Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xorijda amaliyot o‘tash imkonini qo‘lga kiritgan yoshlar
17:56 / 2022-06-07

bugungi kunda Yangi O‘zbekiston universiteti talabalari Xalqaro miqyosda nainki yurtimiz ma’rifiy salohiyati, balki tobora yangilanib borayotgan mamlakatimizning ma’rifiy sohadagi tub o‘zgarishlarni ham namoyon etmoqda.

Ma’lumki, Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Yangi O‘zbekiston universiteti talabalarining Janubiy Koreyada qisqa muddatli amaliyoti uchun ikki bosqichli saralash musobaqasi tashkil etilgan edi. Saralashning ilk bosqichi shu yilning 23-27 may kunlari bo‘lib o‘tdi. Unda talabalar har biri 5 kishidan iborat 20 ta guruhga bo‘lingan holda o‘zlarining startap loyihalari bilan ishtirok etdilar. Jamoalar ishini baholashda taqdimot g‘oyasi va ishi, uning sifat darajasi, originallik va nutqiy ravonlik kabi mezonlarga e’tibor qaratildi.  

Saralash yakunida har bir jamoa a’zosining o‘quv semestri davomida olgan akademik ko‘rsatkichlari ham e’tiborga olindi. Ilk saralash bosqichidan eng yuqori ball to‘plagan 11 nafar jamoa joriy yilning 2-3 iyun kunlari bo‘lib o‘tgan yakuniy bosqichda o‘zaro bellashdilar.  

Yakuniy bosqich natijalariga ko‘ra, eng faol va yuqori natija ko‘rsatgan 3 jamoa g‘olib deb topildi va Janubiy Koreyada ikki haftalik amaliyot o‘tash imkoniga ega bo‘ldi. Shu munosabat bilan Yangi O‘zbekiston universitetida g‘olib jamoalarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.  

Taqdirlash marosimida Prezident ta’lim muassasalari agentligi direktori Hilola Umarova, Koreya Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi elchixonasi huzuridagi harbiy attashesi, polkovnik Pak An So, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ boshqaruvi raisi Abdulla Xursanov ishtirok etdi. 

Tadbir avvalida agentlik rahbari Hilola Umarova so‘zga chiqib, talabalarni erishgan yutuqlari bilan tabrikladi va ularning keyingi faoliyatida zafarlar tiladi. Shundan so‘ng g‘olib jamoalar sertifikatlar bilan taqdirlandilar.  

Aytish kerakki, joriy yilning aprel oyida Yangi O‘zbekiston universitetining talabalari Germaniyaning Myunxen shahridagi yirik korxona va laboratoriyalarda qisqa muddatli amaliyot o‘tab kelgan edilar. Bu esa universitet talabalarining jahon standartlariga asoslangan amaliyot va ko‘nikmaga ega bo‘lishlarini ta’minlaydi. 

Shu kunning o‘zida "MS&T 22 – Materials Science & Technology" bellashuvining saralash bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tib, shu yilning 9-12 oktyabr kunlari AQSHning Pensilvaniya shtatida bo‘lib o‘tadigan asosiy bellashuvga yo‘llanma olgan universitet talabalari ham taqdirlandilar. Universitet talabalari mazkur bellashuvda O‘zbekiston terma jamoasi vakillari sifatida ishtirok etadilar. 

– Biz – besh nafar kursdoshlar bir jamoa bo‘lib, quyosh energiyasini elektr energiyasiga aylantirish ilmiy loyihasi ustida ish olib bormoqdamiz, – dedi Yangi O‘zbekiston universitetining talabasi Zarshidjon Nasimov. – Endilikda Janubiy Koreyaning Sejong universitetida mazkur loyihani yanada takomillashtirish va amaliyotga qo‘llash ustida ish olib boramiz. Bu kabi o‘quv amaliyoti bilimlarimizni mustahkamlash va kengaytirish, zamonaviy ishlab chiqarish jarayoni bilan uyg‘unlashtirishda qulay imkoniyatdir. 

– Kimyo muhandisligi bo‘yicha alyuminiy, kobalt kabi metallarning mustahkamligini oshirish ustida izlanish olib bormoqdamiz, – dedi universitet talabasi Malikabonu Sobirova. – Biz AQSHning Pensilvaniya shtatida bo‘lib o‘tadigan intellektual bellashuvda qatnashish imkonini qo‘lga kiritdik. Bilimlarimizni yanada oshirishda bu katta ahamiyat kasb etadi, deb o‘ylayman.  

Shu kunning o‘zida Yangi O‘zbekiston universiteti va "Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.  

[gallery-7477]

N.Usmonova, O‘zA muxbiri