Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xorij tajribasi bo‘lsa-da, o‘zbekona ish yuritsak: va’daboz quruvchilar sabab ijarama-ijara yurganlar bor...
12:22 / 2022-03-02

Uy-joy bugungi kunda nihoyatda dolzarb masalalardan biridir.

Mamlakatimizda yosh oilalarni, turar joyga ehtiyoji bor insonlarni uy-joy bilan ta’minlash masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Bu borada Prezident farmonlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari e’lon qilindi. 

Shu bois ham uy-joy qurilishi borasida xususiy sektorning ulushi oshib, butun respublika miqyosida qurilish korxonalarining soni so‘ngi yillarda keskin ko‘paydi. Albatta bu raqobat muhitining paydo bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda. 

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga kelib tushayotgan murojaatlar shuni ko‘rsatmoqdaki, xususiy qurilish korxonalarining ko‘payishi maydonga va’daboz quruvchilarni kirib kelishiga ham sabab bo‘lmoqda. Xorazm viloyati, Urganch shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga Shovot tumani «Uzun ko‘l» mahallasida yashovchi Dilnur Jumaniyozov murojaat qilib, «Art Xaus» MCHJ qurayotgan yangi uylardan xonadon olish uchun boshlang‘ich to‘lov sifatida 50 million pul mablag‘ini to‘lagan.

Shartnoma shartiga asosan 2020-yil 1-oktyabrida yangi uyning qurilish ishlari tugatilib, xonadonlar o‘z egalariga topshirilishi lozim bo‘lgan. D.Jumaniyozov 2021 yil fevral oyiga qadar oyma-oy uy uchun qolgan to‘lovlarni ham to‘lab kelgan. Uysiz bo‘lgan, qishning sovug‘ida, yozning saratonida ijarama-ijara yurgan insonlar bu qanday og‘ir holat ekanligini yaxshi biladi. Kutish bunday paytda og‘riqli jarayon. Yangi xonadonga ko‘chishni kutishdan charchagan fuqaro Urganch shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga ariza bilan murojaat qilishga majbur bo‘lgan. 

Aslida har qanday sabrning ham chegarasi bor. Iste’molchining arzi jamiyat xodimlari tomonidan jiddiy o‘rganildi. «Art Xaus» MCHJ tomonidan qurilayotgan uy yaqin orada qurilish ishlarini tugatmasligi ayon bo‘ldi. Federatsiya xodimlarining astoydil qilgan harakatlari sabab iste’molchi Dilnur Jumaniyozovga uy-joy uchun to‘lagan mablag‘i o‘z vaqtida qaytarib berildi. 

Korxonaga xorijiy nom qo‘yish bilan ish bitmaydi. «Art Xaus» kabi korxonalar qurayotgan imoratlarni jahon standartlari talabiga mos qilib qurib, o‘z vaqtida foydalanishga topshirishlari lozim. Xorij tajribasi bo‘lsa-da, va o‘zbekka xos fazilatlar bilan ish yuritsak, har qanday sohada rivojlanishga erishish mumkin.



Gulnoza Sharafova,

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini 

himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Matbuot xizmati xodimi