Xorij xabarlari dasturining bugungi sonida: Rossiya 36 ta davlat fuqarolarini urushga yollashni taqiqladi, Meksikada narkobaronning o‘ldirilishi ortidan minglab harbiy safarbar qilindi, Turkiyalik olimlar Oy va Mars regolitida pomidor yetishtirishga muvaffaq bo‘ldi. Shu bilan birga, Tinchlik kengashi G‘azo uchun steyblkoin yaratish imkoniyatini o‘rganmoqda, Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful Rossiya bilan muzokaralarda yon berishdan bosh tortayotganini bildirdi, va Qirg‘iziston deputatlari Qozog‘iston bilan chegara tartibini inson huquqlari va oilaviy aloqalar nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqishni talab qilmoqda.
<iframe width="640" height="480" src="https://www.youtube.com/embed/oKJEXDwrG1U?si=l06RnlTB3_cqI-zr" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Rossiya 36 ta davlat fuqarolarini urushga yollashni taqiqladi
Rossiya OAV ma’lumotlariga ko‘ra, 36 ta davlat fuqarolarini Qurolli kuchlarga shartnoma asosida yollash taqiqlangan. Ro‘yxatga Xitoy, Hindiston, Braziliya, Janubiy Afrika, Turkiya, Kuba, Afg‘oniston, Eron, Venesuela va Keniya kirgan. Markaziy Osiyodan esa 7,5 mingdan ortiq shaxs Rossiya armiyasiga yollangan. Qarorning rasmiy darajada kim tomonidan qabul qilingani noma’lum, lekin diplomatik murojaatlar natijasi bo‘lishi mumkin.
AQSH Suriyadan qo‘shinlarini olib chiqishni boshladi
AQSH Suriyadagi Hasaka viloyatidagi Qasrak bazasidan qo‘shin va texnikasini olib chiqishni boshladi. 24-fevral kuni tongda og‘ir texnika, zirhli mashinalar va harbiy xizmatchilar yuklangan o‘nlab yuk avtomobillari Iroq chegarasi tomon yo‘l olgan. Jarayon avval al-Shaddiy va al-Umar bazalaridan boshlangan bo‘lib, bir necha hafta davom etishi kutilmoqda.
Meksika narkobaron o‘limidan keyin minglab askarni safarbar qildi
Meksikada “El Mencho” laqabli narkobaronning o‘ldirilishi ortidan mamlakat bo‘ylab tartibsizliklar avj oldi. Hukumat xavfsizlikni kuchaytirish maqsadida g‘arbiy hududlarga qo‘shimcha 2,5 ming harbiy yubordi va 22-fevraldan beri jami 9,5 mingga yaqin harbiy safarbar qilindi. Operatsiya davomida El Mencho va kartelning to‘rt a’zosi halok bo‘lgan, ikki nafari og‘ir yarallangan.
Tinchlik kengashi G‘azo uchun steyblkoin yaratishni o‘rganmoqda
Tinchlik kengashi G‘azo sektori uchun steyblkoin yaratish imkoniyatini o‘rganmoqda. Loyiha aholiga raqamli tranzaksiyalar qilish imkoniyatini beruvchi vosita yaratishga qaratilgan va u AQSH dollariga bog‘lanishi kutilmoqda. Ishlab chiqishda Isroil va Falastin kompaniyalari, shuningdek, G‘azo sektorini boshqaruvchi milliy qo‘mita va BMTning sobiq maxsus vakili Nikolay Mladenov boshchiligidagi Oliy vakil boshqarmasi ham ishtirok etmoqda.
Vadeful: Germaniya Putinning ortidan yalinib yugurmaydi
Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful Ukrainada barqaror tinchlikka erishish uchun Rossiya bilan muzokaralarga tayyorligini bildirdi, ammo yon berishlardan bosh tortdi. U Berlinda o‘tgan forumda “avvalo Ukraina gapirishi kerak”ligini ta’kidladi va Germaniya Rossiya prezidentiga “yalinib yugurmasligini” qayd qildi. Vadeful, shuningdek, Germaniya Sotsial-demokratik partiyasining Putinga muzokaralarni faolroq taklif qilish chaqiriqlarini rad qildi.
Qirg‘izistonlik deputatlar Qozog‘iston bilan chegara tartibini o‘zgartirishni talab qilmoqda
Qirg‘iziston Jogorku Keneshi deputati Go‘lya Kojokulova Qozog‘iston bilan chegaradagi o‘tkazish rejimini inson huquqlari va oilaviy aloqalar nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqishni talab qilmoqda. U 90 ga 180 rejimi bilan bog‘liq cheklovlar ikki davlat hududlarida yashaydigan va ishlaydigan fuqarolarga qiyinchiliklar tug‘dirishini ta’kidladi. Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Almaz Imangaziyev esa ushbu masala uzoqdan beri muzokara qilinayotganini qayd qildi.
Turkiyalik olimlar Oy va Mars “tuprog‘i”da pomidor yetishtirdi
Turkiyalik olimlar Oy va Mars yuzasidagi tuproq qatlamiga o‘xshash sun’iy regolitda pomidor yetishtirishga muvaffaq bo‘ldi. Ege universiteti Biologiya fakulteti dotsenti Rengin Өzgur Uzilday boshchiligidagi loyiha 15 oy davomida AQSHdan keltirilgan regolitlarda tajriba o‘tkazdi. Tadqiqotda avval ekstremofit o‘simliklar bilan tuproq tuzilishi yaxshilandi, so‘ngra pomidor ko‘chatlari ekilib, hosil olindi.
Nozimbek Mardonov,Yoqub Meliboyev (video), O‘zA