Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xorij xabarlari: Janubiy Koreya sobiq prezidenti umrbod qamoqqa hukm qilindi (+video)
21:31 / 2026-02-19

Bugungi «Xorij xabarlari» dasturida Janubiy Koreya sobiq prezidenti Yun Sok Yolning umrbod qamoqqa hukm qilinishi, Isroilning Eron bilan keskinlik fonida urushga tayyorgarlik ko‘rayotgani, Vengriya va Slovakiyaning Ukrainaga dizel eksportini to‘xtatgani, Rossiyada namoz o‘qigan o‘zbekistonlik migrantning deportatsiya qilinishi, Xitoyda xorijda farzandlari yashaydigan amaldorlar lavozimi pasaytirilayotgani, NATOning Boltiq bo‘yida yirik desant mashqlari hamda Gruziyada radioaktiv moddalar savdosiga uringan ikki shaxsning qo‘lga olinishi haqida batafsil ma’lumot beriladi. Dunyodagi eng muhim siyosiy va harbiy voqealarni biz bilan kuzating.Janubiy Koreya sobiq prezidenti umrbod qamoqqa hukm qilindi

<iframe width="640" height="480" src="https://www.youtube.com/embed/nnLGa3N4wCU?si=hsTknR7A73DAVfqi" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Janubiy Koreya sobiq prezidenti umrbod qamoqqa hukm qilindi

Janubiy Koreya sobiq prezidenti Yun Sok Yol isyon uyushtirishda aybdor deb topilib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. Yonhap xabariga ko‘ra, sud uning 2024-yil dekabrida harbiy holat joriy etish haqidagi qarorini konstitutsiyaviy tuzumga tahdid sifatida baholagan. U avval impichment orqali lavozimidan chetlatilgan va hibsga olingan edi. Shuningdek, Yun Sok Yolning rafiqasi Kim Gon Xi ham pora sifatida qimmatbaho sovg‘alar olganlikda aybdor deb topilib, 1 yil 8 oyga ozodlikdan mahrum etilgan. Ular mamlakat tarixida bir vaqtning o‘zida qamoqqa olingan ilk juftlik bo‘ldi.

Isroil urushga tayyorgarlikni boshladi

Isroil armiyasi yuqori jangovar shay holatga keltirildi, fuqarolik mudofaasi va qutqaruv xizmatlari urush ehtimoliga tayyor turishga chaqirildi. AQSHning Eronga zarba berish ehtimoli bilan bog‘liq bo‘lib, Isroil kuchlari ham operatsiyada ishtirok etishi mumkin. Bosh vazir Binyamin Netanyaxu rahbarligida mas’ul rahbarlar maslahatlashuv o‘tkazgan, Eronning javob zarbasi xavfi ham muhokama qilingan. AQSH Davlat kotibi Marko Rubio 28-fevralda Isroilga tashrif buyurib, Netanyaxu bilan Eronga bog‘liq masalalarni muhokama qilishi rejalashtirilgan. AQSH armiyasi 21-fevraldan zarba berishga tayyor, biroq prezident Donald Tramp yakuniy buyrug‘ini kutmoqda. 

Vengriya va Slovakiya Ukrainaga dizel eksportini to‘xtatdi

Vengriya va Slovakiya 18-fevraldan boshlab Ukrainaga dizel yonilg‘isi yetkazib berishni to‘xtatdi. Rasmiy bayonotlarga ko‘ra, bunday qaror «Do‘stlik» neft quvuridagi tranzit muammolari va Rossiya neftining Ukrainadan o‘tishi bilan bog‘liq. Vengriya tashqi ishlar vaziri Ukrainani siyosiy qaror bilan quvurni ta’mirlashni amalga oshirmayotganlikda aybladi, Slovakiya esa ichki bozorni himoya qilish maqsadida eksportni to‘xtatganini bildirdi. Xorvatiya Vengriya va Slovakiya so‘rovini rad qilgan, Yevropa Komissiyasi esa har ikki davlatda yetarli zaxiralar mavjudligini ta’kidladi. Shu bilan birga, Ukrainada Rossiya zarbalari tufayli qishki energetik inqiroz davom etmoqda, tranzit to‘xtashi esa dizel ta’minotiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.

Rossiyada yotoqxonada namoz o‘qigan o‘zbekistonlik migrant deportatsiya qilinadi

Rossiyada yotoqxonada namoz o‘qigan O‘zbekiston fuqarosi jarimaga tortilib, mamlakatdan chiqarib yuboriladi. Bu haqida Kommersant nashri xabar berdi. Nijnevartovsk tuman sudi qaroriga ko‘ra, erkakning ibodatlari va diniy faoliyati ommaviy xarakterga ega bo‘lgan, xonaga erkin kirish imkoniyati sababli boshqa yashovchilarga ta’sir qilgan. Sud unga 30 ming rubl jarima solib, Rossiyadan majburiy deportatsiya qilishni buyurdi. Sud qarorida deportatsiya erkakning Rossiyada ijtimoiy aloqalari, ko‘chmas mulki va qarindoshlari yo‘qligi bilan asoslangan. 

Xitoyda xorijda farzandlari yashaydigan amaldorlar lavozimi pasaytirilmoqda

Xitoy hukumati korrupsiyaga qarshi kurash doirasida oilasi xorijda yashaydigan amaldorlar ustidan nazoratni kuchaytirdi va ularni pastroq lavozimlarga o‘tkazmoqda. Mahalliy matbuot ma’lumotiga ko‘ra, bu choralar davlat idoralari va yirik kompaniyalardagi yuqori lavozimli rahbarlarni qamrab oladi. Endilikda bunday amaldorlar o‘zlari haqida muntazam ravishda dolzarb ma’lumot berishga majbur va lavozim tushirilishi ehtimoliy korrupsiya xavfini kamaytirishga qaratilgan profilaktik chora sifatida tushuntiriladi. Mazkur qaror Xitoy rahbari Si Szinpin boshchiligida olib borilayotgan keng qamrovli antikorrupsiya kampaniyasining bir qismi bo‘lib, davlat idoralari, biznes va qurolli kuchlar doirasida poraga qarshi murosasiz kurash davom etmoqda. 

NATO Boltiqbo‘yi sohilida desant mashqlarini o‘tkazmoqda

Germaniyaning Kil shahri yaqinida NATOning taxminan 3000 nafar harbiy xizmatchisi Boltiqbo‘yi sohiliga desant tushirish bo‘yicha mashqlar o‘tkazdi. Amfibiya operatsiyasida Ispaniya va Turkiyadan 250 nafar harbiy ishtirok etib, aviatsiya va flot ko‘magida sohilga tushirildi. Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius mashqlarni Rossiya tahdidini tiyib turish va alyansning birdamligi hamda jangovar tayyorgarligini namoyon etish maqsadida o‘tkazilganini bildirdi. 

Gruziyada ikki xorijiy fuqaro uran va seziy sotib olishga uringani uchun qo‘lga olindi

Gruziyada ikki xorijiy fuqaro uran va seziy-137 moddalarini $3 mln dollar evaziga sotib olishga uringani uchun qo‘lga olindi. Mamlakatning Davlat xavfsizlik xizmati ma’lumotiga, ular moddalarni terrorchilik maqsadlarda ham foydalanilishi mumkin bo‘lgan davlatga olib chiqishni rejalashtirgan. Qo‘lga olingan shaxslar bir necha hafta davomida Gruziyaga takroriy tashrif buyurgan va sotib olish hamda tashishga tayyorgarlik ko‘rgan. Jinoyat ishi Gruziya Jinoyat kodeksi 230-moddasida nazarda tutilgan «yadroviy materiallar yoki radioaktiv moddalarning noqonuniy aylanishi»bo‘yicha qo‘zg‘atilgan bo‘lib, unga ko‘ra 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.

Nozimbek Mardonov, 

Oybek Davronov (video), O‘zA