Janubiy Koreya mehnat migrantlari uchun koreys tili talablarini kuchaytirdi, Gonkongda media magnat Jimmi Lay 20 yilga qamaldi, Ilon Mask Oy va Marsda shaharlar qurish rejalarini e’lon qildi, Hindistonda yarmarkada attraksion qulashi oqibatida politsiya xodimi halok bo‘ldi, Germaniyada avtomobil sanoati inqirozga uchrayapti va Turkiyada yangi seysmik faollik kuzatilayotgani bois hukumat aholini ehtiyotkorlikka chaqirdi, shuningdek Eron yadroviy dastur bo‘yicha yangi muzokaralar bosqichiga tayyorligini ma’lum qildi — dunyodagi eng so‘nggi va muhim yangiliklarni biz bilan birga tezkor va ishonchli manbalar asosida kuzatib boring.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Noq4qIcwTKU" title="Janubiy Koreya migrant ishchilar uchun koreys tili talabini kuchaytirdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Janubiy Koreya mehnat migrantlari uchun koreys tili talablarini kuchaytirdi. EPS tizimi doirasida mamlakatga kelayotgan ishchilar uchun suhbat ballari oshirilib, xavfsizlik va ish jarayonlarini tushunish bo‘yicha sinovlar yanada qat’iylashtirildi. Bu chora sanoatdagi baxtsiz hodisalarning yuqori ulushi bilan izohlanmoqda. Yangi me’yorlar 2026 yildan 17 ta hamkor davlatda amal qiladi.
Gonkongda media magnat Jimmi Lay milliy xavfsizlikka qarshi jinoyatlarda aybdor deb topilib, 20 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Apple Daily gazetasi asoschisi xorijiy kuchlar bilan hamkorlikda ayblangan bo‘lib, sud uning harakatlarini eng og‘ir toifaga kiritishini ta’kidladi. Uning sog‘lig‘i yomonlashayotgani haqida oila a’zolari xavotir bildirmoqda.
SpaceX asoschisi Ilon Mask Oyda aholi punkti barpo etish va yaqin yillarda Marsda shahar qurilishini boshlash rejalarini e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Marsga parvozlar har 26 oyda amalga oshiriladi, to‘liq shahar barpo etish esa o‘nlab yillarni talab qiladi. Shu bilan birga, NASA ham 2026 yilda insonlarni Oyga qayta yuborishni rejalashtirmoqda.
Hindistonning Faridabod shahrida yarmarka vaqtida odamlar bo‘lgan attraksion qulab tushib, 13 kishi jarohat oldi. Yordamga oshiqqan bir politsiya xodimi esa keyinchalik vafot etgan. Hodisa bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, maxsus komissiya tekshiruv olib bormoqda.
Germaniyada avtomobil sanoati chuqur inqirozga yuz tutdi. Yirik ishlab chiqaruvchilar zavodlarni yopish va minglab ish o‘rinlarini qisqartirish rejalarini e’lon qildi. “MAN” kompaniyasi 2 ming 300 ish o‘rnini qisqartirmoqchi bo‘lsa, “Volkswagen” 35 mingdan ortiq xodim bilan bog‘liq o‘zgarishlarni rejalashtirmoqda. Bu holat Berlin va Myunxenda ommaviy namoyishlarga sabab bo‘lmoqda.
Turkiyaning janubiy hududlarida yangi seysmik faollik qayd etildi. Davlat favqulodda vaziyatlar xizmati yer qa’ri harakatlarini kuchaytirilgan tarzda kuzatib bormoqda va aholini ehtiyotkorlikka chaqirmoqda. Rasmiylar mamlakat faol tektonik hududda joylashgani sababli zilzila xavfi doimiy ekanini ta’kidlamoqda.
Eron esa yadroviy dastur bo‘yicha yangi muzokaralar bosqichiga tayyor ekanini bildirdi. Tehron diplomatik yo‘l bilan kelishuvlarga qaytish, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni tiklash va xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan muloqotlarni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.
Nozimbek Mardonov, Oybek Davronov O‘zA