Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inning 13 yoshli qizi mamlakat yadroviy kuchlari boshqaruvida faol ishtirok etayotgani haqida OAV xabar berdi; Rossiya prezidenti Vladimir Putin esa suiqasdlar ortidan generallar va kuch tuzilmalari xavfsizligini kuchaytirishni buyurdi. Turkiyada F-16 Fighting Falcon qiruvchi samolyoti halokatga uchrab, uchuvchi vafot etdi. AQSH Moliya vazirligi kiberxavfsizlik choralari doirasida O‘zbekiston fuqarosini ham sanksiya ro‘yxatiga kiritdi. Qozog‘iston Olmaotada migratsiya qonunchiligini buzgan 40 nafar o‘zbekistonlikni deportatsiya qildi. Fransiyada esa Luvr muzeyi direktori Lorans De Kar 88 million yevroga baholangan o‘g‘rilikdan to‘rt oy o‘tib lavozimini tark etdi; uning iste’fosini prezident Emmanuel Makron qabul qildi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/F6oLtTRhYwI" title="Putin generallarning xavfsizligini oshirishni buyurdi, suiqasdlar ortidan choralar kuchaytirildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kim Chen Inning 13 yoshli qizi Shimoliy Koreya yadroviy kuchlari boshqaruvida ishtirok etmoqda
Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inning 13 yoshli qizi mamlakat yadroviy kuchlari faoliyatida ishtirok etayotgani haqida OAV xabar berdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, u raketa dasturlari bo‘yicha hisobotlar qabul qilmoqda va harbiy jarayonlarda qatnashmoqda. Janubiy Koreya tahlilchilari bu holatni uning ehtimoliy voris sifatida tayyorlanayotgani bilan izohlamoqda. Shimoliy Koreya 1940-yillardan buyon Kimlar sulolasi tomonidan boshqarib kelinmoqda.
Putin generallar xavfsizligini kuchaytirishni buyurdi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin suiqasdlar ortidan generallar va huquq-tartibot idoralari xodimlari xavfsizligini oshirish bo‘yicha topshiriq berdi. U xavfsizlik choralarini kuchaytirish, ayniqsa chegara hududlarida nazoratni oshirish zarurligini ta’kidladi. Bayonot Moskvada sodir bo‘lgan portlash ortidan yangradi va terrorizmga qarshi kurashni yanada faollashtirish talab qilindi.
Turkiyada F-16 qiruvchi samolyoti halokatga uchradi
Turkiyaning Balikesir viloyatida F-16 Fighting Falcon harbiy samolyoti rejali parvoz vaqtida halokatga uchradi. Samolyot radarlardan yo‘qolganidan so‘ng qishloq yaqiniga qulagan va uchuvchi vafot etgan. Hodisa joyiga qutqaruv xizmatlari jalb etilgan, holat yuzasidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Afg‘oniston va Pokiston chegarasida qurolli to‘qnashuv
Afg‘oniston va Pokiston kuchlari o‘rtasida chegara hududida qurolli to‘qnashuv yuz berdi. Tomonlar bir-birini o‘q uzishda ayblamoqda. Ziddiyatlar avvalgi havo zarbalaridan keyin keskinlashgani aytilmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hududda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.
AQSH O‘zbekiston fuqarosiga sanksiya joriy etdi
AQSH Moliya vazirligi kiberxavfsizlik choralari doirasida bir qator shaxs va kompaniyalarga sanksiyalar kiritdi. Ro‘yxatdan O‘zbekiston fuqarosi ham joy olgan. Amerika tomoni bu qarorni kiberjinoyatlar va maxsus dasturiy “eksployt”lar savdosi bilan bog‘lamoqda.
Qozog‘iston 40 nafar o‘zbekistonlikni deportatsiya qildi
Qozog‘istonning Olmaota shahrida migratsiya qonunchiligini buzgan 40 nafar O‘zbekiston fuqarosi mamlakatdan chiqarib yuborildi. Rasmiylarga ko‘ra, ularga nisbatan ma’muriy choralar qo‘llanib, chegaragacha kuzatib qo‘yilgan. Migratsiya nazorati kuchaytirilgani ta’kidlanmoqda.
Luvr direktori iste’foga chiqdi
Parijdagi Luvr muzeyi direktori Lorans De Kar 88 million yevroga baholangan o‘g‘rilikdan to‘rt oy o‘tib lavozimini tark etdi. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron uning iste’fosini qabul qildi. O‘g‘rilikda imperator kolleksiyasiga tegishli qimmatbaho buyumlar o‘g‘irlangan, tergov ishlari davom etmoqda.
Nozimbek Mardonov, O‘zA