French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xorij nashrida milliy urf-odat va an’analarimiz, milliy liboslarimiz haqida
14:56 / 2021-08-05

Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) qoshidagi Madaniyat institutining «ECO Heritage» jurnalida «An’anaviy o‘zbek milliy liboslari» sarlavhali maqola chop etildi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi ma’lum qilgan.

Maqolada har bir mamlakatning milliy xususiyatlarini urf-odatlar, an’analar, taomlar va liboslardan farqlash mumkinligi qayd etilgan. «O‘zbek milliy liboslarining o‘ziga xosligi iqlim, turmush sharoiti, urf-odat va an’analar bilan ajralib turadi. O‘zbek milliy liboslari juda yorqin, chiroyli va shinam», deya e’tirof etiladi maqolada.

«O‘zbekistonda milliy bosh kiyim – bu o‘zbek  do‘ppisi hisoblanadi. Maxsus  bayram tantanalari uchun yorqin va rang-barang kashta va naqshlarga, oltin kashtalar bilan bezatilgan nafis do‘ppilar tikiladi», deb yozadi «ECO Heritage» muallifi.

Nashrga ko‘ra, an’anaviy o‘zbek xotin-qizlari liboslari, asosan, xon-atlas va shoyidan tikiladi. Bayram tantanalarida o‘zbek ayollari kiyadigan liboslar ham atlas matosidan tayyorlanadi va ularda turli kashtalardan foydalaniladi. «O‘zbek ayollari uch xil — do‘ppi, ro‘mol va sallaga o‘xshagan  bosh kiyimlardan foydalanadi. Xotin-qizlarning an’anaviy bayram kiyimlarining ajralmas qismi oltin va kumushdan yasalgan sirg‘alar, bilakuzuklar, marjon kabi zargarlik buyumlari hisoblanadi», - deyiladi materialda.

Maqolada ota-bobolari merosini davom ettirib kelayotgan hunarmandlar sulolalari mehnati samarasida O‘zbekistonning zargarlik san’ati an’analari saqlanib, avloddan-avlodga o‘tib kelayotganiga alohida to‘xtalib o‘tilgan: «O‘zbekiston zargarlik do‘konlarida o‘zbeklarga xos milliy uslubda tayyorlangan oltin va kumush mahsulotlarni ko‘rishingiz mumkin. O‘zbek zargarlarining betakror uslubiga bo‘lgan qiziqish mamlakat tashqarisida ham ortib bormoqda. O‘zbekiston zargarlik san’ati ajdodlar tomonidan ming yillar davomida to‘plangan bilim va hunarmandchilik sirlarini asrab-avaylab, davom ettirib kelinayotgan  o‘ziga xos milliy madaniyatdir».

Shuningdek, maqolada 2020 yil 15-18 dekabr kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan «O‘zbekistonning madaniy merosi – yangi Uyg‘onish davri poydevori» IV xalqaro kongressi va Madaniy meros haftaligi natijalariga alohida o‘rin berilgan. Madaniy meros haftaligi doirasida tashkilotchilar tomonidan «Milliy liboslar - yangi Uyg‘onish davri durdonasi» modalar namoyishi, kitoblar yarmarkasi, amaliy san’at ko‘rgazmasi, madaniy merosni asrash va tiklashga bag‘ishlangan ilmiy uchrashuvlar va boshqa tadbirlar o‘tkazilgani ta’kidlangan.

Maqolada «Milliy liboslar — yangi Uyg‘onish davri durdonasi» modalar  namoyishidagi milliy o‘zbek liboslarida ko‘p yillik an’analar aks etgani alohida qayd etilgan. «Bu jarayonga turli mutaxassislar - san’atshunoslar, dizaynerlar, modelerlar, tarixchilar jalb etildi. 19-asr oxiri — 20-asr boshlaridagi O‘zbekistonning turli hududlaridan 50 nusxaga yaqin tarixiy liboslarning keng to‘plami namoyish etildi», deb yozadi «ECO Heritage».

Ta’kidlash joizki, mazkur maqolada e’tirof etilgan milliy urf-odat va an’analarimiz, milliy liboslarimiz — milliy o‘ziga xosligimizning yorqin ifodasidir. Milliy an’ana va odatlarimizning xorijiy nashrlarda, qolaversa, xalqaro tashkilotlar tomonidan alohida e’tirof etilishi milliyligimizning keng targ‘ibotiga xizmat qiladi.

 

Muhtarama Komilova, O‘zA