Bugungi «Xorij xabarlari» dasturida dunyodagi eng dolzarb voqealarni bir joyga jamladik. Eron yadroviy kelishuv bo‘yicha sanksiyalar bekor qilinsa, uran zaxiralarini qisqartirishga tayyorligini bildirdi. Liviya qirg‘oqlarida migrantlar qayig‘i halokatga uchrab, o‘nlab insonlar halok bo‘ldi. Janubiy Koreyada demografik muammolarni hal qilish bo‘yicha bahsli taklif jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘ldi. Rossiyada mehnat migrantlariga nisbatan yangi cheklovlar rejalashtirilmoqda. Kubada yonilg‘i tanqisligi sabab aviaparvozlar izdan chiqdi. Chechenistonda tarqalgan feyk xabarlar muhokamasi va Turkiyaning yadroviy xavf haqidagi ogohlantirishi — barchasi ushbu videoda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/th4hM4whVo4" title="Migrantlar oilasi uchun Rossiyada yangi tartib" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Eron xalqaro sanksiyalar bekor qilinsa, yuqori darajada boyitilgan uran zaxiralarini qisqartirishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Eron Atom energiyasi tashkiloti rahbari Muhammad Islomiyning ta’kidlashicha, 60 foizgacha boyitilgan uran miqdorini kamaytirish faqat barcha cheklovlar olib tashlangan taqdirdagina mumkin. MAGATE hisobotiga ko‘ra esa, mavjud zaxiralar 90 foizga yetkazilsa, to‘qqizta yadroviy qurol yaratish uchun yetarli bo‘ladi. G‘arb davlatlari bu holatni xavotir bilan kuzatmoqda, tomonlar esa muzokaralarni davom ettirishga kelishib olgan.
Liviya qirg‘oqlari yaqinida migrantlar bo‘lgan rezina qayiq ag‘darilib, 53 nafar inson halok bo‘ldi. Qayiqda jami 55 kishi bo‘lgan bo‘lib, faqat ikki nafar ayol omon qolgan. Unda Afrikaning turli davlatlaridan chiqqan qochqinlar va migrantlar Yevropaga yetib borishga urinayotgan edi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil boshidan buyon O‘rta yer dengizi orqali o‘tish paytida yuzlab insonlar halok bo‘lgan yoki bedarak yo‘qolgan.
Janubiy Koreyada esa tug‘ilish darajasini oshirish maqsadida xorijlik ayollarni jalb qilish taklifi katta bahslarga sabab bo‘ldi. Jindo okrugi rahbari yosh ayollarni Vetnam yoki Shri-Lankadan olib kelib, qishloq hududlaridagi erkaklarga turmushga berishni taklif etgan. Bu bayonot jamoatchilik noroziligiga sabab bo‘lib, diplomatik e’tirozlardan so‘ng rasmiylar uzr so‘rashga majbur bo‘ldi.
Rossiya hukumati mehnat migrantlarining oila a’zolarini mamlakatga olib kelish tartibini keskinlashtirishni rejalashtirmoqda. Yangi qonun loyihasiga ko‘ra, har bir oila a’zosi uchun yetarli daromad mavjudligi tasdiqlanishi, shuningdek bolalar uchun soliq to‘lovlari amalga oshirilishi talab qilinadi. Belgilangan me’yorlarga rioya qilinmagan hollarda migrantlarning yashash ruxsatnomalari bekor qilinishi mumkin.
Kubada aviatsiya yonilg‘isi tanqisligi parvozlar jadvaliga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Gavana aeroportida xorijiy aviakompaniyalarga vaqtincha yonilg‘i quyish to‘xtatilgan. Ayrim reyslar bekor qilingan bo‘lib, minglab sayyohlar orolda qolib ketgan. Rasmiylar inqiroz AQSH tomonidan joriy etilgan yangi bosim choralari bilan bog‘liq ekanini bildirmoqda.
Checheniston rahbari Ramzan Qodirov o‘g‘li bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi haqida tarqalgan xabarlarni inkor qildi. U bu ma’lumotlarni feyk deb atab, sun’iy intellekt orqali yolg‘on axborot tarqatish osonlashib borayotganini ta’kidladi hamda kiberjinoyatlarga qarshi kurash kuchaytirilishini ma’lum qildi.
Turkiya tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan esa mintaqada yadroviy qurolga ega davlatlar soni ortib borsa, Anqara ham bunday poygada ishtirok etishga majbur qolishi mumkinligini bildirdi. U ayrim mamlakatlarning yadroviy imkoniyatlarni oshirishga urinishi butun hudud uchun jiddiy xavf tug‘dirishini qayd etdi.
Nozimbek Mardonov, Yoqub Meliboyev (video), O‘zA