20 yanvar sanasida dunyo axborot maydonida tarqalgan eng muhim voqealar bilan tanishing: Yevropa Ittifoqining Grenlandiya bo‘yicha favqulodda yig‘ini, Suriyada ISHID mahbuslarining qochishi, Rossiya prezidentining «Tinchlik kengashi»ga taklif etilishi, Bolgariya prezidentining iste’fo qarori, Xitoy demografiyasidagi keskin o‘zgarishlar hamda dunyo milliarderlari boyligi bo‘yicha rekord ko‘rsatkichlar haqida so‘nggi xabarlarni xorij xabarlari dasturida tomosha qiling.
Yevropa Grenlandiya masalasida favqulodda yig‘ilish o‘tkazadi
Grenlandiya atrofidagi geosiyosiy vaziyat keskinlashuvi munosabati bilan Yevropa Kengashi yaqin kunlarda favqulodda yig‘ilish o‘tkazadi. Kengash prezidenti Antoniu Koshtaga ko‘ra, yig‘in Yevropa Ittifoqi davlatlari o‘rtasida harakatlarni muvofiqlashtirish va keyingi qadamlarni belgilash maqsadida chaqirilmoqda. OAV xabar berishicha, yig‘ilish 22 yanvar kuniga rejalashtirilgan bo‘lib, unda AQSH prezidenti Donald Tramp tomonidan Yevropa davlatlariga nisbatan joriy etilishi mumkin bo‘lgan tariflar hamda Grenlandiya bilan bog‘liq vaziyat muhokama qilinadi. Yevropa tomoni Daniya tarkibidagi Grenlandiyaning hududiy yaxlitligini qat’iy himoya qilib kelmoqda.
Rossiya prezidenti «Tinchlik kengashi» tarkibiga taklif etildi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin G‘azoni tiklash va barqarorlashtirish bilan shug‘ullanishi rejalashtirilayotgan «Tinchlik kengashi» tarkibiga taklif etildi. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, Rossiya bu taklifni o‘rganmoqda va masala yuzasidan AQSH bilan maslahatlashuvlar o‘tkazish rejalashtirilgan. Bloomberg xabariga ko‘ra, Donald Tramp tashabbusiga binoan, kengashda doimiy a’zolik uchun davlatlar kamida 1 milliard dollar badal to‘lashi kerak bo‘ladi.
Dunyo milliarderlari boyligi tarixiy rekordga chiqdi
2025 yilda dunyodagi milliarderlarning jami boyligi tarixiy rekordga chiqib, 18,3 trillion dollarga yetdi. Bu haqda «Oxfam» tashkilotining Davos forumi arafasida e’lon qilingan hisobotida ma’lum qilindi. Unga ko‘ra, o‘ta boy qatlam boyligi bir yilda 16,2 foizga oshgan va ilk bor milliarderlar soni 3 ming nafardan oshgan. Shu bilan birga, dunyoning eng boy 12 nafari, jumladan Ilon Mask, Yer aholisining eng kambag‘al yarmidan ko‘ra ko‘proq boylikka egalik qilmoqda.
Xitoyda aholi soni to‘rtinchi yil qisqardi
Xitoyda 2025 yilda tug‘ilish darajasi tarixiy eng past ko‘rsatkichga tushdi, aholi esa ketma-ket to‘rtinchi yil qisqardi. Davlat statistikasiga ko‘ra, aholi soni 3 million 390 ming kishiga kamayib, 1 milliard 404 million nafarni tashkil etdi. CNN ma’lum qilishicha, har ming kishiga 5,63 nafar tug‘ilish ko‘rsatkichi mamlakat tarixida eng past daraja hisoblanadi.
Davosda Grenlandiya masalasi muhokama qilinadi
Diplomatik manbalarga ko‘ra, bir qator mamlakatlarning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchilari Davosda bo‘layotgan Jahon iqtisodiy forumi doirasida Grenlandiya masalasini muhokama qilish uchun uchrashadi. Reutersga ko‘ra, kun tartibiga bu masala AQSH prezidenti Donald Trampning Arktikadagi orol bo‘yicha siyosiy bayonotlari sabab kiritilgan.
Bolgariya prezidenti iste’fo e’lon qildi
Bolgariya prezidenti Rumen Radev 20 yanvar kuni iste’foga chiqish niyatini e’lon qildi. U murojaatida xalqdan uzr so‘rab, qarorini kelajakdagi barqarorlikka bo‘lgan ishonch bilan izohladi. Radev 2017 yildan beri davlat rahbari bo‘lib kelayotgan, uning vakolati 2027 yilda tugashi kerak edi.
Suriyada ISHID mahbuslari qochib ketdi
Suriya sharqidagi Shaddadi qamoqxonasidan ISHIDga a’zo taxminan 120 nafar mahbus qochib ketdi. Reuters xabar berishicha, ulardan 81 nafari qayta qo‘lga olingan. Kurd manbalari esa qochganlar soni 1500 nafarga yaqin bo‘lishi mumkinligini bildirmoqda. Hodisa hozirda tekshirilmoqda.
Dunyoda bo‘layotgan voqealar shu bilan tugamaydi. Daqiqa sayin o‘zgarishlar va yangilanishlar bisyor. Ularni biz bilan birga kuzatib boring.
<iframe width="640" height="480" src="https://www.youtube.com/embed/SBUJNT9aRbc?si=E_lkTeJN7ZwpeD1_" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nozimbek Mardonov, Oybek Davronov O‘zA