‘tgan davrida 1 ming 333 nafar fuqaro Koreya respublikasiga ishlash uchun yuborilgan.

Xo‘sh, Koreya Respublikasi hududida ishga joylashishning qanday tartib-qoidalari mavjud?

Mazkur savol yuzasidan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi mutaxassisi Otabek Komilov quyidagilarni ma’lum qildi.

– Koreya Respublikasiga ketish uchun mamlakatimiz fuqarolaridan malaka talab etilmaydigan Ye-9 ishchi vizasi bo‘yicha ushbu davlatda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish tartibi belgilangan, – deydi Otabek Komilov. – Mazkur viza orqali fuqarolar ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalariga jalb etiladi. Fuqarodan Koreyaning Inson resurslarini rivojlantirish xizmati (HRD) tomonidan o‘tkaziladigan EPS-TOPIC test imtihonidan muvaffaqiyatli o‘tish talab etiladi. Koreyadagi ish beruvchilar tegishli bazadan o‘ziga mos nomzodlarni izlaydi. Nomzodning yoshiga, mutaxassisligiga, tajribasiga, imtihon ballariga qaraydi. Shu tariqa ishchini tanlaydi va lozim topgan taqdirda onlayn suhbat tashkil qilishi mumkin. Suhbatlardan keyin esa fuqaroga shartnomani, mehnat qilish huquqini beruvchi chaqiruv qog‘ozini beradi. Nomzodlar tanlab olinishida ularning erkak yo ayol kishi ekanligi hamda nomzodning necha yoshda bo‘lishi ham ish beruvchining talabiga binoan amalga oshiriladi.

bugungi kunda xotin-qizlarga ham ish beruvchi tomonidan talablar bor. Masalan, Koreya Respublikasida biror ishlab chiqarish sohasiga aynan ayol kishi uchun munosib joylar bo‘lsa, ularga ham shartnoma qog‘ozlari keladi.

Hamma nomzod uchun bir xil imkoniyat taqdim etiladi. Janubiy Koreyaga ishga ketmoqchi bo‘lgan fuqarolarimiz juda ko‘pchilikni tashkil qiladi. Tizim shu darajada mukammal qilinganki, bu yerda inson omili aralashishi mumkin emas.

Ingliz tilini mukammal biladigan nomzodlarga shuning o‘zi yetarli emas. Nomzod aynan koreys tilida yetarli bilimga ega bo‘lishi lozim. Koreys tilini o‘rganishni istagan fuqarolarga esa muammo yo‘q. Hozirgi kunda respublikamizning har bir hududida koreys tilini o‘rgatuvchi mutaxassislarni topish mumkin.

Shuni alohida ta’kidlashim lozimki, imtihon savollari u qadar qiyin va mukammal emas. Koreya hukumati bilan o‘zaro kelishuvga asosan imtihonlar Koreyaning Inson resurslari markazi tomonidan tashkil qilinadi.

Belgilangan imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tgan fuqarolarni Koreya Respublikasiga ishga jo‘natish (E-9 ishchi viza) huquqiga ega yagona tashkilot Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi hisoblanadi. Koreyaga E-9 ishchi vizasi bilan ishlashga ketgan fuqaro oila a’zolarini chaqirish huquqiga ega emas. Bu kabi holatda fuqaro ish beruvchining kafilligi asosida va Koreya qonunlariga muvofiq, oila a’zolarini olib ketishi mumkin.

Xorijda ishlash uchun xohish-istakning o‘zi yetarli emas. Shuningdek, Koreyaga ishga ketmoqchi bo‘lgan nomzodlarda ranglarni ajrata olmaslik kasali (daltonizm )aniqlansa hamda fuqaroning sog‘lig‘ida jiddiy nuqsonlari bo‘lsa kasallikka chalingan fuqarolar bilan shartnoma tuzilmaydi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA