Motivatsiya!
Opera yo‘nalishida xalqaro tanlovlar sovrindori, “Kelajak bunyodkori” medali sohibasi, xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi deputati, Oliy Majlis Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zosi, komissiya raisi Go‘zal Abdullayeva bugungi kunda “Milliy Karaoke” loyihasiga menejerlik qilib kelmoqda.
1996 yil 28 mayda Bo‘stonliq tumanida tug‘ilgan bu serqirra iste’dod egasi yoshligidan san’atga, ijodga bo‘lgan mehri, e’tibori tufayli san’at maydoniga kirib keldi. U 2022 yilda O‘zbekiston davlat konservatoriyasida “Akademik xonandalik” yo‘nalishi bo‘yicha magistratura bosqichida o‘qishni tamomladi.
Bunga qadar bir qator respublika va xalqaro miqyosdagi qator ko‘rik-tanlovlarda faol ishtirok etib, o‘z iste’dodini namoyon etdi, munosib natijalarga erishdi. Xususan, 2015 yil Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida o‘tkazilgan “Peterburgskaya vesna” nomli xalqaro tanlovda “Akademik xonandalik” yo‘nalishida 2-darajali diplom sovrindori bo‘lgan. 2021 yil “Respublika yoshlar ovozi – Bo‘zatov” festivalida opera yo‘nalishida respublika bosqichida ishtiroki uchun sertifikat bilan taqdirlandi. 2021 yil Moskva shahrida o‘tkazilgan “Goroda Rossii” nomli xalqaro tanlovda “Akademik xonandalik” yo‘nalishida 1-o‘rin laureati bo‘ldi. Yana shu yili Qrim shahrida o‘tkazilgan “Rossiyskiy bereg. Osenyaya feyeriya” xalqaro san’at festivalida “Vokal san’ati” nominatsiyasida faxrli 1-o‘rin, “Mы vmeste” nomli xalqaro tanlovda “Akademik xonandalik” nominatsiyasida Gran-pri sovrindori bo‘ldi. 2021 yil Ispaniyada o‘tkazilgan “Talents of Europe” nomli xalqaro tanlovda vokal yo‘nalishida faxrli 1-o‘ringa, Italiyada masofaviy tarzda o‘tkazilgan “The Song” nomli xalqaro xonandalar tanlovida opera yo‘nalishida faxrli 2-o‘ringa loyiq ko‘rildi. 2022 yilda esa Qozog‘iston Respublikasi Nur-Sulton shahrida MDH davlatlari o‘rtasida o‘tkazilgan “Luchshiy molodoy uchenыy – 2022” xalqaro tanlovida “San’at” yo‘nalishi g‘olibi bo‘lgan.
Go‘zal Abdullayevaning iqtidori, san’at sohasida erishgan yutuq va natijalari davlatimizning e’tiboridan chetda qolmadi. U 2022 yilda “Kelajak bunyodkori” medaliga munosib deb topildi. Bu esa yurtimizda yoshlar uchun yaratilgan keng ko‘lamdagi shart-sharoit va imkoniyatlar uning hayotida, ijodida o‘z aksini topganidan dalolatdir.
Bugungi globallashuv davrida fuqarolarni, ayniqsa, o‘sib kelayotgan yosh avlodni milliy ruhda tarbiyalash, milliy qadriyat va an’analarga, milliy musiqa va san’atimizga, madaniyatimizga sodiq holda ulg‘aytirish, o‘zligini anglashiga ko‘maklashish hal qiluvchi masalalardandir. Bu borada bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan “Milliy Karaoke” loyihasi ana shunday loyihalardan biridir. Go‘zal ayni paytda O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi rahbariyatining ishonchi bilan mazkur loyihaga mas’ul bo‘lib kelmoqda.
— “Milliy Karaoke” loyihasi yoshlarimiz uchun milliy kontent yaratish maqsadida tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda platformada o‘zbek milliy, retro va zamonaviy qo‘shiqlar, maqom hamda qoraqalpoq tilidagi qo‘shiqlar joylangan, — deydi Go‘zal Abdullayeva. — Bugun youtube tarmog‘idagi obunachilarimiz soni 72 mingga yaqinlashdi. Ko‘rishlar soni esa 25 milliondan oshdi. Karaokelar soni esa 1 ming 300dan ortiqni tashkil etadi. Shuningdek, Instagram ijtimoiy tarmog‘ida 37 mingga yaqin obunachimiz bor va kontentlar millionlab ko‘rilmoqda.
Shuningdek, youtube tarmog‘idagi sahifamizda vokal bo‘yicha bepul darslar joylashtirilgan bo‘lib, eng birinchi bosqichdagi mashqlardan boshlab o‘rgatiladi. Bu yerda ovoz ustida ishlash, vokal bilimlarni boyitish imkoni bor. Ovoz sozlash mashqlarini to‘g‘ri bajarish orqali ovozni yaxshilab borish mumkin. O‘zim Bo‘stonliqdan Konservatoriyaga qatnab o‘qiganman. Qo‘shimcha vokal saboqlarini pul to‘lab o‘rganish mumkin edi. Ammo bunga imkon topolmay, qo‘shimcha o‘rganishga qiynalar edim. Shu bois ham bugungi yoshlarga qulaylik yaratish maqsadida vokaldan bepul darslarni taqdim etib borishga harakat qilaman.
Musiqiy fleshmoblar youtube tarmog‘ida keng ommalashmoqda. Bu yo‘nalishdagi kontentlar insonga yuqori kayfiyat bag‘ishlaydi. Ammo bizda bunday kontentlar kam edi. “Milliy Karaoke” loyihasidagi faoliyatim davomida skripkachi va fortepianochi yoshlar bilan birgalikda musiqiy fleshmob suratga olib, tarmoqlarimizga joyladik va birinchi urinishimizdagi ko‘rishlar soni milliondan oshdi, iliq izohlar qoldirildi. Shundan buyon insonlarga kayfiyat ulashadigan jonli ijrodagi fleshmoblarimiz ham ko‘paytirib borilmoqda.

Kelgusida jamoamizni yanada kengaytirib, musiqiy kontent va fleshmoblarimizni ko‘paytirish, viloyatlardagi tengdoshlarimizning takliflaridan kelib chiqib, viloyatlarda ham kontentlar olish, qolaversa, xorijda milliy musiqamizni targ‘ib etish niyatlarimiz bor.
San’atga bolaligimdan boshlab qiziqardim, qo‘shiqlar aytardim, ota-onam doim qo‘llagan. Ammo ayrim qarindoshlarimiz san’at yo‘nalishidan ketishimga qarshi bo‘lishgan. Bugun esa erishayotgan yutuqlarimni ko‘rib, ular ham quvonishadi.
San’at vakillari, xorijliklar sahnada opera yo‘nalishidagi chiqishlarimni ko‘rib, ovozimni e’tirof etishgan va xorijda ijod qilish bo‘yicha ko‘plab takliflar bo‘lgan. Ammo men O‘zbekistonning san’ati va madaniyatiga hissa qo‘shishni niyat qilganman. Bugungi kunda shu maqsad yo‘lida intilib kelaman, — deydi Go‘zal.
Yurtimizda Go‘zal singari iqtidor, iste’dod egalari hamisha e’tibor va e’zozda. Ularni qo‘llab-quvvatlash, tashabbuslariga yo‘l ochib berish ertangi kunimizga qo‘yilgan poydevor bo‘ladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA