Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xorij xabarlari: Tramp ma’muriyati 75 davlat fuqarolariga vizani to‘xtatgani uchun sudga berildi (+video)
21:33 / 2026-02-04

Dunyodagi eng muhim va dolzarb voqealar bilan «Xorij xabarlari» dasturi efirda — bu sonda AQSHda Tramp ma’muriyatiga qarshi vizalar bo‘yicha sud jarayoni, Liviyada Muammar Qaddafiyning o‘g‘li Saif al-Islomning o‘ldirilishi, Polshada Zelenskiyga suiqasd rejasida ishtirok etgan shaxsning sudlanishi, Ispaniyada bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarga cheklov joriy etilishi, Yaponiyada kuchli qor bo‘ronlari oqibatidagi qurbonlar hamda Egey dengizida muhojirlar bilan bog‘liq fojiali to‘qnashuv tafsilotlari haqida so‘z yuritamiz — dunyoda sodir bo‘layotgan yangiliklarni tezkor va ishonchli manbalar asosida biz bilan birga kuzatib boring.

<iframe width="640" height="480" src="https://www.youtube.com/embed/Ir-Yq9Me3TM?si=wDL_-mLRQ6hdgrDa" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Tramp ma’muriyati 75 davlat fuqarolariga vizani to‘xtatgani uchun sudga berildi

AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati 75 ta davlat, jumladan O‘zbekiston fuqarolari uchun immigratsion vizalarni vaqtincha to‘xtatgani haqida xabar bergan edik. Davlat departamenti bu qarorni «ushbu davlatlardan kelgan muhojirlar Amerika jamoatiga moliyaviy yuk bo‘lishining oldini olish» maqsadida asoslab bergandi. Shu sababli AQSH Immigratsiya guruhlari, advokatlar va fuqarolar koalitsiyasi Davlat kotibi Marko Rubio va Davlat departamentini sudga berdi. Da’voda aytishicha, qaror deyarli barcha immigratsion viza arizalarining yarmiga taalluqli bo‘lib, «jamoat zimmasiga yuk bo‘lish» haqidagi da’vo asossiz va yolg‘on. Advokatlar bu siyosatni qonunga zid va konstitutsiyaga mos kelmaydigan tizim sifatida baholamoqda. Sud jarayoni davom etmoqda, immigratsiya siyosati va fuqarolarning huquqlari masalasi esa jamoatchilik e’tiborida qolayapti.

Liviyada Muammar Qazzofiyning o‘g‘li o‘ldirildi

Liviya sobiq rahbari Muammar Qazzofiyning o‘g‘li, 53 yoshli Saif al-Islom Qazzofiy o‘ldirildi. Oila va advokatlarga tayanib, Reuters xabariga ko‘ra, o‘q jarohatlaridan vafot etgan. Hozirda Liviya bosh prokuraturasi gumonlanuvchilarni aniqlash va jinoiy ish ochish ustida ishlamoqda. Tafsilotlar turlicha talqin qilinmoqda. Ba’zi manbalarga ko‘ra, u Hamada neft koni yaqinida janglar chog‘ida halok bo‘lgan, boshqalari esa qotillik Az-Zaviya shahri yaqinidagi uy bog‘ida sodir bo‘lganini bildiradi. To‘rt hujumchi uning uyiga bostirib kirib, kuzatuv kameralarini o‘chirgan va kechasi 02:30 atrofida otishma sodir bo‘lgan.

Polshada Zelenskiyga suiqasd tayyorlashda Rossiya foydasiga josuslik qilgan erkak sudlandi

Polsha sudi 50 yoshli erkakni Rossiya maxsus xizmatlari foydasiga josuslik qilganlikda aybdor deb topdi. Tergovga ko‘ra, u 2024 yilda Ukraina prezidentiga qarshi suiqasd rejasiga yordam bergan va Rzeshov–Yasionka aeroportidagi xavfsizlik tizimi haqida ma’lumot to‘plagan. Ushbu axborot Rossiya tomonidan hujumni rejalashtirishda foydalanilishi ko‘zlangan.

Sud hujjatlarida aytilishicha, erkak Rossiya razvedkasi bilan hamkorlik qilishga o‘zi rozilik bildirgan, shuningdek «Vagner» guruhiga qo‘shilish istagini ham bildirgan. U 3 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Avvalroq Ukraina va Polsha maxsus xizmatlari Zelenskiyga qarshi dron yoki snayper orqali suiqasd rejalari barbod qilinganini ma’lum qilgan edi.

Ispaniya 16 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlaydi

Ispaniya 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlash va platformalarga yoshni tekshiruvchi tizimlarni joriy etishni talab qiladigan qonun loyihasini e’lon qildi. Bosh vazir Pedro Sanchesning so‘zlariga ko‘ra, bu choralar bolalarni qaramlik, zo‘ravonlik, pornografiya va manipulyatsiyadan himoya qilishga qaratilgan. Yangi qoidalar noqonuniy kontentni tarqatgan shaxslar va platformalarga sanksiyalarni ham nazarda tutadi. Qonun qabul qilish jarayoni kelasi haftadan boshlanadi. Shu tariqa Ispaniya Avstraliya, Fransiya va Daniya kabi raqamli xavfsizlik choralarini kuchaytirayotgan davlatlar qatoriga qo‘shildi.

Yaponiyada qor bo‘ronlari oqibatida 35 kishi halok bo‘ldi

Yaponiyada ikki haftadan beri davom etayotgan qor bo‘ronlari oqibatida 35 kishi vafot etdi. Qurbonlarning aksariyati uy tomlarini qordan tozalash yoki haddan tashqari jismoniy zo‘riqish oqibatida yurak xurujidan halok bo‘lgan. Tabiiy ofat 15 ta prefekturani qamrab olib, eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlarda qor qatlami 2 metrdan oshdi, ayrim tog‘li qishloqlarda esa 4,5 metrga yetdi. Qutqaruvchilar hanuz uylari qorga ko‘milgan odamlarning jasadlarini topishda davom etmoqda. Hozirga qadar 390 dan ortiq kishi jarohatlangan, bloklangan yo‘llarda harakat tiklanmoqda, hududlarga yordam berish uchun mudofaa kuchlari safga qo‘yilgan. Meteorologlar haroratning vaqtincha ko‘tarilishi natijasida qor ko‘chkilari va yer ko‘chishlari xavfi mavjudligini ogohlantirmoqda.

Filippinda deputatlar prezidentga impichment e’lon qilmoqchi

Filippin parlamenti deputatlari prezident Ferdinand Markosni lavozimidan olish masalasini ko‘rib chiqmoqda. U jamoatchilik ishonchiga xiyonat, korrupsiya va konstitutsiyani buzishda ayblanmoqda. Shikoyatlar Adliya qo‘mitasida o‘rganilgach, Vakillar palatasiga yuboriladi va ovozga qo‘yiladi. Tahlilchilarga ko‘ra, qo‘mita prezident tarafdorlari ustunligi sabab jarayon faollar umid qilganidek yakunlanmasligi mumkin. Agar impichment ma’qullansa, ish Senatga yuboriladi va 24 senator hakamlik qiladi. Markos ayblovlarni rad etmoqda, shu jumladan sobiq prezident Duterteni hibsga olish va davlat mablag‘ini suiiste’mol qilish bo‘yicha da’volarni ham.

Egey dengizida qayiq to‘qnashuvi: 15 qurbon

Gretsiyaning Xios oroli yaqinida Egey dengizida Turkiyadan muhojirlarni olib kelayotgan rezina qayiq patrul kemasiga to‘qnashuv oqibatida 15 kishi halok bo‘ldi. Hodisa oldidan qayiq orqaga qaytishga chaqirilgan, ammo to‘qnashuv qanday yuz bergani aniq emas. Hodisa joyida 25 yo‘lovchi qutqarilgan, bir kishi keyinchalik shifoxonada vafot etgan. Qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda, qirg‘oq qo‘riqlash xodimlari ham jarohatlangan. Qurbonlarning millati hozircha ma’lum emas. Gretsiya Yevropaga noqonuniy yo‘l bilan yetib borishga urinayotgan muhojirlar uchun asosiy yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Yevropada inson huquqi tashkilotlari Afina siyosatini bir necha bor tanqid qilgan, Afina esa ayblovlarni rad etib, muhojirlarni majburan qaytarish amaliyoti yo‘qligini ta’kidlaydi.

Nozimbek Mardonov, Oybek Davronov (video), O‘zA