Bugun dunyoda bir qator muhim voqealar ro‘y berdi: Ukraina atrofidagi urush va geosiyosiy keskinliklar fonida xalqaro xavfsizlik masalalari yanada dolzarblashdi, Meksikada yirik narkokartel rahbarining yo‘q qilinishi ortidan tartibsizliklar avj oldi, Eron va Rossiya o‘rtasidagi harbiy hamkorlik yangi bosqichga chiqdi. Shu bilan birga, Nepaldagi halokatli yo‘l-transport hodisasi va AQSH shimoli-sharqidagi kuchli qor bo‘roni insonlar hayotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi, Yaponiyada esa moliyaviy siyosat bo‘yicha ehtimoliy qarorlar muhokama markazida bo‘ldi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/i8955tdajpg" title="Zelenskiy: uchinchi jahon urushi allaqachon boshlangan" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nepalda yo‘lovchi avtobusi daryoga qulab tushdi
23-fevral kuni Nepalda Pokxara–Katmandu yo‘nalishida harakatlanayotgan avtobus Trishuli daryosiga qulab tushdi. Hodisa tungi soat 1:30 atrofida sodir bo‘lgan. Oqibatda kamida 18 kishi halok bo‘ldi, 26 nafar yo‘lovchi jarohatlanib, shifoxonalarga yotqizildi. Qutqaruv ishlariga Nepal armiyasi va Qurolli politsiya kuchlari jalb etilgan. Halok bo‘lganlar orasida Yangi Zelandiya fuqarosi bor, jarohatlanganlar orasida esa Yaponiya va Niderlandiya fuqarolari mavjud. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, tezlikni oshirish fojiaga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Zelenskiy: uchinchi jahon urushi allaqachon boshlangan
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy BBCga bergan intervyusida uchinchi jahon urushi allaqachon boshlanganini ta’kidlab, Ukraina Rossiya bilan urushda g‘alaba qozonishiga ishonch bildirdi. U Donbass masalasida hududiy yon berishni mutlaqo qabul qilib bo‘lmasligini aytdi va front chizig‘ini “muzlatish” taklifini ilgari surdi. Zelenskiyning fikricha, hududiy tanaffus Rossiyaga kuch to‘plash imkonini beradi.
Meksikada eng xavfli narkobaron “El Mencho” o‘ldirildi
Meksikada uzoq vaqt qidiruvda bo‘lgan “Xalisko yangi avlod” narkokarteli rahbari “El Mencho” Tapalpa shahrida o‘tkazilgan harbiy operatsiya chog‘ida yo‘q qilindi. Amaliyot davomida kartelning to‘rt a’zosi halok bo‘ldi, ikki nafari og‘ir jarohat oldi, uch nafar harbiy yaralandi. U AQSHga yirik miqdorda giyohvand moddalar kontrabandasi uchun javobgar bo‘lgan va uning qo‘lga olinishi uchun 15 million dollar mukofot e’lon qilingan edi. Uning o‘limi ortidan mamlakatning sakkizta shtatida tartibsizliklar kuzatildi.
Eron Rossiyadan 500 ta ko‘chma zenit majmuasi sotib oladi
Eron Rossiyadan 500 ta “Verba” mobil uchirish qurilmasi va 2 500 ta 9M336 turidagi ko‘chma zenit raketasini xarid qiladi. Qiymati 500 million yevro deb baholangan bitim 2025-yil dekabrida imzolangan bo‘lib, yetkazib berish uch yil davom etadi. Kelishuv Eron va Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik hamda mintaqadagi keskin vaziyat fonida amalga oshirilmoqda.
Nyu-Yorkda qishki bo‘ron sabab transport harakati cheklandi
Nyu-York meri Zoxran Mamdani kuchli qor bo‘roni munosabati bilan favqulodda holat e’lon qildi va 22-fevral soat 21:00 dan 23-fevralgacha muhim bo‘lmagan transport harakatini taqiqladi. Davlat maktablari yopildi, ayrimlarida isinish punktlari tashkil etildi. Sinoptiklar qor soatiga 5–7,5 santimetr tezlikda yog‘ishi, shamol tezligi esa 110 km/soatgacha yetishi mumkinligini bildirmoqda.
Onasiz maymuncha IKEA’ga millionlab dollar foyda keltirdi
Yaponiyada onasidan ajralgan Panch laqabli olti oylik orangutanga IKEA ishlab chiqargan yumshoq o‘yinchoq berilgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi. Maymunchaning o‘yinchoqni ona sifatida qabul qilishi fondida mazkur mahsulotga talab keskin oshdi. AQSH, Yaponiya va Janubiy Koreyada o‘yinchoqlar tezda sotilib ketdi, kompaniya yaqin vaqtda yana yetkazib berishni va’da qildi.
Yaponiya Markaziy banki martda foiz stavkasini oshirishi mumkin
Yaponiya Markaziy bankining sobiq kengash a’zosi Makoto Sakurayning aytishicha, agar iyena qadrsizlanishda davom etsa, bank mart oyida foiz stavkasini oshirishi mumkin. Qaror 18–19-mart kunlari bo‘lib o‘tadigan navbatdagi yig‘ilish arafasida qabul qilinishi ehtimol. Shuningdek, 2026–2027-yillarda stavkalarni yilda ikki marta oshirish zarurati yuzaga kelishi mumkinligi ta’kidlanmoqda.
Nozimbek Mardonov, Oybek Davronov (video), O‘zA