Aldanib qolmaylik!
Yevropada ishlamoqchi bo‘lganlar uchun qanday dasturlar mavjud o‘zi?
Bir-birimizni aldab, qayergacha ham borardik? Ayni payt oilasi uchun yaxshi shart-sharoit yaratib berish, topayotgan daromadi bilan ota-onasini rozi qilish istagida vatanidan yiroqda - dunyoning turli burchaklarida mehnat qilib yurgan yurtdoshlarimiz bor.
Ammo, ular ko‘p hollarda yaxshi haq to‘laydigan xorijdagi korxonalardan ish topish maqsadida xususiy firmalarga murojaat qilmoqda. Afsuski, vatandoshlarimiz orasida konsalting kompaniyalarning yolg‘on maslahatlariga ishonib, xizmat uchun hatto pul to‘lab, aldanib qolayotganlari ham ko‘p.
Vaholanki, fuqaro xorijga o‘ynagani yoki dam olgani borayotgani yo‘q. Ular cho‘ntagidagi bor pulini berib bo‘lsa ham yaxshi daromadli ish topyapman, boriboq bir-ikki oyda chiqarib olaman deb o‘ylaydi. Aslida u litsenziyasiz xususiy firmalarga chuv tushganini va ishi yanayam orqaga ketayotganini tushunmayotgan bo‘ladi, tushunganda kech bo‘lyapti.
O‘zbekistonda aldansa-ku xo‘p mayli, chet elga yetib borib, kutilmagan “syurpriz”lar girdobida qolganga qiyin ekan. Yetib borgach, va’da qilingan ish o‘rniga fuqarolar boshqa og‘ir mehnat bilan shug‘ullanishga majbur qilinyapti. Moslashib ishlab ketgan fuqarolarimiz unisigayam ko‘nikadi, lekin maoshini ololmay tilini tishlab qolgan holatlar ham kuzatiladi. Qanday adolatsizlik…
Hamma muammo o‘zimizda, negaki qonunlarni, ayni masaladagi hujjatlarni o‘qib, o‘rganmaymiz. Huquqlarimizni bilmaymiz. Bunday hollarda rasmiy idoralar, aniqroq aytsak, Migratsiya agentligi, xususiy bandlik agentliklariga murojaat qilish maqsadga bo‘ladi. Quyidagi havolada ro‘yxati keltirilgan litsenziyaga ega xususiy firmalar bilan hamkorlik qilish to‘g‘ri bo‘ladi.
Bundan tashqari, an’anaviy davlatlar, tushunarli bo‘lishi uchun: Rossiyadan boshqa mamlakatlarda ham yaxshi ish topish imkoniyati ortib bormoqda. Yevropadagi demografik jarayonlar tufayli mintaqa ishchi kuchiga muxtoj. Shu bois, fuqarolarimiz ko‘proq maoshli ish o‘rinlariga ega bo‘lishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi fuqarolarni xorijga jo‘natish, ularni kasb-hunarga tayyorlash va eng muhimi til o‘rganishiga ko‘maklashayotgani yuqoridagi og‘riqli masalalarni bartaraf etishga yordam beryapti deyish to‘g‘ri bo‘ladi.
Agentlikning Nizolarni sudgacha va sudda hal etish bo‘limi boshlig‘i Islomjon Xamrayevning ma’lum qilishicha, vatandoshlarimizning yanayam ko‘proq daromad topishni istayotgani inobatga olinib, Yevropaning qator davlatlarida ish beruvchilar bilan hamkorlik olib borilmoqda.
Mutaxassis e’lon qilinayotgan maxsus dasturlar, chet eldagi yurtdoshlarimizga ko‘rsatilayotgan yordamlar haqida gapirib berdi. Masalan, Koreyaning KOICA agentligi bilan hamkorlikda kasb-hunarga o‘qitish markazlari tashkil etilgan. Bundan tashqari, Shvetsiyaning “Global Gate” tashkiloti bilan birgalikda O‘zbekistonda hamshiralarni ishga tayyorlab, ularga zarur ko‘nikma va til bilish darasini oshirib, so‘ngra Germaniyaga ishga yuborish bo‘yicha maxsus loyiha ham mavjud.
Birgina Germaniyaga minglab yurtdoshlarimiz jo‘natilib, ular oyiga 2000-3000 dollar atrofida maosh olyapti. Bu kabi yana qanday loyihalar bor o‘zi? Eng qiziq yana bir jihat: chet davlatda noqulay ahvolga tushib qolayotgan yurtdoshlarimizga qanday ko‘mak berilyapti?
Tahliliy video intervyuda shu va boshqa migratsiya yo‘nalishidagi muammoli masalalarga javob berilgan.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/YpDAgHY44XE" title="Xorijda $ 2000-3000 kafolatlangan maosh" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Behruz Xudoyberdiyev, Doniyor Yoqubov, Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA