FOTOREPORTAJ
Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Namangan viloyat filialida Avstriyadan tashrif buyurgan mahoratli kardioxirurglar ishtirokida mahorat darslari va noyob jarrohlik amaliyotlari o‘tkazildi.
Filial Avstriyaning “AME International GmbH” kompaniyasi bilan 10 million AQSH dollarilik loyihani amalga oshirgan bo‘lib, uning doirasida markazga 65 turdagi 360 dan ziyod so‘nggi rusumdagi tibbiyot jihozlari keltirildi. Bu markazda amalga oshirilayotgan noyob jarrohlik amaliyotlari ko‘lamini yanada kengaytirdi. Loyiha doirasida qator Yevropa davlatlaridan taniqli kardiojarrohlarning kelishi, o‘tkazilayotgan mahorat darslari, noyob jarrohlik amaliyotlari eng avvalo fuqarolarimiz salomatligini asrashga xizmat qilmoqda.
[gallery-23054]
Mixael Grimm va Daniyel Xyofer Avstriya davlati Insburg shahridagi klinikalardan birining taniqli kardioxirurglari sanaladi. Yuqoridagi loyiha doirasida markazga o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashish maqsadida kelishgan.
Avstriyadagi klinika yurak yetishmovchiligi, o‘pka, yurak ko‘chirish kabi operatsiyalari bilan mashhur. Avvallari ushbu jarrohlik amaliyotlari katta kesish orqali amalga oshirilgan bo‘lsa, endilikda invaziv usulida kichik teshik orqali bajarilayotgani bemorlar reabilitatsiyasiga ham ijobiy ta’sir o‘tkazmoqda.
– Biz Namangandagi kardiologiya markaziga ilk bor tashrif buyurgan bo‘lsakda, ko‘pchilik shifokorlar bilan yaxshi tanishmiz, - deydi professor Mixael Grimm. – Ular o‘tgan yili Insburgdagi klinikamizda bo‘lishgan va bugun amalga oshiriladigan noyob jarrohlik amaliyotlari aynan shu kardioxirurglar bilan hamkorlikda o‘tkaziladi. Bu o‘zaro tajriba almashish, kelgusida xuddi shunday operatsiyalarni o‘tkazishda qo‘l keladi, deb o‘ylayman.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA