Dunyodagi eng muhim va dolzarb voqealar bilan «Xorij xabarlari» dasturi efirda — bu sonda Indoneziyada dunyodagi eng uzun ilonning aniqlanishi, Moskvada rossiyalik generalga uyushtirilgan suiqasd, Qozog‘istonda ijtimoiy uy-joy bilan bog‘liq firibgarlik fosh etilishi, Xitoyning sun’iy yo‘ldoshlarni ishdan chiqara oladigan yangi quroli, AQSHning fuqarolarini Eronni tark etishga chaqiruvi, Germaniyada armiyaga yoshlarni jalb qilish choralari hamda Google tarixidagi eng yuqori daromad ko‘rsatkichi haqida so‘z yuritamiz — dunyoda sodir bo‘layotgan yangiliklarni biz bilan birga tezkor va ishonchli manbalar asosida kuzatib boring.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/_ZTa0tQvsHs?si=IuTG25LxrgAA6tZd" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Indoneziyada dunyodagi eng uzun ilon aniqlandi
Indoneziyaning Sulavesi orolida 2025 yil oxirida tutib olingan urg‘ochi gigant piton dunyodagi eng uzun ilon deb topildi va 2026 yil fevralda Ginnes rekordlar kitobiga kiritildi. Rasmiy o‘lchovlarda ilonning uzunligi 7,22 metrni tashkil qilgan, vazni esa 96,5 kilogramm bo‘lgan. Mutaxassislar hayvon sog‘lig‘iga zarar yetmasligi uchun tanasini to‘liq bo‘shashganda mumkin bo‘lgan 7,9 metrgacha cho‘zishni amalga oshirmagan. Hozirda piton mahalliy tabiatni muhofaza qiluvchi mutaxassis Budi Purvanto nazorati ostida saqlanmoqda. Noodatiy sudralib yuruvchi «Ibu Baron» nomi bilan atalgan va jamoatchilik e’tiborini ushbu noyob namunaga qaratish maqsad qilingan.
Moskvada rossiyalik generalga suiqasd qilindi
Moskvada Rossiya Mudofaa vazirligi general-leytenanti Vladimir Alekseyevga 6 fevral kuni ertalab Volokolamsk shossesidagi turar joy binosida noma’lum shaxs tomonidan bir necha marotaba o‘q uzildi. General shifoxonaga olib ketilgan va uning ahvoli og‘ir ekani aytilmoqda. Hodisa yuzasidan Jinoyat kodeksining bir necha moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, tergov Moskva prokuraturasi nazoratiga olingan. Alekseyev AQSH va Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga tushgan, Ukraina razvedkasi esa uni bosib olingan hududlarda soxta referendumlar o‘tkazish hamda raketa va havo hujumlari uchun ma’lumot tayyorlashda javobgar deb hisoblaydi. Bu Rossiya harbiy rahbarlariga suiqasd qilingan birinchi holat emas.
Afg‘onistonlik shaxs o‘zini qozoqday ko‘rsatib, ijtimoiy uy sotib oldi
Pavlodar viloyatida Afg‘oniston fuqarosi o‘zini qozoq sifatida ko‘rsatib, qandaslar uchun mo‘ljallangan ijtimoiy to‘lovlar hisobiga kvartira sotib olgani aniqlangan. Tergov natijasida u oldindan soxta hujjatlar taqdim qilib, 20 million tenge, taxminan 40,5 ming dollar qiymatidagi uyni noqonuniy olgani ma’lum bo‘ldi. Prokuratura jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida sudga iltimosnoma kiritgan va sud mulkni davlat foydasiga musodara qilish to‘g‘risida qaror chiqargan. Sud qarori hozircha qonuniy kuchga kirmagan, tergov esa davom etmoqda.
Xitoy sun’iy yo‘ldoshlarni ishdan chiqaradigan mikroto‘lqinli qurol yaratdi
Xitoylik olimlar past Yer orbitasidagi sun’iy yo‘ldoshlarni ishdan chiqarishga qodir TPG1000Cs mikroto‘lqinli qurolni ishlab chiqdi. Qurilma bir daqiqa davomida 20 gigavattgacha impuls hosil qilishi mumkin va amerikalik milliarder Ilon Maskga tegishli Starlink tizimiga zarar yetkazishi yoki uni ishdan chiqarishi mumkin. Qurol uzunligi 4 metr, og‘irligi 5 tonnani tashkil etadi va uni yuk mashinasi, harbiy kema yoki samolyotga o‘rnatish mumkin. Ekspertlar yangi Xitoy qurolining kosmosni harbiylashtirish imkoniyatlarini muhokama qilmoqda. AQSH Kosmik kuchlari razvedkasiga ko‘ra, Xitoyning harbiy-kosmik salohiyati keskin oshgan. Bu qurilma, ayniqsa, mintaqaviy mojarolarni nazorat qilish vositasi sifatida ishlatilishi mumkinligi ta’kidlanmoqda.
Германия o‘smirlarni armiyaga jalb qilmoqda
Germaniya hukumati askarlar yetishmovchiligi sababli yoshlarni harbiy xizmatga jalb qilishning yangi usullarini izlamoqda. Hozirgi baholashga ko‘ra, GFR armiyasiga NATO oldidagi majburiyatlarini bajarish uchun taxminan 80 ming askar yetishmaydi. Shu sababli 15 yoshdan boshlab o‘smirlar maxsus tanishuv dasturlarida qatnashib, harbiy qismlarda bir necha kun yashash va o‘zlarini askar sifatida sinab ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Hukumat vakillari bunday dastur yoshlarning armiyaga qiziqishini oshiradi, degan umidda. Biroq o‘smirlar va yoshlarning xizmatga munosabati hanuz qat’iy emas — ko‘pchilik ijtimoiy ish yoki fuqarolik karerasini tanlashni afzal ko‘rmoqda. Agar kadrlar yetishmovchiligi davom etsa, Germaniya kelajakda xizmatga yuboriluvchilarni aniqlash uchun qur’a tashlash kabi qat’iy choralarni ham ko‘rib chiqishi mumkin.
Google tarixidagi eng yuqori daromadga erishdi
Google’ga egalik qiluvchi Alphabet kompaniyasi tarixda birinchi marta yillik daromadi 400 milliard dollardan oshganini qayd etdi. 2025 yilning to‘rtinchi choragi moliyaviy hisobotiga ko‘ra, Cloud bo‘linmasi yillik daromadi 70 milliard dollar, YouTube daromadi esa reklama va obunalar hisobiga 60 milliard dollarini tashkil qilgan. Shuningdek, Google One va YouTube Premium pulli foydalanuvchilari soni 325 milliondan oshgan. Gemini sun’iy intellekt platformasi ishga tushirilgandan so‘ng uning auditoriyasi 750 million foydalanuvchidan oshdi, Google qidiruv xizmatidan foydalanish bo‘yicha rekord o‘rnatildi va kompaniya AI Mode vositalarida avtomatlashtirilgan to‘lov funksiyasini joriy etishni rejalashtirmoqda.
Nozimbek Mardonov, Doniyor Yakubov (video) — O‘zA