Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xorij xabarlari: Belarus delegatsiyasi «Tinchlik kengashi» yig‘ilishiga borish uchun viza ololmadi
08:51 / 2026-02-21

Bugun dunyoda bir qator muhim voqealar ro‘y berdi: AQSH prezidenti Donald Tramp noma’lum uchar jismlar va o‘zga sayyoralliklar haqidagi hujjatlarni oshkor qilishni buyurdi, Buyuk Britaniya qiroli Charlz III ning akasi Endryu 12 soatlik so‘roqdan so‘ng qo‘yib yuborildi, Qozog‘iston, Indoneziya, Marokash, Kosovo va Albaniya G‘azo sektoridagi Xalqaro barqarorlik kuchlariga o‘z harbiylarini yuborishini e’lon qildi.

Yaponiyaning Osaka shahrida noma’lum donor suv tizimini ta’mirlash uchun 21 kg oltin xayriya qildi, Peru Kongressi 80 yoshdan oshgan so‘l qanot deputat Xose Mariya Balkazarni muvaqqat prezident etib sayladi, Italiya Milan va Cortina d’Ampezzodagi Paralimpiya o‘yinlarida Rossiya va Belarus sportchilarining milliy ramzlar bilan ishtirokini rad qildi, va Belarus delegatsiyasi AQSHda bo‘lib o‘tgan Tinchlik kengashi yig‘ilishiga viza ololmagani sabab qatnashmadi

Tramp UFO hujjatlarini oshkor etishni buyurdi

AQSH prezidenti Donald Tramp federal idoralarga o‘zga sayyoralliklar, noma’lum uchar jismlar (UFO) va shubhali hodisalar bilan bog‘liq hukumat fayllarini oshkor qilishni topshirdi. Reuters xabariga ko‘ra, 20fevral kuni Tramp Pentagon rahbari Pit Xegset va boshqa mas’ul tuzilmalarga tegishli ma’lumotlarni e’lon qilishni buyurdi. Oq uy rahbari bu masalaga jamoatchilik qiziqishi yuqori ekanini ta’kidladi.

Bundan avval Tramp sobiq prezident Barak Obamani o‘zga sayyoralliklar haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilganlikda ayblagan, biroq bunga dalil keltirmagan. Obama esa podkast va ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlarida prezidentlik davrida o‘zga sayyoralliklarning Yer bilan aloqa o‘rnatganiga oid hech qanday dalil ko‘rmaganini bildirdi.

Qirol Charlz III ning akasi 12 soatlik so‘roqdan so‘ng qo‘yib yuborildi

Buyuk Britaniya qiroli Charlz III ning akasi Endryu Mauntbetten-Vindzor 19 fevral kuni hibsga olingan va qariyb 12 soatlik so‘roqdan so‘ng qo‘yib yuborildi. The Guardian xabariga ko‘ra, u Айлшамdagi politsiya bo‘limida “tergov ostida ozod qilingan” maqomida chiqib ketgan, tergov harakatlari esa davom etmoqda.

Politsiya sobiq shahzodan mansab vakolatini suiiste’mol qilish gumoni bilan ushlanganini bildirgan, biroq tafsilotlarni oshkor qilmagan. Avvalroq Charlz III 2025 yil oktabrda ukasini unvonlardan mahrum qilgan edi. Endryu ilgari amerikalik moliyachi Jeffri Epshteyn bilan aloqalari sabab jamoatchilik tanqidiga uchragan. U o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad etmoqda va Epshteyn bilan do‘st bo‘lganidan afsusda ekanini bildirgan.

Qozog‘iston va yana to‘rt davlat G‘azoga harbiy yuboradi

Indoneziya, Marokash, Qozog‘iston, Kosovo va Albaniya G‘azo sektorida tuzilayotgan Xalqaro barqarorlik kuchlari tarkibida ishtirok etishini e’lon qildi. Reuters agentligiga ko‘ra, general-mayor Jasper Djeffers bildirishicha, kuchlar G‘azoning yujbdagi Rafa shahriga joylashtirilib, asosan politsiyachilarni tayyorlash bilan shug‘ullanadi.

Misr va Iordaniya esa politsiya xodimlarini o‘qitish majburiyatini olgan. Umumiy tarkib 20 ming harbiydan iborat bo‘lishi, shuningdek 12 ming nafar politsiyachi tayyorlanishi rejalashtirilgan.

Yaponiyada noma’lum donor suv tizimiga 21 kg oltin hadya qildi

Yaponiyaning Osaka shahrida noma’lum shaxs eskirgan suv quvurlarini ta’mirlash uchun 21 kilogramm oltin xom-ashyosini xayriya qildi. BBC xabariga ko‘ra, bu xayriyaning qiymati 560 million yena, taxminan 3,6 million dollar.

Yaponiyada suv va kanalizatsiya infratuzilmasining eskirishi jiddiy muammoga aylangan. Osakada 2024-moliya yilida yo‘llar ostidagi suv quvurlarida 90 dan ortiq nosozlik holati qayd etilgan. Mamlakatda quvurlarning 20 foizdan ortig‘i 40 yillik xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan. 2025 yilda Saytama prefekturasida kanalizatsiya quvuri yorilishi oqibatida yuzaga kelgan o‘pirilishda yuk mashinasi chuqurlikka tushib ketib, haydovchi halok bo‘lgan edi.

Peruda muvaqqat prezident etib Xose Mariya Balkazar saylandi

Peru Kongressi 80 yoshdan oshgan so‘l qanot deputati Xose Mariya  Balkazarni mamlakatning muvaqqat prezidenti etib sayladi. Bu haqda The Guardian xabar berdi. U aprel oyida o‘tkaziladigan umumiy saylovlarga qadar davlatni boshqaradi.

Balkazar 2016 yildan buyon Peruni to‘qqizinchi prezidenti bo‘ldi. U ikkinchi tur ovoz berishida konservativ nomzod María del Carmen Alvani mag‘lub etdi. Qaror sobiq prezident José Jeri xitoylik tadbirkorlar bilan bog‘liq mojaro ortidan lavozimidan chetlatilganidan so‘ng qabul qilindi. Balkazar avvalroq bolalar nikohini taqiqlash bo‘yicha qonun loyihasiga qarshi chiqqan va bahsli bayonotlari bilan jamoatchilik e’tiboriga tushgan edi.

Italiya Rossiya va Belarus sportchilarining milliy ramzlar bilan ishtirokini rad qildi

Italiya hukumati 2026 yil Yozgi Paralimpiya doirasida Milan va Cortina d'Ampezzoda o‘tkaziladigan o‘yinlarda rossiyalik va belarus sportchilarining o‘z bayroqlari hamda madhiyalari ostida ishtirok etishiga qarshi ekanini bildirdi. Bu haqda Italiya tashqi ishlar vaziri Antonio Tajani ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, sportchilar faqat neytral maqomda ishtirok etishi mumkin. Tegishli bayonot sport vaziri Andrea Abodi bilan birgalikda imzolangan. Avvalroq Xalqaro paralimpiya qo‘mitasi Rossiya va Belarus sportchilariga “ikki tomonlama taklifnoma” asosida o‘yinlarda ishtirok etish imkonini berganini tasdiqlagan edi. Ukraina esa ochilish marosimida ishtirok etmasligini bildirib, siyosiy boykot e’lon qilgan.

Belarus “Tinchlik kengashi” yig‘ilishiga borolmadi

AQSH prezidenti Donald Tramp tashabbusi bilan Vashingtonda o‘tgan “Tinchlik kengashi”ning ilk yig‘ilishida Belarus delegatsiyasi ishtirok eta olmadi. Minsk ma’lumotiga ko‘ra, Belarus tashqi ishlar vaziri Maksim Rijenkov forumda qatnashishi rejalashtirilgan, biroq delegatsiyaga viza berilmagan.

Belarus TIV bayonotida barcha hujjatlar belgilangan tartibda va oldindan topshirilgani, shunga qaramay vizalar rasmiylashtirilmagani qayd etilgan. “Tinchlik kengashi” 22 yanvar kuni Davosdagi Butunjahon iqtisodiy forumi doirasida rasman ta’sis etilgan. Vashingtondagi yig‘ilishda 47 davlat vakillari ishtirok etgan.

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Kax69Rvoe4U" title="Belarus delegatsiyasi “Tinchlik kengashi” yigʻilishiga borish uchun viza ololmadi " frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Nozimbek Mardonov,

Oybek Davronov (video), O‘zA